5. Bolalarni mehnatga o’rgatish shakl va vositalari Mehnat tarbiyasi maqsadga muvofiq, tizimli, izchil tashkil etiladi. Mehnat ta'limi sinf xonalari, o'quv-tajriba maydoni, mashina-traktor saroyi, o'quv-tarbiyaviy tadbirlar jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari va xo'jaliklarning dalalarida olib boriladi. Natijada ma'lum qiymatga ega bo'lgan ijtimoiy-foydali mahsulotlar yaratiladi hamda ilg'or kasb sohiblariga xos bo'lgan shaxslik fazilatlari shakllanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda mehnat ta’limining mazmuni, maqsad va vazifalari o'zgardi, texnologik ta'lim ustuvorlik kasb etdi, o'quvchilarni kasbga yo'naltirish tizimi yangilandi. Mehnatni ilmiy tashkil etishning birinchi darsini ham o'quvchi ta'lim jarayonida oladi. Mehnat tarbiyasi bilan mehnat ta'limi bir-biri bilan o'zaro bog'langan. Mehnat faoliyati ma'lum bilimga ega bo'lishni talab etadi. Zero, bilim va ko'nikmalar o'quvchini mehnat faoliyatiga tayyorlaydi. Ta'lim jarayonida olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko'radilar, umumiy mehnat jarayonida o'quvchilarning kombinatlar, jamoa hamda fermer xo'jaliklari, korxona, zavod va fabrikalarda texnik va texnologik bilimlari mustahkamlanadi, shuningdek, ular tashkilotchilik malakalariga ham ega bo'ladilar.
So'nggi yillarda o'quvchilar mehnat tarbiyasiga jamoatchilik katta e'tibor bermoqda. Yirik fermer xo'jaliklari, qo'shma korxonalarning jamoalari maktablarni otaliqqa olmoqda, ularning moddiy bazasini yaratish, o'quvchilarning bilim olishlari, ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil etishda yordam bermoqdalar.
Mehnat faoliyati
O’quv mehnati
Ijtimoiy foydali mehnat
Unumli mehnat
O’z-o’ziga xizmat
12-Rasm. Mehnat faoliyatining asosiy turlari Mehnat faoliyatining asosiy turlari quyidagilardir: O'quv mehnati o'quvchilarning ilmiy bilimlar hamda turli fanlar asoslarini o'zlashtirishga yo'naltirilgan faoliyati turidir.
Ijtimoiy-foydali mehnat shaxsni har tomonlama kamol toptirish hamda uning muayyan ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga yo'naltirilgan hamda ijtimoiy mehnat xarakteridagi faoliyati turidir.
Hozirgi davrda ta'lim muassasalarida o'z-o'ziga xizmat keng yo’lga qo'yilmoqda. O'z-o'ziga xizmat o'quvchilarning ijtimoiy va o'quv ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning o'zlari tomonidan amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati turidir. O'quvchilarning navbatchiligi o'z-o'ziga xizmat qilishni tarkib toptirishning muhim shaklidir.
Unumli mehnat turlari xilma-xildir. Masalan, o'quvchilarning mehnat haftaligi, chorvaga yem-xashak tayyorlash va shirkat xo'jaliklarida faoliyat yuritish va boshqalar. Unumli mehnat — o'quvchilar mehnatining eng ommaviy shakli sanaladi.
O'quvchilar hozirgi davrda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatida ishtirok etadilar, Dorivor o'simliklar, urug'larni yig'ish, maktab binolarini ta'minlashda qatnashmoqdalar, fermer, shirkat va jamoa xo'jaliklarida ishlab chiqarishni tashkil etishda ishtirok etmoqdalar. Ayni vaqtda, juda ko'plab maktablarda yordamchi xo'jalik mavjud. Korxona va xo'jaliklar ta'lim muassasasiga majmuaviy yondashuv asosida mehnat tarbiyasini tashkil etishga ko'maklashmoqdalar. O'quvchilar ishlab chiqarish subyektlarining iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishadilar, Bu jarayon ularni turli kasblarni egallash shartlari va sharoitlari bilan tanishtirishga yordam beradi.
Mehnat tarbiyasi o'quvchilarni mehnatga psixologik va amaliy jihatdan tayyorlashni nazarda tutadi. Zero, mavjud sharoitda ro'y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar shaxs kamolotiga nisbatan juda katta talablarni qo'ymoqda. Xususan, mehnatga muhim ijtimoiy burch sifatida qarash, ma'lum faoliyatni bajarishda mas'uliyatni his etish, mehnatga va uning natijasi, shuningdek, mehnat jamoasiga hurmat, mehnat faoliyatini tashkil etishda tashabbuskorlik, faollik ko'rsatish, o'z aqliy va jismoniy qobiliyatini to'liq namoyon etishga boigan ichki ehtiyoj, mehnatni ilmiy tashkil etish yo'lida amaliy harakatni olib borish shular jumlasidandir.
Mehnatga psixologik jihatdan tayyor bo'lish esa tarbiyaviy ishlar tizimida amalga oshirilib, ularning har biri quyidagi vazifalarni hal etishga yordam beradi:
- o'quvchilar tomonidan mehnatning ijtimoiy ahamiyati, mehnatni tashkil etish hayotiy zaruriyat ekanligining anglab yetilishiga erishish;
- ularda mehnat faoliyatini amalga oshirishga nisbatan rag'bat uyg'otish;
- o'quvchilarda mehnat ko'nikma va malakalarini shakllantinsh va hokazolar.
Jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar, mulkka egalik, xususiy mulkni yaratish yo'lida qonun doirasida olib borilayotgan amaliy faoliyatni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan ijtimoiy harakatlar mehnat tarbiyasiga yangicha yondashuvni talab etmoqda.
Ota-onalar va oilaning katta yoshli a’zolari tomonidan oila sharoitida tashkil etiladigan mehnat tarbiyasi mehnatga, mehnat faoliyati natijalariga ijobiy munosabatni shakllantira olishi lozim. Oilada mehnat tarbiyasini tashkil etishda ota-onalar quyidagi vazifalarning ijobiy hal etishga e’tibor qaratishlari kerak:
tushuntirish, suhbat orqali bolalarga mehnat, uning ahamiyati va mohiyatini anglatish;
shaxsiy namuna ko’rsatish, shuningdek, atrofdagilarning ibrati asosida bolalarda mehnat qilishga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish;
bolalarda o’qish ham mehnat ekanligi to’g’risidagi tushunchani hosil qilish;
turli o’quv qurollari, kichik yoshli bolalar uchun rangli, o’smir va o’spirinlar uchun esa ularning yoshiga mos ertak, qissa, sarguzasht kitoblarni sovg’a qilish orqali bolalarning o’qishga bo’lgan qiziqishlarini rivojlantirish;
farzandlar bilan birgalikda mehnat qilish, uy xo’jaligini yuritish, uy-ro’zg’or ishlarini bajarish asosida bolalarda amaliy mehnat ko’nikmalarini shakllantirish;
“ustoz-shogird” an’anasiga ko’ra farzandlarning turli hunar sirlaridan voqif bo’lishiga erishish, shuningdek, qiziqishlari asosida ularni bo’lajak kasbiy faoliyatga tayyorlash;
mehnat va iqtisodiy tarbiyani umumlashtirish asosida bolalarni oila sharoitida mehnatsevarlik va tejamkorlikka o’rgatish.
Mehnat shaxsning jismoniy jihatdan sog’lom, baquvvat, mustahkam xarakter va qat’iy iroda egasi bo’lishi uchun sharoit yaratish bilan birga unda ma’naviy-axloqiy, aqliy sifatlarni ham tarbiyalaydi. Buning mohiyati shundaki, birinchidan, shaxs o’zi mehnat qilgandagina o’zgalarning mehnatini, ular mehnati hisobidan yaratilgan ne’matlarni qadrlaydi, ikkinchidan, mehnat qilar ekan, u qanday yo’l tutsa, vaqt sarfini qisqartish, ish sifatin oshirishga muvaffaq bo’lishni, mahsulot tayyorlayotganda esa uning shakli, rangini o’zgartirishga yangicha yondashishni, atrofdagilarga chiroyli ko’rinishda taqdim etish haqida fikrlaydi. Fikrlash jarayoni esa shaxsning “aqlini charxlaydi”, bolalarni “ishni rejali olib borish, vaqtdan unumli foydalanish, tejamkor bo’lish” ga o’rgatadi.
Ota-onalar mehnatning bola shaxsini shakllantirishdagi ahamiyatini yuqori baholash bilan birga oila muhitida ularni mehnatga jalb etishda muayyan shartlarni ham yodda tutishlari zarur. “Bolalar tomonidan bajariladigan oilaviy yumushlar ularning jismoniy va aqliy kamoloti darajasidan ortiq bo’lmasligi, ularning tezda toliqishlari yoki mayib bo’lishlariga sabab bo’lmasligi lozim. Bolalar zimmasiga ularning yoshi, rivojlanish darajasi, jismoniy quvvatiga muvofiq yumushlarning taqsimlab berilishi, berilgan topshiriqlarning bajarilishi va ularning sifatini kattalar tomonidan nazorat qilib turish, bajarilgan topshiriqlarning haqqoniy bahosiga ega bo’lgan havasini oshiradi, unda o’z kuchiga bo’lgan ishonchni yuzaga keltiradi”.
Oilada mehnat tarbiyasi bilan bir vaqtda aqliy tarbiya ham olib borilishi lozim. Oilaning tarbiyaviy vazifalari sirasida ota-onalarning farzandlar o’rtasida aqliy tarbiyani tashkil etishi ham muhim ahamiyatga ega. Ota-onalar oila muhitida aqliy tarbiyani samarali tashkil etishga e’tibor qaratar ekan, asosiy maqsad bolalarni “ilm-fan, texnika va texnologiya sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangilik va kashfiyotlardan xabardor qilish, ijtimoiy va tabiiy fanlar bo’yicha bilimlarni berish orqali ularda tafakkur, dunyoqarashni rivojlantirish”3dan iborat ekanligini nazarda tutishlari lozim. SHuningdek, oila muhitida tashkil etiladigan aqliy tarbiya jarayonida ota-onalar quyidagi vazifalarni samarali hal etishga erisha olishlari muhimdir:
1. Turli ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar hamda jurnallar yordamida, shuningdek, Internet axborot tarmog’i vositasida bolalarni ilmiy ma’lumotlar bilan tanishtirib borish.
2. Bolalarni ilm-fan, texnika va texnologiya sohalariga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirish orqali ularda ilmiy bilimlarni o’zlashtirishga nisbatan ongli munosabatni qaror toptirish.
3. Oila sharoitida uy-ro’zg’or ishlarini bajarish, ayniqsa, elektr asboblari bilan ishlash, turli jihozlarni tayyorlash, texnika (Masalan: mashina, mototsikl, veloseped, moped, telefon, mobil telefon va b.q.) hamda mashiy texnika buyumlari (muzlatkich, mikro to’lqinli pech, gaz, televizor, radio, magnitafon, sovutkich va h.k.), uy-ro’zg’or jihozlari (shkaf, shifonьer, javon, stol, stul, krovat, divan, kreslo va b.q.)ni ta’mirlashda bolalar tomonidan o’zlashtirilgan nazariy ilmiy bilimlarni amalda qo’llay olish ko’nikmalarini shakllantirish.
4. Ilm-fan va texnika sohalarida yuksak natijalarga erishgan yoki texnika, maishiy texnika hamda uy-ro’zg’or jihozlarini yasash, ta’mirlash bo’yicha alohida mahoratga ega shaxslar faoliyati namunasida bolalarda o’zlarining ilmiy bilimlarini doimiy ravishda boyitib borish istagini yuzaga keltirish.
5. Oila muhitida bolalarda ilmiy bilimlarni samarali, puxta o’zlashtirishga yordam beradigan “psixologik qobiliyatlar (nutq, diqqat, xotira, tafakkur, ijodiy xayol) va xususiyatlar (aniq maqsadga intilish, qiziquvchanlik, kuzatuvchanlik, mustaqil fikrlash, ijodiy tafakkur yuritish, o’z fikrini asoslash, mavjud ma’lumotlarni umumlashtirish, guruhlashtirish, mantiqiy xulosalar chiqarish va h.k.)ni rivojlantirish” ga erishish.