Mavzu: Turli guruhlarda tabiat burchagida o‘simlik va hayvonlarni parvarishlash va ularga g`amxo‘rlik qilish, taxminiy mashg`ulot ishlanmalarini tuzish Reja
Mavzu: Turli guruhlarda tabiat burchagida o‘simlik va hayvonlarni parvarishlash va ularga g`amxo‘rlik qilish, taxminiy mashg`ulot ishlanmalarini tuzish Reja: 1.Hayvonlar va o‘simliklarni to‘g‘ri tanlash va jihozlash.
2. Hayvonlar va o‘simliklarni to‘g‘ri parvarish qilish.
3. Guruhlar bo‘yicha hayvonlar va o‘simliklarni to‘g‘ri joylashtirish.
Kichik yosh guruh ekologik markazi uchun o‘simlik va hayvonlarni tanlashda eng avvalo bolalarning narsalarni idrok etish xususiyatlari shuningdek, ta’limiy masalalar nazarda tutiladi. Kichkintoylar 2-3 xil o‘simlikni bilib olishlari va ularning asosiy qismlarini (bargini, poyasini, gulini) farqlay olib, nomlarini aytishlari lozim.
Kichik guruhdagi bolalar o‘simliklarni parvarish qilishga jalb qilinadilar: ular o‘simliklarga suv quyadilar (suvni kattalar tayyorlab beradi, qancha quyish lozimligini ham ular ko‘rsatishadi), nam latta bilan o‘simliklarning barglarini artadilar. Hayvonlarni kuzatar ekanlar, bolalar hayvonlarni tashqi aniq belgilariga: gavda qismlari, harakatlanish xarakteri, chiqaradigan ovozlari va hokazolarga ko‘ra tanib olishni, tanasining asosiy qismlarini farqlashni o‘rganib oladilar. Tarbiyachi bolalarni kuzatishga, savolni aniqlashga, diqqatni kuzatilayotgan narsaga qaratib, uncha murakkab bo‘lmagan harakatlaridan foydalanishga, kuzatish jarayonida berilgan savollarga javob qaytarishga o‘rgatadi.
Kichik yosh guruhning ekologik markazga asosiy qismlari (poyasi, bargi) aniq ifodalangan va yorqin, qiyg‘os hamda uzoq gullaydigan o‘simliklar joylashtiriladi. Masalan: xina, azaliya, fuksiya, xitoy atirguli va hokazolar. Aytib o‘tilgan turlardan yil davomida kuzatish uchun 3-4 o‘simlik tanlanadi. Ularning ba’zilari 2 nusxada bo‘lishi lozim. Bular ichidan bolalar bir xil o‘simliklarni topib, ajratib ko‘rsatishni o‘rganadilar.
Kichik guruh ekologik markaziga akvarium joylashtiriladi. Akvariumga kichkintoylarning idrok etish xususiyatlaridan kelib chiqib, chiroyli rangdagi, yilning ko‘p qismida faol yashaydigan, ozuqani shoshib-pishib yeydigan baliqlarni tanlash lozim (masalan, oddiy tilla baliq, tilla yoki kumush rangdagi tovon baliqlar). Kichik yosh guruhlarning ekologik markazida qushlarni ham saqlash mumkin. Qushning patlari chiroyli, o‘zi xushchaqchaq bo‘lishi, ovqat tanlamasligi, qafasda ham sayrashi maqsadga muvofiqdir. Kanareyka xuddi shunday qushlardandir. Biroq imkon bo‘lsa, sa'va, snegirni ham saqlash lozim. Kichik yosh guruh ekologik markazida sut emizuvchilarni doimo saqlash mumkin emas.