2. Jinoyatchilikning oldini olish sub’ektlari faoliyati va ularning vazifalari. «Jinoyatlar profilaktikasi» tushunchasining ta’rifi uning asosiy (o’ziga xos) tarkibiy elementlari yoki tarkibiy qismlarini ajratishni nazarda tutadi. Bunday chuqur tahlilsiz umumiy tushunchani tavsiflash mumkin emas. Shu nuqtai nazardan, jinoyatlar profilaktikasi, eng avvalo, harakatni (harakatlar majmuini) yoki muvofiqlashtirilgan harakatlar tizimini, ya’ni muayyan ijtimoiy sub’ektlarning jinoyatni vujudga keltiruvchi shart-sharoit va sabablarga barham berish yoki ularni neytrallashtirish maqsadida muayyan narsalar va hodisalarga (omillarga) ta’sir ko’rsatish bo’yicha faoliyatini anglatadi. Juda ko’p mualliflar jinoyatlar profilaktikasi deganda aynan harakat (faoliyat)ni tushunadi. K.E.Igoshev va V.S.Ustinov juda to’g’ri ta’kidlab o’tganidek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tushunchasi huquqiy tartibga solishning ijtimoiy mexanizmi buzilishining oldini olish va bunga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan davlat va jamoatchilik faoliyatini belgilash uchun qo’llanilishi lozim33.
Lekin jinoyatlar profilaktikasi tushunchasiga ta’rif berishda mazkur asosiy element (harakat yoki faoliyat)ni ko’rsatish bilan kifoyalanmaslik kerak. Muayyanroq ko’rinishda jinoyatchilikka qarshi kurash bilan bog’liq har qanday faoliyat,shu jumladan jinoyatlar profilaktikasi ham kriminogen omillarga barham berishga, jinoyatchi shaxsining shakllanishiga yo’l qo’ymaydigan shart-sharoit yaratishga qaratilgan ijtimoiy sub’ektlar o’rtasidagi tegishli ijtimoiy munosabatlarni anglatadi.
Shu sababli jinoyatlarning oldini olish bo’yicha faoliyatning elementlari jamuljam holda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning o’ziga xos tizimini tashkil etadi34.Ijtimoiy munosabatlar o’z holicha murakkab ijtimoiy hodisadir. Huquq sohasida ular tomonlarning muayyan huquqlari va yuridik majburiyatlari ko’rinishida namoyon bo’ladi. Binobarin, profilaktika faoliyati nafaqat yuridik jihatdan mustahkamlab qo’yilgan muayyan huquqlarni ro’yobga chiqarishni balki bunday faoliyat ishtirokchilarining tegishli majburiyatlari bajarilishini ham anglatadi.Ijtimoiy faoliyat yoki harakatlar majmui faoliyat sub’ektlarini nazarda tutadi, zero, har qanday faoliyat bu faoliyatni amalga oshiruvchining mavjudligini nazarda tutadi va bunday sub’ektlarning asosiy doirasini belgilash muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Adabiyotlarda profilaktika sub’ektlari doirasini belgilashga nisbatan har xil yondashiladi. Masalan, A.A.Gertsenzon, N.R.Mironov va boshqalar jinoyatlarning oldini olish sub’ektlari sifatida faqat davlat va jamoat tashkilotlarini ko’rsatadilar. Jinoyatlarning oldini olish tushunchasiga berilgan ba’zi bir ta’riflarda nafaqat jamoat tashkilotlari, balki fuqarolar ham ko’rsatilmagan.
A.E.Jalinskiy jinoyatlar profilaktikasi sub’ektlari deganda faqat jismoniy shaxslarni tushunadi va ularni jinoiy faoliyatga jalb etilganlik darajasiga qarab tasniflaydi.Holbuki, jinoyatlarning oldini olish nafaqat so’zning keng ma’nosidagi ijtimoiy jarayonni davlat tomonidan boshqarishning o’ziga xos usuli, balki ko’p sub’ektli kompleks, jinoyatchilikka ta’sir ko’rsatishning har xil metodlari va chora-tadbirlarni qamrab oluvchi harakatlar tizimi hamdir. Yu.D.Bluvshteyn profilaktika faoliyati sub’ektining asosiy belgilarini qayd etishni taklif qiladi. Uning fikricha, bunday belgilar qatoriga quyidagilar kiradi:
- jinoyatlar profilaktikasini tizim tajribasini o’zlashtirish va undan foydalanishga qodir bo’lgan funktsiya sifatida izchil amalga oshirish;
- tizimning boshqa elementlari bilan gorizontal yo’nalishda (koordinatsiya) va vertikal yo’nalishda (subordinatsiya) bog’langanlik;
- o’z xulq-atvorini tizim «boshqaruv mexanizmi»ning komandalariga muvofiq yo’lga solish;
- xulq-atvorni ta’sir ko’rsatuvchi ob’ektning muayyan holatlari va tizim belgilagan chegaralarga qarab tanlash imkoniyatining mavjudligi.
Ko’rsatib o’tilgan belgilardan bittasiga ega bo’lmagan organlar, tashkilotlar yoki shaxslar ham jinoyatlar profilaktikasi sub’ekti sifatida qaralishi mumkin emas. Masalan, faoliyati bevosita profilaktika maqsadlarini ko’zlamagan organ yoki tashkilot profilaktika sub’ekti bo’la olmaydi.Binobarin, faoliyatining asosiy yo’nalishi jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishdan iborat bo’lgan sub’ektgina profilaktika sub’ekti sifatida tan olinishi mumkin.Shunga muvofiq, jinoyatlar profilaktikasining ijtimoiy sub’ektlari doirasiga faqat huquqni muhofaza qilish organlari kiradi. Bu, eng avvalo, ichki ishlar organlaridir. Ular mazmuni va yo’nalishi har xil bo’lgan profilaktika ishlarini amalga oshiradi, o’z jinoyatlar profilaktikasi sub’ektlarining muayyan kichik tizimiga ega bo’ladi. Ichki ishlar organlari o’zining jinoyatlarni profilaktika qilish funktsiyasini bajara borib:
- spirtli ichimliklar bilan qonunga xilof ravishda savdo qiluvchilarni va mayda bezorilik yoki mayda o’g’rilik sodir etgan piyonistalarni, vrach ko’rsatmasisiz giyohvandlik vositalari iste’mol qiluvchilarni, bangixonalar va fohishaxonalarni saqlab turuvchilarni, jinoyat sodir etishda shubha qilinganlarni aniqlaydi va ularning hisobini yuritadi;
- ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risida bayonnomalar tuzadi;
- huquqbuzarlarni ushlash va ularni ichki ishlar organlariga yetkazishni ta’minlaydi;
- shaxslar, buyumlar, transport vositalarini ko’zdan kechiradi, buyumlar va hujjatlarni olib qo’yadi;
- ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni yuritishning qonunda nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarini qo’llaydi;
- huquqbuzarlik sodir etgan harbiy xizmatchilarni ushlaydi;
- ma’muriy nazorat ostiga olingan shaxslar hisobini yuritadi, ularni nazorat qiladi, ularga nisbatan qonunda nazarda tutilgan cheklashlarni qo’llaydi;
- jamoat joylarida insonning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi va ijtimoiy axloqqa zid mast holda bo’lgan shaxslarni maxsus tibbiy muassasalarga yoki ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlariga yetkazadilar va h.k.
Bundan tashqari, tergov apparati xodimlari ham muayyan profilaktika ishlarini amalga oshiradi.Tergov bo’linmalarining profilaktika ishini maqsadiga qarab ikki turga ajratish mumkin: a) jinoyatlarni to’xtatish chora-tadbirlari; b) jinoyatchilik sabablari va shart-sharoitini bartaraf etish chora-tadbirlari.
Tergov apparatining profilaktika faoliyatiga quyidagilar kiradi:
1) jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratadigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to’g’risida taqdimnomalar kiritish;
2) aybdorni jinoiy javobgarlikka tortish orqali uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga barham berish;
3) jinoyat sodir etilishiga yo’l qo’ygan shaxslarni javobgarlikka tortish;
4) ish materiallaridan profilaktika faoliyatida foydalanish;
5) jinoyat sodir etilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari bilan uchrashish va suhbatlashish.
Tibbiy hushyorxonalar ham katta profilaktika ishini olib boradi.Ichki ishlar organlarining tibbiy hushyorxonalari statistika ma’lumotlarini tahlil qilib, quyidagi gruppaviy va shaxsiy profilaktika ishlarini amalga oshiradi:
1) spritli ichimliklarni suiiste’mol qiluvchi shaxslar bilan suhbatlar o’tkazish;
2) aniqlangan va maxsus hisobga olingan shaxslar (surunkali piyonistalar, ruhiy kasallar, davolash-mehnat profilaktoriysidan qaytgan shaxslar) to’g’risida sog’liqni saqlash idoralariga xabar berish.
Ichki ishlar organlari yoshlar va voyaga yetmaganlar o’rtasida juda muhim profilaktika ishlarini olib boradi.Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarining xodimlari profilaktika faoliyatining asosiy maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalarni bajarishi lozim:
1) huquqbuzar o’smirlarni, o’smirlarning g’ayrihuquqiy yo’nalishdagi guruhlarini aniqlash, voyaga yetmaganlar jinoyatlarining oldini olish va ularni to’xtatish, bunda ijtimoiy adaptatsiya va reabilitatsiya ishining shakl va usullarini, shuningdek fuqaroviy-huquqiy va ma’muriy ta’sir ko’rsatish chora-tadbirlarini qo’llash;
2) bolalar va o’smirlar jinoyatchiligi, huquqbuzarligi va nazoratsizligiga imkoniyat yaratuvchi tashkilotchilar va dalolatchilarni, ota-onalar yoki boshqa shaxslarni aniqlash, ularning salbiy ta’sirini jinoyat, oila, fuqarolik qonunchiligi talablariga muvofiq to’xtatish;
3) voyaga yetmaganlarning jinoyatlari, huquqbuzarliklari va nazoratsizligi masalalarida ommaviy axborot vositalari orqali aholiga huquqiy yordam ko’rsatish.
O’z navbatida, ko’rsatib o’tilgan vazifalarni bajarish uchun voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarining xodimlari:
a) huquqbuzarlarni aniqlash va ularning g’ayriijtimoiy xulq-atvoriga qonun hujjatlariga muvofiq chek qo’yish maqsadida bolalar va o’smirlar ommaviy tarzda bo’lib turadigan joylarda profilaktika ishlari va operatsiyalar tashkil etadilar va o’tkazadilar;
b) jinoiy qilmish sodir etgan o’smirlarni ushlaydilar va voyaga yetmaganlarni jamiyatdan ajratish, adaptatsiya va reabilitatsiya muassasalariga yetkazadilar;
c) jinoyat sodir etishga moyil o’smirlar, bolalar va o’smirlar jinoyatchiligi, huquqbuzarligi va nazoratsizligiga imkoniyat yaratuvchi tashkilotchilar va dalolatchilar, ota-onalar yoki boshqa shaxslar haqida ma’lumotlarni tegishli organlar va muassasalardan so’rab oladilar va ularga nisbatan tegishli chora ko’radilar;
d) ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan o’smirlarni jinoiy javobgarlik yoshiga to’lgunga qadar maxsus yopiq o’quv muassasalariga yuboradilar;
e) voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda qatnashadilar;
j) ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o’tab qaytgan voyaga yetmaganlar takroran jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida jinoyat-ijroiya tizimi muassasalari bilan hamkorlikda, tegishli idoralar va muassasalar orqali bunday shaxslarga ishga joylashish va jamiyatga moslashishda yordam beradilar va hokazo.
Profilaktik ta’sir ko’rsatish ob’ektlarining doirasiga ko’ra, voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalari faoliyatining uch asosiy yo’nalishini farqlash mumkin:
a) barcha voyaga yetmaganlarga nisbatan o’tkaziladigan umumiy profilaktika;
b) voyaga yetmaganlarning muayyan guruhlari yoki toifalariga nisbatan o’tkaziladigan maxsus (gruppaviy) profilaktika;
c) muayyan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan o’tkaziladigan individual profilaktika.
Umumiy profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalari eng avvalo ijtimoiy munosabatlarning turli sohalarida ro’y berishi mumkin bo’lgan kriminogen holatlarni aniqlash va bartaraf etish bilan shug’ullanadi.Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalariga tushadigan kriminogen holatlar haqidagi axborot manbalari quyidagilardan iborat:
a) bo’linma xizmat ko’rsatadigan hududda sodir etilgan huquqbuzarliklar holati, tarkibi va dinamikasi to’g’risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirish materiallari;
b) fuqarolar, jamoat yoki davlat tashkilotlarining xabarlari;
c) ichki ishlar bo’limlari tergov qilayotgan muayyan jinoyat ishlarining materiallari;
d) sudlardagi fuqarolik ishlariga oid materiallar;
e) maxsus tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida olingan materiallar;
f) ommaviy axborot vositalari: televidenie, matbuot, radio xabarlari va h.k.
Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalari o’z faoliyatini umumiy profilaktika tadbirlari rejalariga asosan amalga oshiradi. Mazkur rejalar barcha mavjud materiallarni puxta va har tomonlama o’rganish asosida har chorakda yoki har oyda tuziladi. Rejalarda doim quyidagi asosiy tadbirlar aks ettirilishi lozim:
a) voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalari xodimlarining o’zi bevosita o’tkazuvchi tadbirlar;
b) ichki ishlar bo’limlarining xodimlari boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o’tkazuvchi tadbirlar;
c) voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalari ichki ishlar organlarining boshqa bo’linmalari yoki xizmatlari bilan hamkorlikda o’tkazuvchi tadbirlar.
Maxsus (gruppaviy) profilaktika voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarining mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmaganlarning muayyan guruhlari yoki toifalariga nisbatan amalga oshiriladi. Bunda voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarining mansabdor shaxslari:
a) o’smirlar mast holatga kelishiga sabab bo’lgan yoki ularni ichkilikbozlik, jinoiy faoliyat, tilanchilik qilish, qimor o’ynash, prostitutsiya bilan shug’ullanishga majbur qilgan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol qilishga jalb etgan shaxslarni;
b) huquqbuzar o’smirlar g’ayriijtimoiy guruhlarga mansubligini, ushbu guruhlarning sardorlari va faol ishtirokchilarini, ular yig’iladigan joylarni va ular jinoyat sodir etuvchi ob’ektlarni;
c) g’ayriijtimoiy xulq-atvori boshqa shaxslarni ularga nisbatan jinoyat sodir etishiga turtki berishi mumkin bo’lgan o’smirlarni;
d) bolalar bilan shafqatsiz muomalada bo’ladigan, ularni kaltaklaydigan yoki voyaga yetmaganlarga nisbatan boshqa g’ayrihuquqiy harakatlar sodir etadigan ota-onalarni yoki boshqa shaxslarni;
e) o’smirlar tomonidan o’g’irlangan mol-mulkka o’xshash buyumlarni egallash holatlarini, shuningdek voyaga yetmaganlar spirtli ichimliklar, boshqa buyum va ashyolar xarid qilishga sarflagan pul mablag’larining manbalari to’g’risidagi ma’lumotlarni aniqlaydilar.
Voyaga yetmaganlar o’rtasidagi jinoyatlar, huquqbuzarliklar va nazoratsizlikning individual profilaktikasi voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarining mansabdor shaxslari tomonidan barcha voyaga yetmaganlarga, shuningdek umumiy ta’lim maktablarining o’quvchilariga nisbatan amalga oshiriladi. Individual profilaktika quyidagi bosqichlardan tashkil topadi:
a) profilaktika qilinishi lozim bo’lgan shaxslarni aniqlash;
b) shaxsni va uning turmush tarzini har tomonlama va ob’ektiv tarzda o’rganish;
c) voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalarida kuzatuv ishini yuritish orqali hisobga olish;
d) bevosita profilaktika ishini amalga oshirish.
Individual-profilaktik ta’sir ko’rsatish shakllaridan biri o’quvchilarni voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalariga olib kelishdir. Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo’linmalariga:
a) jinoiy javobgarlik yoshiga to’lgunga qadar ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan;
b) jamoat tartibiga daxl etuvchi ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan;
c) voyaga yetmaganlarni jamiyatdan vaqtinchalik ajratish,adaptatsiya va reabilitatsiya qilish markazlarini o’zboshimchalik bilan tark etgan;
d) o’n olti yoshga to’lmasdan, shuningdek 16-18 yoshda oilani o’zboshimchalik bilan tark etgan, shaxsi aniqlanmagan, nazorat va yordamga muhtoj bo’lgan;
e) adashib qolgan yoki tashlab ketilgan bolalar va o’smirlar olib kelinishi mumkin.
Voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarini profilaktika qilishda uchastka nazoratchilari muhim rolь o’ynaydi. Uchastka nazoratchilarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- o’zi xizmat ko’rsatayotgan hududda tartibning saqlanishini ta’minlash;
- jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularni to’xtatish;
- qonun hujjatlari bilan belgilangan vakolatlar doirasida surishtiruv va ma’muriy ish yurituvni amalga oshirish;
- o’ziga berilgan vakolatlar doirasida jinoyatlarni fosh etishda va jinoyatchilarni qidirishda qatnashish;
- o’ziga biriktirilgan ma’muriy uchastkalarda jamoat tartibini saqlashni ta’minlashda patrullarga yordam berish;
- yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yordam ko’rsatish.
Shunday qilib, jinoyatlar profilaktikasining ma’lum tarkibiy qismlari haqida tasavvur hosil qilgach, biz uning umumiy tushunchasini ta’riflashimiz mumkin.Jinoyatlar profilaktikasi yoki jinoyatlarning oldini olish – davlat organlari (shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari), jamoat birlashmalari, tashkilotlar,muassasalar va fuqarolarning jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi shart-sharoit va sabablarni neytrallashtirish yoki ularga barham berishga qaratilgan, o’z mazmuniga ko’ra har xil chora-tadbirlarni (ta’sir ko’rsatish chora-tadbirlarini) qamrab oluvchi, ob’ektiv tashqi omillarga va muayyan jismoniy shaxslarga yo’naltirilgan faoliyatidir. Profilaktika tushunchasiga berilgan umumiy ta’rif har bir muayyan holatda uni jinoyatlarning har xil toifalari va turlariga (davlatga qarshi jinoyatlar, o’zgalar mulkiga qarshi jinoyatlar, shaxsga qarshi jinoyatlar, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar va h.k.) nisbatan, profilaktik ta’sir ko’rsatish sub’ektining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ta’sir ko’rsatish chora-tadbirlari va vositalaridan yoki profilaktika ob’ektining o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib muayyanlashtirish imkonini beradi.