3-bob. Metrologiyaga oid faoliyatni tashkil etish 13-modda. O‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ hujjatlar Metrologiya normalari va qoidalarini belgilovchi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida
majburiy kuchga ega bo‘lgan o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ
hujjatlarni tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan
amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir
normativ hujjatlarning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyoti;
o‘lchash vositalarini kalibrlash uslubiyoti;
o‘lchashlarni bajarish uslubiyoti;
sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish uslubiyoti.
O‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ hujjatlar jumlasiga
metrologiya tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilovchi standartlashtirish bo‘yicha hujjatlar ham
kiradi.
O‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash uslubiyotlari, sinov vositalarini attestatsiyadan
o‘tkazish uslubiyoti metrologik ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
O‘lchashlarni bajarish uslubiyoti metrologik attestatsiyadan o‘tkaziladi.
14-modda. Kattalik birliklari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro birliklar tizimining kattalik birliklarini belgilangan
tartibda qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi. Kattalik birliklarining nomlari, belgilari, ularni yozish va qo‘llash
qoidalari maxsus vakolatli davlat organining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan xalqaro birliklar tizimiga
kiritilmagan birliklarni qo‘llashga ruxsat berilishi mumkin.
Tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shartnoma shartlariga muvofiq o‘zga
kattalik birliklaridan ham foydalanish mumkin.