Elektropoyezd va lokomotivlarni boshqarish kabinalari, hamda harakat xavfsizligi yoki yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vositalarning boshqaruvi xonalariga bunday vakolatga ega bo‘lmagan begona shaxslarning kirishi man etiladi. Metropoliten boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha poyezdlar harakati bilan bog‘liq ishlarga metropolitenga kiradigan shaxslar kasbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak, lokomotiv brigadalari esa qo‘shimcha ravishda professional tanlangan bo‘lishi, shuningdek quyidagilar bo‘yicha sinovlardan o‘tishi va keyinchalik vaqti-vaqti bilan bilimlari tekshirilishi lozim:
Toshkent metropolitenidan texnikaviy foydalanish qoidalari (PTE); Toshkent metropolitenida signallashtirish bo‘yicha yo‘riqnoma; Toshkent metropolitenida poyezdlar harakati va manyovr ishlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma; lavozim yo‘riqnomalari, hamda xodimlarning majburiyatlari belgilangan boshqa hujjatlar; xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi bo‘yicha qoidalar va yo‘riqnomalar; temir yo‘l transporti xodimlarining mehnat intizomi to‘g‘risidagi nizom. Qolgan barcha xizmatchilari ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan metropoliten xodimlarining umumiy majburiyatlari, xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi bo‘yicha qoida va yo‘riqnomalar hamda lavozim yo‘riqnomalarini bilishlari lozim. Har bir lavozim uchun zarur bilimlar hajmini, ishga qabul qilishdagi va davriy sinovlarning tartibi va muddatlarini metropoliten Boshqarmasi belgilaydi. Metropolitenda poyezdlar harakati yoki yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq qo‘shimcha qo‘shimcha majburiyatlarni ado etuvchi metropoliten xodimlari ushbu ishga tegishli qoida va yo‘riqnomalar bo‘yicha bilimi tekshirib ko‘rilganidan keyin qo‘yilishi lozim. Metropoliten bo‘linmalarining boshliqlari, poyezdlar harakati yoki yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq xodimlarni ularning majburiyatlari doirasida o‘qitilishi hamda ularning bilimlari ish joylarida doimiy tizimli ravishda tekshirib turilishini ta’minlashlari shart. Har bir boshliq xizmatchilarining o‘qitilishi va bilimlarining tekshirilib borilishi uchun javobgardir.
Metropolitenga ishga kiruvchi shaxslar tegishli ishni bajarishga yaroqliligi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Xodimlarni davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi metropoliten Boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarning poyezdlar harakati yoki yo‘lovchilarni tashish bilan bevosita bog‘liq quyidagi lavozimlarni egallashlariga ruxsat etilmaydi: elektropoyezdlar, lokomotivlar, temir yo‘lda yuruvchi avtomotokranlar mashinistlari va mashinist yordamchilari, nozimlar, markazlashtirish postlari navbatchilari, teleboshqaruv postlari navbatchilari, bekat navbatchilari, yo‘l navbatchilari, poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha navbatchilar, markazlashtirish postlari operatorlari, strelka posti navbatchilari, yo‘l, ko‘prik, tonnel hamda sun’iy inshootlar ustalari, yo‘l va sun’iy qurilmalar montyorlari, strelka o‘tkazgichlarini tozalovchi ishchilar (ikkinchi razryad va undan yuqori), signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka (STSB) qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi elektromexaniklar va elektromontyorlar, vagonlar nazoratchilari - ta’mirlovchilari, ustalari, elektr ta’minoti xizmati elektromexaniklari va elektromontyorlari, yo‘l mashinalari va mexanizmlarini sozlovchilari va mashinistlari, defektoskop aravachalari operatorlari, yo‘l o‘lchovchi operatorlar va ularning yordamchilari, eskalator mashinistlari va ularning yordamchilari. Metropoliten xodimlarini spirtli ichimlik, toksik yoki giyohvandlik vositalaridan mast bo‘lgan holatlarda ularning xizmat majburiyatlarini bajarishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holatda aniqlangan shaxslar zudlik bilan ishdan chetlatiladi va javobgarlikka tortiladi.