ICHKI ENERGIYA VA UNI O‘ZGARTIRISH USULLARI Mexanik hodisalar bo‘limida Siz jismlarning ikki xil energiyaga ega
bo‘lishi bilan tanishgan edingiz. Jismlarning o‘zaro ta’siri tufayli ega
bo‘lgan energiyasini potensial va harakati sababli olgan energiyasini kinetik
deb atalgan edi. Modda tuzilishi bo‘limida esa barcha moddalar mayda-
mayda zarralar – atom yoki molekulalardan tashkil topganligi, ularning
to‘xtovsiz harakatda ekanligi ham sizga ma’lum. Mana shunday harakatlari
tufayli zarralar ham kinetik energiyaga ega bo‘ladi. Suyuqlik va qattiq
jismlarda zarralar ma’lum tartibda o‘zaro ta’sirlashib joylashganlaridan
potensial energiyaga ega bo‘ladi. Bu energiyalar moddaning ichki
tuzilishini tashkil etgan zarralarga taalluqli bo‘lganligidan moddaning
ichki energiyasi deb ataladi. Uni chuqurroq tushunish uchun quyidagi
misolni qaraylik. 30°C li suvdagi molekulalar 80°C li suv molekulalaridan
nimasi bilan farqlanadi? Ular faqat molekulasining tezligi bilan farq qiladi.
80°C li suv molekulasining tezligi, 30°C li suv molekulasining tezligidan
kattaroq bo‘lar ekan. Demak, kinetik energiyasi ham katta. Bundan 80°C li
suvning ichki energiyasi 30°C li suvning ichki energiyasidan katta bo‘lishi
kelib chiqadi. Bu mulohazalardan temperaturaga ham yangi ta’rif berish
imkoniyati tug‘iladi. Temperatura – moddani tashkil etgan zarralarning o‘rtacha kinetik energiyasi o‘lchovidir. Oldingi mavzulardan ma’lumki, moddaning temperaturasini uni
isitish yo‘li bilan ko‘tarishdan tashqari, ish bajarib ham oshirish mumkin.
Masalan, tangani mo‘ynaga ishqalasangiz qiziydi. Ishqalanish tufayli
jismlarning qizishidan qadimgi odamlar yog‘ochni ishqalab olov hosil
qilganlar. Yog‘och yonishi uchun uning temperaturasini 250°C ga ko‘tarish
kerak. Yog‘ochni ishqalab bunga erishish osonmi? Urinib ko‘ring.
Hozirgi kunda ham olovni ishqalanishdan foydalanib hosil qilinadi.
Buning uchun gugurt cho‘pini qutisiga ishqalash kifoya! Faqat, bunda
gugurt cho‘pi kallagiga o‘rnatilgan moddaning yonish temperaturasi ancha
kichik bo‘lganligidan tez yonadi. Gugurt XIX asrning 30-yillarida ixtiro