www.ziyouz.com kutubxonasi
21
– Sizlarning bu yerga qadam qo‘yishga haqingiz yo‘q, bu maktab! - dedi.
– Aytmadimmi? Bularning bir balosi bor. Uni o‘zi allaqachon yo‘ldan urib olgan. Bu qanjiqni
tekinginaga tuzog‘iga ilintirib olgan! - deb kelinoyim chiyillab yubordi.
– Maktabing bilan nima ishim bor! - deb haligi semiz odam bo‘kirib qamchisini ko‘targan edi,
Duyshen uning qorniga oyog‘i bilan bir tepdi, semiz odam gup etib yerga yiqildi. Shu zahoti so‘yil
ushlab turganlar Duyshenning ustiga otilishdi. Qo‘rqib rangi quv o‘chgan bolalar dod-voylashib
yugurib yonimga kelishdi. Mushtlashish, so‘yil zarbidan maktab eshigining tit-piti chiqib ketdi. Menga
yopishib olgan bolalarni ham o‘zim bilan sudrab mushtlashayotganlar tomonga otilib bordim.
– Qo‘yib yuboringlar, muallimimizni urmanglar! Mana, kerak bo‘lsam, meni olib ketinglar! -
degan edim, Duyshen menga bir qarab qo‘ydi. Yuzlari qip-qizil qonga bo‘yalgan, dahshat va
g‘azabdan ko‘zlaridan o‘t chaqnab turardi. Yerdan bir parcha taxtani qo‘liga oldi-da, u bilan hamla qila
turib:
– Qochinglar, bolalar, ovulga qochinglar! Qoch, Oltinoy! – deb baqirdi. Azbaroyi zo‘r berib
baqirganidan ovozi bo‘g‘ilib qoldi.
Duyshenning qo‘lini sindirishdi. U qo‘lini ko‘kragiga bosib, orqasiga tisarildi, ana ular bo‘lsa qon
hidlab quturgan buqaday:
– Ur! Boshiga sol! O‘ldir! - deb so‘yil bilan uni yana rosa do‘pposlashdi.
Darg‘azab kelinoyim bilan suvsar telpakli bir sapchib yonimga kelishdi. Sochimni bo‘ynimga
o‘rab, hovliga sudrab chiqishdi. Bor kuchim bilan ularning qo‘lidan sug‘urilib chiqishga urinib
turganimda, ko‘zim bir zumda yig‘lashdan ham qo‘rqib dong qotib qolgan bolalarga, devor tagida qora
qoniga belanib yotgan Duyshenga tushdi.
– Muallim! Aylanay, og‘a! Voydod, o‘ldirishdi-ku bular, - deb baqirib unga intildim...
Qayoqda deysiz! Duyshen bir holatda... Yuz-ko‘zlari, kiyimlaridan sog‘ joyi qolmagan.
Ablahlarning kaltak zarbidan xuddi mast odamday, gandiraklab zo‘rg‘a oyoq ustida turar, likillab
qolgan boshini tik tutishga harakat qilardi, ana ular bo‘lsa tinmay do‘pposlashardi. Meni yerga yiqitib,
ikki qo‘limni chilvir bilan orqamga bog‘lashdi. Xuddi shu paytda Duyshen yerda sudralib qoldi.
– Og‘a! - deb qichqirgan edim, og‘zimni qo‘l bilan yopib, o‘zimni egar ustiga tashlashdi.
Suvsar telpakli odam otga minib olgan ekan, qo‘li va ko‘kragi bilan meni mahkam bosib oldi.
Duyshenni urkaltak qilgan anavi ikkovi ham otga minib, hammalari jo‘nab qolishdi. Kelinoyim otniig
yonida yugurgilab:
– Xo‘p ta’ziringni yedingmi, juvonmarg bo‘lgur! Jazmaning ham asfalasofilinga ketdi...– deb
boshimga mushtlab ketayotganda, bir mahal orqadan qulog‘imga:
– Oltinoy! – degan yurak-bag‘irni ezadigan dahshatli ovoz eshitildi.
Osilib yotgan boshimni zo‘rg‘a ko‘tarib qarasam, qop-qora qonga belanib chala o‘lik qilingan
Duyshen sog‘ qo‘liga kattakon bir tosh olib orqamizdan yugurib kelyapti. Uning orqasidan butun sinf
bolalari uvvos solib og‘aylab, baqirib kelishyapti.
– To‘xta, hoy itlar! To‘xta deyman! Qo‘yvoringlar uni, qo‘yvoringlar deyapman. Oltinoy! – deb
sandiraklab yugurib bizga yaqin kelib qoldi.
Zo‘ravonlar ot boshini tortishdi, ikkalasi Duyshenning atrofida ot aylantirib qolishgandi, u singan
qo‘lim xalaqit bermasin degan xayolda yengini tishlab otliqlarni poylab tosh otdi, lekin otgan toshi
tegmadi.
Anavi ikkovi Duyshenni bittadan so‘yil bilan urgandi, u loyga yiqilib tushdi. Ko‘z oldim
qorong‘ilashib, dod solib yiglashayotgan bolalarning yerda yotgan muallimlari yoniga yugurishib
kelib, dahshat to‘la ko‘zlarini unga tikib to‘xtab qolishganini ko‘rib qoldim, xolos.
Meni qaerdan, qayoqqa olib ketishganini bilmayman. Ko‘zimni ochsam, o‘tovda yotibman.
Qorong‘i tushib kech kirar ekan, o‘tov tuynugidan osmondagi hech narsadan bexabar
yulduzlarning charaqlashi ko‘zga chalinib, uzoq-uzoqlardan ariqning shuvullab oqishi, poda-poda qo‘y
haydab ketayotgan qo‘ychivonlarning ovozlari eshitilib turardi. O‘choq boshida qiyshaygan