www.ziyouz.com kutubxonasi
20
og‘a-iniday yonma-yon qad ko‘tarib turishadi. O‘tgan-ketganlarning ko‘ziga tashlanib, hammaning
bahrini ochadi. U vaqtga borib zamon ham boshqacha bo‘lib ketadi. Oltinoy, boshimiz omon bo‘lsa, u
yaxshi kunlar ham nasib bo‘lar...
Suyunganimdan ko‘nglim shodlikka to‘lib, nima deyishga gap ham topa olmay Duyshenga tikilib
turaveribman. Uning rangpar yuzlari, cho‘ziq qora ko‘zlari qanday suluv, o‘zi pok qalb egasi ekanligini
ilgari bilmay yurganday, tol o‘tqazganda loy bo‘lgan barmoq bo‘g‘inlari, uzun-uzun zabardast qo‘llari
qo‘qqisdan tegib ketganda kishining yuragi huzur qilishini sezmay yurgan ekanman. Hozir yuragimni
hayajonga solgan allaqanday sezgi uyg‘onib: «Duyshen og‘ay, sizday bola tuqqan onaga rahmat...
Sizni bag‘rimga bosib o‘pgim kelib turibdi!» - deb yuborishimga sal qoldi, yuragim dov bermadi,
o‘ylarimdan o‘zim uyalib ketdim. Lekin hali-hali afsuslanib yuraman. Biroq, o‘shanda tepamizda
ko‘m-ko‘k osmon, to‘rt tomonimiz ko‘kalamzor adiru, har birimiz o‘z o‘y-xayollarimiz bilan band
edik. Boshimga tushgan xavf-xatarni shu baxtli onda butunlay unutib yuborgandim. Ertangi kunim
nima bo‘lishini ham, ikki kun bo‘pti-yu, kelinoyim meni izlab kelmaganini ham o‘ylamay qo‘ygan
edim. Meni eslaridan chiqarib qo‘yishdimikin yoki o‘z ixtiyoriga qo‘yib qo‘yaylik deyishdimi?
Keyin bilsam, Duyshen ko‘nglimdan o‘tib turgan hamma gaplarni bilib yurgan ekan, ovulga yetib
kelganimizda:
– Ko‘p ham qayg‘uraverma, Oltinoy, bir ilojini toparmiz. Indinga volostga borib sening
to‘g‘ringda gaplashib kelaman. Balki yordam berishar, seni o‘qishga yubortirish niyatim bor.
Borasanmi o‘qishga? - dedi.
– Siz nima desangiz, muallim, o‘sha ma’qul, – deb javob berdim. Shahar degani qanaqa bo‘lishini
ko‘z oldimga keltira olmasam ham, Duyshenning gaplarini eshitgach, ko‘nglimda shaharga borib
o‘qish orzusi tug‘ildi.
Goh suyunib, goh begona yurtda holim nima kecharkin, deb vahima bosib, xullas, shu gap
miyamda aylanib yuraverdi.
Ertasi kuni maktabda o‘tirganimda ham shaharga borib qolsam kimnikida turaman, qani endi,
savoblikka bironta odam boshpana bersa, o‘tinini yorarman, suvini tashib berarman, kir-chirini
yuvarman, axir qarab turmay, qo‘limdan kelgancha rozi qilarman, deb xayol surib o‘tiruvdim,
to‘satdan maktabimizning orqasida ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitilib qoldi. To‘satdan shitob
bilan otliqlar paydo bo‘lib, hozir maktabimizni yanchib vayron qiladiganday tuyuldi. Muallimimizning
gapi qulog‘imizga kirmay, hammamiz hang-mang bo‘lib tosh qotib qoldik. Bu holatimizni payqagan
Duyshen shoshib:
– Bolalar, ko‘nglingizni bo‘lmay o‘qishingizga qaranglar, – dedi.
Lekin eshik shartta ochildi, qarasak, ostonada achchiq istehzo aralash kulimsirab kelinoyim
turibdi. Duyshen eshik oldiga bordi-da, bosiq ovoz bilan:
– Xo‘sh, xizmat? – deb so‘radi.
– Xizmatimizning senga daxli yo‘q, qizimni uzatmoqchi bo‘lib yuribman. Hoy bepadar! – deb
kelinoyim men tomonga otilgandi, Duyshen yo‘lini to‘sdi.
– Bular maktab qizlari. Uzatadigan qiz yo‘q bu yerda! – dedi dadil va salobat bilan.
– Nima? Bor-yo‘qligini hozir ko‘rsatib qo‘yamiz. Hoy, jiyan bola, qani kelinglar. Sochidan
sudrab chiqinglar, bu yuzi qorani!
Kelinoyim otliqlardan biriga qo‘li bilan ishora qilgan edi, anavi kungi suvsar telpak kiygan, yuzi
qip-qizil, semiz odamga ko‘zim tushdi. Uning ketidan qo‘llariga uzun-uzun tayoq ushlagan yana ikki
odam otdan tushib kelishdi.
Duyshen eshik oldida turganicha o‘rnidan qo‘zg‘almadi.
– Sen, hey daydi it, birovlarning qiziga o‘z xotiningday xo‘jayinlik qilmoqchisanmi deyman?
Nari tur!
Shunday dedi-yu, suvsar telpakli xuddi ayiqday tashlanib Duyshenga dag‘dag‘a qildi.
Duyshen eshik kesakisiga qattiq yopishib olib: