www.ziyouz.com kutubxonasi
23
kerak deb o‘ylab o‘tirdim. Keyin razm solib qarab ko‘zimga ham ishonmay qoldim. Duyshen bilan
yoqasiga qizil taqqan ikki militsioner to‘g‘ri bizning o‘tovga qarab kelishyapti.
O‘rnimdan turay desam holim yo‘q, baqiray desam ovozim... Bir suyunib ketdimki, xayriyat,
muallimim tirik ekan! Lekin, e-voh! Yuragim jarohatlangan, nomusim poymol etilgan... Jonim
halqumimga kelib tiqilib qolganday, qulog‘im bitib, a’zoyi badanim bo‘shashib ketdi...
Yuz-ko‘zlari bint bnlan bog‘langan, chap qo‘lini bo‘yniga osib olgan Duyshen otdan sakrab
tushib, eshikni oyog‘i bilan bir itardi, shiddat bilan o‘tovga kirdi-da, yuzi qizil odamning ustidagi
ko‘rpasini yulib olib irg‘itib tashladi.
– Tur o‘rningdan! - dedi g‘azab bilan.
U boshini ko‘tarib, ko‘zini bir ishqaladi. Duyshenga tashlanmoqchi bo‘lgan edi,
militsionerlarning o‘qtalgan to‘pponchalarini ko‘rib jim bo‘la qoldi. Duyshen chap qo‘li bilan
yoqasidan tortib, o‘ziga yaqin keltirdi, ko‘ziga tik boqib, g‘azabdan lablarining qoni qochib:
– Tur, ablah! Qani, yur, ko‘ngling tusagan yeringga olib borib qo‘yamiz! - dedi. U itoatkorlik
bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Duyshen uni yana bir yoqasidan tortib ko‘ziga tik boqdi-da, titroq tovush
bilan:
– Sen uni giyohday oyoq osti qildim, rasvoyi olam qildim, deb xayol qilgandirsan? Bilib qo‘y,
la’nati, u zamonlar o‘tib ketgan, hozir zamon bizniki, shu bilan endi sening kuning bitadi, - dedi. Uniig
etigini yalang oyoq kiydirib, ikki qo‘lini orqasiga bog‘lashdi, militsionerlar uni otga o‘ngarib, biri
yetaklab, biri haydab olib ketishdi. Men Duyshenning otiga mindim, u yonimda piyoda ketdi.
Biz yo‘lga tushganimizda orqamizdan yurak-bag‘irni ezadigan dahshatli baqirgan ovoz eshitildi.
Qora xotin orqamizdan yugurib kelardi. U aqldan ozgan majnunday yugurib erining yoniga kelib,
suvsar telpagini tosh bilan urib tushirdi, yuziga kul sochib yubordi:
– Qonimni suvday ichding, qonxo‘r! Boshimga ne-ne kunlarni solmading, juvon o‘lgur! Mening
qo‘limdan endi o‘liging qutulmasa, tiriging qutulmaydi! - deb baqirib o‘kirganini eshitganda, yurak
bag‘rim ezilib ketdi.
Qirq yildan beri og‘iz ochmay, erining ko‘ziga tik qarolmay yurgan bu g‘aribning yuragida
yig‘ilib qolgan dard-alamlari bugun hamma to‘g‘onlarni chilparchin qilib, seldek o‘pirib chiqqanday
bo‘ldi. Uning chinqiriq ovozi baland-baland dara qoyalariga borib urilib, aks-sadoday yangradi. Goh u,
goh bu tomonga yugurib o‘tib, ko‘m-ko‘k tomirlari o‘ynab ketgan oriq, kosovday qo‘llari bilan
so‘qaday boshini qaerga yashirishni bilmay tipirchilab qolgan erining ustiga go‘ng, qum sochib, kesak
otib, qo‘liga nima ilinsa, shu bilan urib, unga la’natlar yog‘dirdi:
– Yurgan yo‘lingda o‘t unmasin, ilohim, o‘liging ko‘milmay dalada qolib ketsin, suyaging qaytib
kelmasin, qarg‘a-quzg‘unlar ko‘zingni o‘ysin, qorangni ikkinchi ko‘rmay, o‘l, o‘l, harom o‘l! – dedi-
yu, jinni bo‘lgan odamday baqirib-o‘kirib, shamolda to‘zg‘ib ketgan sochlaridan qochganday ko‘zi
tushgan tomonga yugurib ketdi.
Shu voqea ustiga yetib kelgan qo‘ni-qo‘shnilari ot choptirib uning orqasidan quvib ketishdi.
Yomon tush ko‘rib bosinqirab chiqqan odamday boshimning g‘uvillashi to‘xtamadi. Ko‘z
oldimni qorong‘i parda bosib, es-hushimni yig‘olmay, dilim g‘ash, o‘zim xunob kelaverdim. Duyshen
sal oldinda otni yetaklab ketyapti. U bint bog‘langan boshini quyi solib, jimgina xayol surib borardi.
Ancha yurganimizdan keyin kasofat dara ko‘rinmay ketdi. Militsionerlar ilgarilab ketib ko‘rinmay
qolishgandi; Duyshen otni to‘xtatdi-da, dard-alamli ko‘zlari bilan birinchi marta menga tik qaradi.
– Oltinoy, kechir meni, seni bu kulfatlardan saqlay olmadim, kechir meni, – dedi. Qo‘llarimdan
ushlab, qattiq bir xo‘rsinib oldi. – Sen kechirganing bilan, Oltinoy, bari bir o‘zimdan bir umr domongir
bo‘lib yuraman.
Ho‘ngrab yig‘lab otning yoliga yuzimni qo‘yib oldim. Ko‘nglimni yig‘i bilan bo‘shatib
olgunimcha Duyshen yonimda nafasini ham chiqarmay sochimdan silab turdi.
– Qo‘y, Oltinoy, behudaga joningga jabr qilma, - dedi u bir vaqt. – Gapimga quloq sol, Oltinoy,
o‘tgan kuni volostda bo‘lganimda o‘qishing to‘g‘risida gaplashib keldim. Shaharga yuborib o‘qitamiz,