www.ziyouz.com kutubxonasi
4
telegrammalar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, kimdir gap orasida:
– Hoy, buni Duyshen qariya olib keldimi? - deb so‘rab qoldi.
– Ha, - dedi yigit. – Majlisdagilarga o‘qib eshittirishsin, deb otini xo‘p yeldirib kelibdi-yu,
kechikibroq qolgani uchun oqsoqolning ko‘ngli o‘rniga tushmadi.
– Nima qilib turibdi, ayt, tushsin otdan, uyga kirsin, - dedi mezbon.
Yigit chiqib ketganda yonimda o‘tirgan Oltinoy Sulaymonova bir seskanib tushdi, rangi quv
o‘chib nimanidir eslaganday mendan so‘radi:
– U qaysi Duyshen, kimni aytishyapti?
– Kolxozning pochtachisi, opa, - dedim men. – Duyshen oqsoqolni tanirmidingiz?
Ha, deganday bosh irg‘ab Oltinoy Sulaymonova bir narsa demoqchi bo‘lib, o‘rnidan turishga
harakat qilgan edi, deraza yonidan bir otliq dupurlab o‘tib ketdi, uyga kirib kelgan yigit:
– Tushing desam, u kishi unamadi, og‘ay, - dedi,– hali xat tarqatishim kerak, - deb ketib qoldi.
– Mayli, ketaversin, u cholning ham o‘ziga yarasha ulfatlari bor, - dedi allakim xomush tortib.
– O, Duyshen deganni bilmas ekansizlar, u qonun-qoidani juda o‘rniga keltiradi, xizmatini
bajarmasdan hech qayoqqa burilmaydi, - dedi yana bittasi.
– To‘g‘ri aytadi, juda ajoyib odam o‘zi. Urush tamom bo‘lgandan keyin Ukrainada ekan,
gospitaldan chiqib, o‘sha yerda turib qolibdi, kelganiga besh yilcha bo‘lgan. Suyagim unib-o‘sgan
ovulimda qolsin dedim, deydi. Bu dunyodan sho‘rlik toq o‘tib ketibdi...
– Bir kirib o‘tsa bo‘lardi... Ha, mayli,- deb mezbon tag‘in qo‘lini siltab qo‘ya qoldi.
Bir mahal to‘rda o‘tirgan ovul oqsoqollaridan biri qadah ko‘tarib so‘z qotdi:
– O‘rtoqlar, esinglarda bo‘lsa kerak, bir vaqtlar «a» harfini ham bilmagan «Duyshenning
maktabida» bizlar ham o‘qigan edik... – U shu gapni aytdi-yu, ham ko‘ngli buzilib, hamkulgisi qistab,
ko‘zini yumib, boshini chayqab qo‘ydi.
– Voy, tavba!
– Rost, rost! - deb kulib qo‘yishdi boshqalar.
– Nimasini aytasan! Ozmuncha nag‘ma ko‘rsatganmi Duyshen deganing? Biz bo‘lsak uni
rosmana o‘qituvchi deb yuribmiz-a!
Qah-qahkulgi bosilishi bilan haligi qadah ko‘targanodam yana gapini davom ettirdi:
– Mana endi, oldimiz dong‘i chiqqan akademik bo‘lib, ketimiz oliy ma’lumotli, o‘rta bilimli
bo‘lib oldik. Ovulimizda bugun yangi o‘rta maktab ochdik, boshqa tomonlarini aytmaganda ham,
zamonamizning qanchalik o‘zgarganligi shundan ko‘rinib turibdi. Qani, kelinglar, og‘a-inilar,
ovulimizning o‘g‘il-qizlari bundan buyon ham o‘qimishli bo‘lib, o‘z zamonasining peshqadam
kishilari qatoridan joy olishsin!
Bu gap hammaga ma’qul tushib, shov-shuv ko‘tarildi. Faqat Oltinoy Sulaymonova juda xijolat
tortganday, labini tishlab qizarib ketdi. U ryumkani labiga tegizdi-da, yana qaytib o‘rniga qo‘ydi. Gap,
kulgi bilan alahsib qolgan odamlar uning bu holatini sezganlari ham yo‘q.
– Opa deyman, bir nimadan xijolat bo‘lib o‘tiribsiza?-dedim men.
– O‘zim, shunchaki, inim, - dedi-da, Oltinoy Sulaymonova ikki-uch marta soatiga qarab qo‘ydi,
boshqa indamadi.
Keyin mehmonlar eshikka sayri havo qilishga chiqqanda qarasam, Oltinoy Sulaymonova bir
chekkada yolg‘iz o‘zi tepalikda chayqalgan qo‘shterakka tikilib, xayol surib turgan ekan, sekin qadam
bosib yoniga bordim.
Botishga taraddudlanib kuzgi dalaning chetiga chiqib olgan qip-qizil kun nurlari tepalikda turgan
teraklarning cho‘qqilariga bir tegib, bir tegmay mavjlanib turgan ekan.
– Sho‘rlik teraklar bargini to‘kyapti, bahorda bu teraklarni gullaganda ko‘rsangiz! - dedim.
– O‘zim ham shuni o‘ylab turgan edim, - deb Oltinoy Sulaymonova boshini silkib xo‘rsinib
qo‘ydi.– Har bir jonivorning bahori ham, kuzi ham bor.
Uning ajin bosgan so‘lg‘in yuziga g‘amgin-o‘ychan ko‘lanka tushib, o‘tkir qora ko‘zlari