"Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak!" (Oli Imron surasi, 180-oyat).
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Alloh taolo kimga mol-dunyo bergan bo‘lsa-yu, u zakotini bermasa, qiyomat kunida unga o‘zining mollari temir qilib, do‘zax o‘tida qizdirilib, o‘sha bilan peshonasi, beli, orqa taraflariga bosiladi. Agar sovib qolsa, yana jahannam o‘tida ming yil qizdirilib olinadi. Holbuki, "Parvardigoringiz nazdidagi bir kun (lik azob) sizlarning hisob-kitobingizdagi ming yilga barobardir" (Haj surasi, 47-oyat) deb aytilgan. So‘ngra Alloh bandalar orasida hukm qilib, jannatga yoki do‘zaxga yo‘lini ko‘rsatgay" ("Zubdatul vo’iziyn").
Alloh taolo namozni zakot bilan birga zikr qildi, "Namozni barpo qilinglar va zakotni beringlar", deb ikkovini yonma-yon amr etdi. Sababi namoz Alloh taoloning haqqi, zakot esa bandalarning. Ikkalasiga ham Allohning amri bilan rioya qilish vojibdir. Hamma ibodatlar shu ikkoviga bog‘liqdir. Chunki namoz badaniy, zakot moliy ibodatdir. Ibodatlarning hammasi shu ikki qismga bo‘linadi.
Uch juft oyat borki ular bir-biridan ajratilmaydi: 1. "Namozni barpo qilinglar va zakotni beringlar", deyildi, demak, namoz o‘qib zakot berilmasa, namoz qabul qilinmaydi. 2. "Allohga itoat qilinglar va Rasulga itoat qilinglar", deyildi, kimki Allohga itoat etib, Rasulga itoat etmasa, uning Allohga bo‘lgan
itoati qabul qilinmaydi. 3. "Menga shukr qil va ota-onangga ham", deyildi. Kimki Allohga shukr qilib, ota-onasiga shukr qilmasa, uning Allohga qilgan shukri qabul qilinmaydi ("Tanbehul g‘ofiliyn").
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim besh narsani man qilsa, Alloh undan besh narsani man qiladi:
Birinchisi – kim mulkidan zakot bermasa, Alloh uning mollarini ofatlardan saqlashni man qiladi.
Ikkinchisi – kim yerdan o‘nib chiqqan narsalardan ushr bermasa, Alloh uning kasb-koridan barakani ko‘taradi.
Uchinchisi – kim sadaqa bermasa, Alloh undan tinchlik ofiyatini man qiladi. To‘rtinchisi – kim duo qilishni esdan chiqarsa, Alloh undan ijobatni man qiladi.
Beshinchisi – kimki jamoatga hozir bo‘lishni tark etsa, Alloh undan iymon komilligini man qiladi" ("Zubdatul vo’iziyn").
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Mollaringizni zakot bilan saqlanglar, kasalliklaringizni sadaqa bilan davolanglar va har xil balolarga duo va tazarru bilan qarshi chiqinglar".
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Qiyomat kunida jahannamdan uzunligi osmon bilan yer orasicha, kengligi mag‘ribdan mashriqqacha keladigan chayon bolasidan bo‘lgan Xarish ismlik bir narsa chiqadi. Jabroil (a.s.) undan so‘raydilar: "Qaerga ketyapsan, ey Xarish?" Xarish: "Arosatga", deb javob beradi. Jabroil (a.s.): "Kimni qidirib ketyapsan", deganlarida, u aytadiki: "Besh nafar odamni qidirib ketyapman, namozni tark qilguvchini, zakot bermaganni, ota-onasiga osiylik qilganni, aroq ichganni, masjidda befoyda so‘z so‘zlagan odamni".
Alloh taolo marhamat qilgandirki: "Albatta masjidlar Allohnikidir, Alloh bilan birga boshqani duoda sherik qilmanglar" ("Zubdatul vo’iziyn").
Abu Dardo (r.a.) aytdilar: "Men uchun boy bilan o‘tirishdan ko‘ra, qasr ustidan uloqtirib yuborilishim yaxshiroqdir, chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "O‘liklar bilan o‘tirishdan saqlaninglar", deganlar". "Ey Allohning Rasuli! O‘liklar kimlar?" deb so‘rashganda, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Boylar", deb javob bergan edilar".
Shuningdek, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: "Jannat ahllariga qaradim, ularning ko‘plari kambag‘allar ekan, do‘zax ahllariga qaradim ularning ko‘plari boylar ekan".
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Men jannat ahllarini ko‘rdim, qarasam muhojir, musulmon, faqirlar jannatga sa’y qilib kirishyapti, ular bilan jannatga kirayotgan boylardan faqatgina Abdurahmon ibn Avfni ko‘rdim". Albatta, u zot jannat bilan bashorat qilingan o‘n kishidan biridir.
Jannat bilan bashorat qilingan o‘n kishi quyidagilardir: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Talha, Zubayr, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Said ibn Zayd, Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhum).
Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Boylarga kambag‘allar tarafidan vayl bo‘lsin, Qiyomat kunida aytadilar: "Ey Parvardigorimiz! Ular berishlari farz bo‘lgan haqlarimizni bermay, bizga zulm qilganlar". Shunda Alloh taolo: "Izzatim va azamatimga qasamki, ularni, albatta, uzoqlashtiraman, sizlarni esa yaqin qilurman", deydi". So‘ng ul zot ushbu oyatni tilovat qildilar: "Ular (topgan) mol-mulklaridan so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni zakot) bergan zotlardir" (Maorij surasi, 24–25-oyatlar). Bir orif zotdan: "Ikki yuz dirham puldan qancha zakot berish vojib bo‘ladi?" deb so‘rashdi. U kishi aytdilar: "Omi xalqqa shariat bo‘yicha ikki yuz dirhamdan besh dirham berishga buyuradi. Bizga esa molning hammasini berish darkor bo‘ladi. Alloh taoloning: "Biz sizlarga bergan narsalarimizdan infoq-
ehson qilingiz", degan so‘zi uchun".
Shibliy hazratlaridan so‘rashdi: "Farzlar nima?" "Allohning muhabbati", deb javob berdilar. "Sunnatlar nimadir?" deb so‘rashdi. "Dunyoni tark qilish", dedilar. "Zakotning miqdori qancha?" deb so‘rashganda, "Hammasini berish", deb aytdilar. Shunda so‘raguvchi odam: "Siz o‘zi qaysi mazhabdasiz! Sizning imomingiz kim?" deb so‘radi. Shibliy hazratlari: "Abu Bakrning (r.a.), chunki u zot hamma mollarini sadaqa qilib, bitta kiyimda qolganlar", dedilar. Savol berayotgan odam:
"Qur’ondan hujjatingiz bormi? deb so‘radi. U kishi: "Ha", dedilar va Alloh taoloning: "Albatta, Alloh taolo mo‘minlardan o‘z nafslarini va mollarini sotib oldi..." degan oyatini o‘qidilar.
Hikoya qilinadi: Qorun ibn Yasxar ibn Qohas ibn Lovay ibn Ya’qub ibn Ishoq ibn Ibrohim (a.s.) – Musoning (a.s.) amakilarining o‘g‘li edi. Ammo Musoga (a.s.) qarshilik qilardi. Xuddi Somiriy Musoga (a.s.) ichida qarshilik qilib, munofiqlik qilgani kabi. Qorun Fir’avnning vaziri edi. Doim Musoga (a.s.) aziyat berar, u zot esa qarindoshligi uchun indamay sir tutardilar. Zakot amri nozil bo‘lganida, Qorun Muso (a.s.) bilan har ming dirhamdan bir dirham va har ming dinordan bir dinor beraman, deb sulh tuzdi. Vaholanki, unga molining to‘rtdan bir qismini zakot qilib berish vojib edi. Qorun sulh qilgach, mollarini yig‘ib jamladi, shunda tillo-kumushlari tog‘dek uyulib ketdi. Buni ko‘rgan Qorun, bu ko‘p, dedi. Baxilligi tutib bermadi. Uning xazinalarining kaliti oltmishta xachirga yuk edi. Har bir xazinaning bitta kaliti bo‘lib, kattaligi barmoqday edi. Qorun Bani Isroilga: "Muso sizlarning barcha mollaringizni olib qo‘ymoqchi", dedi. Ular vahimaga tushib: "Siz bizning kattamizsiz, xohlagan narsangizni buyuring", deb aytishdi. Qorun: "Menga falonchi fohishani keltiringlar! U ayol: "Muso men bilan bo‘lgan", desin", dedi. Ular o‘sha fohishani keltirishdi. Qorun unga ming dinor berib, sen: "Muso men bilan zino qilgan, men undan homiladorman", deb aytasan, dedi. Ertasi kun Qorun odamlarni to‘pladi. Shu kun ularning bayram kunlari edi. Qorun Musoga (a.s.): "Bizga bir nasihat qil", dedi. Muso (a.s.) so‘zlari asnosida quyidagilarni aytdilar: "Kim o‘g‘irlik qilsa, uning qo‘lini kesamiz. Kim birovni nohaq so‘kib ayblasa, darralaymiz. Kim zino qilsa va u oilalik bo‘lsa, albatta, uni toshbo‘ron qilib o‘ldiramiz". Shunda Qorun: "Agar bu ishni sen qilgan bo‘lsang hammi?" dedi. Muso (a.s.): "Ha, men qilgan bo‘lsam ham", dedilar. Shunda Qorun turib aytdiki: "Bani Isroil seni falon ayol bilan zino qilgan, deb aytyapti-ku?!" dedi. Muso (a.s.): "O‘sha ayolni chaqiringlar", dedilar. Ayolni olib kelishdi. Muso (a.s.) qasam ichib aytdilarki: "Seni va dengizlarni yaratgan, Tavrotni nozil qilgan Zot nomi bilan ayt, sen buni tasdiq qilasanmi?" Ayol talmovsirab, tili tutilib qoldi. So‘ng aytdiki: "Ey Muso! Aytilgan narsalardan sen poksan. Qorun menga ming dinor berdi va seni ayblashimni istadi", dedi. Muso (a.s.) sajda qildilar va Alloh taologa yig‘lab duo qildilarki: "Ey Parvardigorim! Agar men Sening nabiying bo‘lsam, haq payg‘ambaring bo‘lsam, meni qutqargin". Alloh taolo: "Ey Muso! Yerni sening amringga bo‘ysunuvchi qildim, xohlagan narsangni buyur", deb vahiy qildi. Muso (a.s.): "Kim Qorun bilan bo‘lsa, turaversin, kim men bilan bo‘lsa, undan ajrasin", dedilar. Insonlarning hammalari Muso (a.s.) taraflariga o‘tdilar, faqat ikki kishi Qorun bilan biri qoldi. Muso (a.s.) aytdilar: "Ey yer! Ularni yut!" Yer ularni tizzalarigacha tortdi, so‘ngra ikkinchi bora: "Ey yer! Ularni yut!" dedilar. Yer ularni bellarigacha ko‘mdi. Shunda ular Musoga (a.s.) yalina boshladilar. Muso (a.s.) uchinchi bor aytganlarida, yer ularni bo‘yinlarigacha ko‘mdi. Ular esa Musoga (a.s.) yalinishdan to‘xtamasdilar. Muso (a.s.) shunchalik g‘azablangan edilarki, achchig‘ida ularga qarab ham qo‘ymadilar. To‘rtinchi bor buyurganlarida, yer ularni butkul yutib yubordi. Shunda odamlar orasidan birovi: "Muso Qorunni duoibad qildi, uning xazina va qasrini egallash maqsadida shunday qildi", dedi. Buni eshitgan Muso (a.s.) Allohga duo qildilar, hatto Qorunning qasri va mollarini ham yer yutdi. Alloh taolo aytganidek: "Bas biz Qorunni ham, uning hovli-joyini ham (erga) yutdirdik" ("Mishkot").
Aytishlaricha, Qorun ot ustida ziynatlanib chiqar edi. U bilan birga to‘rt yuz suvoriy bo‘lar edi. Bu otlarning ustiga qizil ipak to‘shalgan. Qorunning uch yuzta quli, uch yuzta oq tan cho‘rilari bo‘lib, ularning ham egnilarida ipak va ziynatlar bor edi. U shu holida Musoga (a.s.) takabburlik qildi, Allohning buyruqlariga bo‘ysunmadi. Oqibat Alloh uni ham, hovli joyini ham yer yutdirdi.
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Me’roj kechasida Qof tog‘i orqasida odam bolalari bilan to‘la bir shaharni ko‘rdim. Ular meni ko‘rishlari bilan: "Sizning yuzingizni ko‘rsatgan Allohga hamd bo‘lsin, ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)!" deb aytdilar va menga iymon keltirdilar. Men ulardan: "Sizlar kimsizlar?" deb so‘radim. Ular aytishdiki: "Ey Muhammad! Biz Bani Isroil qavmidanmiz. Muso (a.s.) o‘lganlaridan keyin Banu Isroil o‘rtasida ixtilof yuzaga kelib, fisqu fasod zohir bo‘ldi va bu orada qirq uch anbiyoni o‘ldirdilar. Payg‘ambarlar qatlidan keyin ikki yuzta zohid
obid chiqib, ular xalqni yaxshilikka buyurishdi, yomonlikdan qaytarishdi. Bani Isroil ularni ham o‘ldirdi, xaloyiq orasida judayam qattiq buzg‘unchilik tarqaldi, so‘ng biz ularning orasidan chiqib, dengiz sohiliga keldik va Allohga bizni xalos qilishini so‘rab duo qildik. Biz Allohga duo qilayotgan paytimizda to‘satdan yer o‘pirilib, tushib ketdik. Yer tagida o‘n sakkiz oy qoldik, so‘ng mana shu makonga chiqdik. Muso (a.s.) bizga: "Birortangiz Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) yuzini ko‘rsa, ul zotga mendan salom aytinglar!" deb vasiyat qilgan. Bizga sizning muborak yuzingizni ko‘rsatgan Allohga hamd bo‘lsin", dedilar. Men ularga Qur’onni, namozni, ro‘zani, juma namozini ado qilishni va boshqa shar’iy hukmlarni o‘rgatdim".
Dostları ilə paylaş: |