"Yana havoriylarga (sen orqali): "Menga va payg‘ambarimga iymon keltiringlar", deb vahiy yuborganimda, ular: "Iymon keltirdik, (ey Parvardigor), bizning bo‘ysinguvchilar ekanimizga o‘zing shohid bo‘l!" deganlarini eslagin! Havoriylar: "Ey Iso binni Maryam, Parvardigoring bizga osmondan bir dasturxon nozil qilishga qodirmi?" degan paytlarida (Iso ularga): "Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Allohdan qo‘rqinglar", deb javob qildi. Ular dedilar: "Biz faqatgina u dasturxondan yeyishni va ko‘ngillarimiz taskin topishini hamda sening rost so‘zlaganingni aniq bilib, u dasturxonga guvohlik beruvchilardan bo‘lishni istaymiz". Shunda Iso binni Maryam: "Allohim, Parvardigor, bizga osmondan bir dasturxon nozil qilginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram va Sening oyat-mo‘’jizang bo‘lib qolgay. Bizni shu ne’matdan bahramand qilgil. O‘zing eng yaxshi rizq berguvchisan", deganida Alloh aytdi: "Men uni sizlarga tushirguvchiman, ammo shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki, butun olamlardan biron odamni unday azoblamagayman" (Moida surasi, 111–115-oyatlar).
Xabarlarda vorid bo‘lganki, uch narsa Allohning huzurida chivinning qanotichalik qadri yo‘qdir va ular tarozida tortilmaydi. 1. Huzu’ va xushu’siz o‘qilgan namoz. 2. G‘aflat bilan qilingan zikr. Chunki, Alloh taolo g‘ofil qalbning ibodati va duosini qabul qilmaydi. 3. Nabiyga (sollallohu alayhi vasallam) hurmat va niyatsiz aytilgan salovot. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) esa: "Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir", deb aytganlar ("Zubda").
Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Iso (a.s.) sahobalariga aytdilar: "O‘ttiz kun ro‘za tutinglar, keyin esa Allohdan xohlagan narsangizni so‘ranglar. Nimaiki so‘rasanglar, Alloh beradi". Ular ro‘za tutdilar, ro‘zadan forig‘ bo‘lganlaridan keyin aytdilarki: "Agar biz biror-bir kishi uchun amal qilganimizda, albatta, u taom bergan bo‘lardi". So‘ng Allohdan dasturxon so‘radilar. Dasturxonni farishtalar ko‘tarib olib kelishdi. Unda yettita kulcha-non va yettita baliq bor edi. Farishtalar dasturxonni ularning oldiga qo‘ydilar. Unga insonlarning kattayu kichigi qo‘l uzatib, non va baliqlardan yedilar".
Hazrati Ka’b (r.a.): "Dasturxonni osmonu Yer orasidagi farishtalar ochiq holatda ko‘tarib kelishgan, uning ustida go‘shtdan boshqa hamma taomlar bor edi", deydilar. Qatoda (r.a.) aytadilarki: "Uning ustida jannat mevalaridan bo‘lgan har xil mevalar bor edi". Atiyatul Avfiyning aytishlaricha: "Osmondan bir baliq tushgan, unda har bir narsaning ta’mi bor edi".
Savol: Iso (a.s.) bu dasturxonni o‘zlari uchun so‘raganlarmi yoki qavmlari uchunmi?
Javob: Zohir ko‘rinishda dasturxonni o‘zlariga so‘ragan bo‘lsalar ham, lekin har ikki ma’noning ehtimoli bordir (Nisoburiy). Aytishlaricha, Isoning (a.s) qavmlari Alloh taoloning: "Shundan keyin
sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki", oyatini oxirigacha eshitib, ulardan ba’zilari kufr keltirishdan qo‘rqib, o‘zlarini chetga olishdi va: "Biz bu dasturxonni istamaymiz", deb aytishdi. Shunda dasturxon nozil bo‘lmadi. Bu Imom Mujohid va Hasanlarning (r.a.) qavlidir. Lekin jumhur ulamo va mashhur imomlar aytgan sahih gap shuki, bu dasturxon nozil bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Iso (a.s.) g‘usl qilib, jun liboslarni kiyib, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Boshlarini egib, ko‘zlarini pastga tushirdilar-da, keyin tazarru’ bilan duo qildilar. Duolari ijobat bo‘ldi. Qarasalar ikki bulut orasida, qizil dasturxon turibdi. Shunda Iso (a.s.) yig‘lab aytdilarki: "Allohim! Meni shukr etguvchilardan qilgin, bu dasturxonni olamga rahmat aylagin. Uni ibrat azobi va uqubat qilmagin". So‘ng turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar va yig‘ladilar. Shundan so‘ng qavmlariga qarab: "Sizlarning ichingizdan amali yaxshirog‘ingiz tursin-da, bu dasturxonni ochsin, so‘ng Allohning ismini zikr qilsin va undan yesin", dedilar. Havoriylarning peshqadami bo‘lgan Sham’un: "Siz hammadan ko‘ra bu narsaga loyiqroqsiz", dedi. Iso (a.s.) turib yana tahorat qilib, namoz o‘qidilar, so‘ngra dasturxonni ochdilar va: "Rizq berguvchilarning yaxshirog‘i bo‘lgan Allohning nomi bilan boshlayman", deb aytdilar. Dasturxonni ochib qarashsa, qiltanoqsiz, tangachalarsiz qovurilgan baliq bor ekan. Uning yog‘lari oqib turardi. Bosh tarafida tuz, dumi tarafida sirka, atrofida esa piyozdan boshqa turli-tuman o‘simliklar bor edi, ustida beshta kulcha bo‘lib, ulardan birining ustida zaytun, ikkinchisida asal, uchinchisida yog‘, to‘rtinchisida pishloq va beshinchisida esa quritilgan go‘sht bor edi. Shunda Sham’un hayratlanib: "Ey Ruhulloh! Bu narsalar dunyo taomlaridanmi yoki oxirat?" deb so‘radi. Iso (a.s.) aytdilarki: "Ikkovidan ham emas, bu narsalar Alloh o‘zining qudrati bilan paydo qilgan xos ne’matlardir. So‘ragan narsalaringizni yenglar va Allohga shukr aytinglar. Shunda U zot sizlarga madad berib, o‘z fazlini yanada ziyoda qilgay". Havoriylar aytdilar: "Ey Ruhulloh! Bu oyat- mo‘’jizadan bizga boshqa yana mo‘’jiza ko‘rsatsangiz". Iso (a.s.) aytdilar: "Ey baliq! Allohning izni bilan tiril". Baliqqa shu zahoti jon kirib qimirladi. So‘ngra Iso (a.s.): "Eski holingga qaytgin", dedilar. Baliq yana qovurilgan holatiga qaytdi. So‘ng dasturxon uchib ketdi. Shundan keyin qavm Allohga osiylik qildi va maymun-cho‘chqalarga aylanib qoldi.
Mazkurdirki, ularga dasturxon qirq kun vaqti-vaqti bilan kelib turgan. Uning atrofiga boy- kambag‘al, katta kichiklar yig‘ilib, ne’matlardan tanovul qilgan, keyin dasturxon ko‘kka ko‘tarilib ketgan. Ular esa, uning soyasida unga nazar solib qarab turishgan. U dasturxondan bir kambag‘al yeydigan bo‘lsa, boyib ketar edi. Agar kasal yeydigan bo‘lsa, batamom tuzalib, boshqa hech qachon kasal bo‘lmasdi. Keyin esa Alloh taolo Isoga (a.s.): "Bu dasturxondagi ne’matlardan faqir va kasallar yesin, boy va sog‘ odamlar yemasin", deb vahiy yuborganida, boylar iztirob chekib, bunga norozi bo‘lishdi. Shu inkor va e’tirozlari bois, ular o‘tlar ichidagi axlatni yeydigan va axlatxonalarda yuradigan cho‘chqalarga aylanib qolishdi. Buni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, Isoga (a.s.) murojaat qilishdi. O‘zlarini tutolmay dod-faryod qilishdi. Cho‘chqalar Isoni (a.s.) ko‘rishlari bilan u kishining atroflarida aylanar va yig‘lashar edi. Iso (a.s.) ularni bittama-bitta ismlari bilan chaqirar edilar. Ular esa gapirishga qodir bo‘lolmay yig‘lar, boshlari bilan ishora qilishardi. Shunday holatda ular uch kun yashashdi, so‘ngra halok bo‘lishdi.
Ey birodarlar, Iso (a.s.) qavmi u zotdan taom so‘radi. Sizlar esa ro‘zalaringiz ketidan Allohning marhamati va rahmatini so‘ranglar. Albatta iyd iyd deb nomlanadi, chunki u yilda ikki marta kelgani uchundir.
Ibn Ma’suddan (r.a.) rivoyat qilindi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ramazon oyi ro‘zasini tutsanglar, iyd bayramga chiqsanglar, Alloh taolo farishtalariga aytadi: "Ey farishtalarim, albatta, har bir amal qilgan odam ajrini talab qiladi. Ramazon oyi ro‘zasini tutgan va iyd-bayramlarini nishonlash uchun chiqqan bandalarim ajrlarini talab qilyaptilar. Guvoh bo‘linglarkim, Men ularni mag‘firat qildim". Bir nido qilguvchi: "Ey Muhammadning (alayhissalom) ummati, uylaringizga qaytinglar, sizlarning gunohlaringiz Alloh taoloning fazli ila yaxshilikka aylantirildi", deb nido qilur. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytganlaridek, fitr kuni insonlar namozgohga chiqib, Rabbilariga sajda qilsalar, Alloh taolo aytadi: "Ey bandalarim! Men uchun ro‘za tutdinglar, Men uchun iftor
qildinglar, Men uchun namoz o‘qidinglar, endi o‘tgan va keyingi gunohlaringiz mag‘firat qilingan holda turinglar".
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Fitr kunida sadaqa berishga, yaxshi ishlar qilishga va namoz zakotdan bo‘lgan yaxshiliklaringizni ko‘paytirishga jiddu jahd qilinglar. Tasbihu tahlilni ko‘paytiringlar, chunki bu kun Alloh sizlarning gunohlaringizni kechiradigan, duolaringizni ijobat qiladigan va sizlarga rahmatu mag‘firat bilan qaraydigan kundir".
Vahb ibn Munabbah aytadilar: "Iblis har iyd bayramida xafa bo‘lur. Uning atrofida iblischalar yig‘ilishib: "Ey sayyidimiz! Osmon va yer ichida kim sizni xafa qildi, biz uni parcha-parcha qilurmiz", deyishadi. Iblis aytadi: "Alloh mana shu iyd kuni bu ummatni mag‘firat qildi. Shunga xafaman. Endi sizlar ularni Alloh man qilgan lazzatlar va aroq ichish bilan qattiq mashg‘ul qilinglar. Toki Allohning g‘azabi kelib, ularni azoblasin" ("Zubda").
Dostları ilə paylaş: |