www.ziyouz.com kutubxonasi
11
dardlar va dardmandlar ko’payadi. Tug’iluvchidan ko’ra o’luvchi ko’p bo’ladi. Erkaklardan
ko’ra ayollarning hisobi ortiq keladi. Ba’zi ellarda to’qlik, farovonlik ortib, ba’zilarida
qattiq ochlik hukm suradi. Mashriq tarafdan Ya’juj-Ma’juj qavmi yer yuziga tarqaladi.
Ular mag’rib xalqlarining ustidan g’alaba qozonib, o’z hukmini, jabrini o’tkazadilar.
So’ngra bir kazzob ko’pchilikni o’ziga tobe qiladi, fosiqlikni o’rgatadi. Uning ismi
Dajjoldir. Dajjol xaloyiqni yo’ldan ozdirib yurgan vaqtida Payg’ambarimiz Muhammad
alayhissalomning qizlari hazrati Fotima naslidan bo’lmish solih zot xalqni va’z va nasihat
bilan fosiqlikdan va imonsizlikdan qaytarib, yaxshilik va odillikni targ’ib qiladi hamda
qo’shin to’plab Dajjol qavmiga qarshi jang qiladi. Ul zotning ismlari Mahdiydir. O’sha
vaqtlarda osmondan Iso alayhissalom yerga tushib, hazrati Mahdiyga yordam beradi.
Ushbu urushda Dajjol halok bo’ladi va askarlarining ham aksari qirilib ketadi. Qolganlari
hazrati Iso bilan Mahdiyga tobelikka o’tadilar. O’sha zamonda Iso bilan Mahdiy adolatli
hukumat o’rnatib, bir necha yillar osoyishta yashaydilar. Ezgu niyatli kishilar ko’payadi.
Xazina va chorva mollari juda barakali va ziyoda bo’ladi. Davlatmandlar ko’payadi.
Hatto, zakot va sadaqa oluvchi kishi topilmaydi. So’ng yana kishilar imonsizlik va gunoh
tomonga yuzlanadilar. Keyin esa g’arb tomonda sovuq shamol qo’zg’alib, mo’minu
musulmonlarni ado qiladi. Yer yuzida faqat imonsiz, gunohkor kishilar qolib, hamma
tomonni bulg’alaydilar. Va nihoyat, Alloh taoloning hikmati bilan quyosh teskaridan,
ya’ni mag’ribdan chiqadi. Ushbu kun dunyoning so’nggi kunidir. Ushbu kungacha tavba
qilib qolish kerak. So’ng tavba-tazarru’lar qabul etilmas. Yer yuzini dud bosib, har tirik
kishining hushi yo’qolur. So’ng farishta Isrofil surni chalib, jondorlarning tanasidan joni
chiqishiga ko’maklashadi. Qattiq shamol turib yer yuzini xarobaga, dashtga aylantiradi.
Alloh taolodan o’zga biror tirik narsa qolmas.