www.ziyouz.com kutubxonasi
124
vakillari deb hisoblab kelganlar. Shialarning I.i - Allohning noibi, u orqali Allohga
yaqinlashish mumkin, I.lar payg‘ambarlarga xos bilimlar merosxo‘ri. Biroq Ali avlodlari
tabiiy ravishda bo‘linib, tarqalib keta borgan sari oliy hokimiyatga da’vogarlik qilishi
mumkin bo‘lganlar soni ko‘paya bordi. Ali avlodlarining turli shajarasi vakillarini I.
sifatida tan olgan shialik har xil oqim va jamoalarga bo‘linib ketdi. Zaydiylar, ismoiliylar,
imomiylar, "keskin" shialar oliy hokimiyatni berish qoidasi, I.ning huquq va burchlari,
I.larning hukmron sulola bilan hamkorlik qilishi mumkinligi, ularning "adolatsiz"
hukmdorlarga munosabati va h.k. masalalarni turlicha talqin qildilar. Ko‘pchilik uchun
hoz. vaqtda Ali avlodlari bo‘lgan haqiqiy I. yo‘q. Shialarning diniy rahnamolari - "din
odamlari" (rijal ad-din) uning to‘la huquqli vakillaridir. I. atamasi shialik va sunniylikda,
shuningdek, yirik diniy rahnamolar, katta qavmlarning rahbarlari, diniy mazhab va
maktablar asoschilari (Abu Hanifa, al-Ash’ariy, Humayniy va h.k)ga hurmat yuzasidan
ham qo‘llaniladi.
IMOM BUXORIY - q. Buxoriy.
IMOM al-BUXORIY YODGORLIK MAJMUI - Samarqand yaqinidaga me’moriy
yodgorlik, qadamjo. Chelak tumanining Xartang qishlog‘ida joylashgan. O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 y. 29 apr.dagi "Imom al-Buxoriy
tavalludining hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha 1225 yilligani nishonlash to‘g‘risida"gi
qaroriga muvofiq Prezident Islom Karimov loyihasi asosida allomaning maqbarasi o‘rnida
barpo etildi. Majmua 1998 y.da ochilgan. Yodgorlik majmui avvalo ziyoratgoh, qadamjo,
so‘ng kundalik, juma, hayit namozlari o‘qiladigan joy vazifasini o‘taydi. Umumiy mayd.
10 ga ni tashkil etadi. Majmuada maqbara, ma’muriy bino, masjid, kutubxona, ilmiy
xodimlar xonasi va b. yordamchi xonalar mavjud. Masjid va peshayvonida 1500 gacha
kishi namoz o‘qishi mumkin. Masjid ichidagi mehrobning o‘ng tomoniga O’zbekiston
Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Saudiya Arabistoni podshohi Fahd ibn Abdul
Aziz tuhfa qilgan kisva -Ka’bapo‘sh parchasi osib qo‘yilgan. Kutubxonada Qur’onning
noyob qo‘lyozmalari, turli nashrlari, Imom Buxoriy asarlaridan namunalar va b. kitoblar
bor. Majmua to‘rida, maqbaraning orqa tarafida hadis ilmini o‘rganishga mo‘ljallangan
o‘quv markazi -"Dorul hadis" binosi joylashgan. Bu yodgorlik majmui keyingi asrlarda
bunyod etilgan ulkan va noyob inshootdir. U yosh avlodni ezgulik ruhida tarbiyalaydigan,
har bir insonni hayot va abadiyat haqida o‘ylantiradigan aziz maskanga aylandi.