www.ziyouz.com kutubxonasi
287
mu’attila mazhablariga o‘xshab inkor ham qilmaslikdan iboratdir. Keyingi paytda T. so‘zi
tafsirlash, sharhlash kabi ma’nolarda ham ishlatilmoqda.
TA’ZIYA (arab. - yupatish, hamdardlik bildirish) — azador kishiga tasalli berish, ahvol
so‘rash. T.da marhumning oila a’zolari va yaqinlariga qarindoshlari, do‘st-yorlari,
qo‘shnilari, hamkasblari tomonidan hamdardlik bildiriladi. Islomda marhumning janoza
namozida, dafn marosimida qatnashish, T. bildirish savob ishlardan hisoblanadi. Islom
ta’limotiga ko‘ra, mo‘minlar barchalari bir-birlari ila birodardirlar. Bu birodarlikni Qur’on
oyatlari va Payg‘ambar (as) hadislari ham qo‘llab-quvvatlaydi. Mo‘min kishi qanchalik
solih, e’tiqodli, ibodatli bo‘lsa ham baribir gunoxdan xoli bo‘lmaydi. Faqat Alloh va uning
payg‘ambarlarigina gunohsizdirlar. Birodar degani aka-uka, tug‘ishgan deganidir.
Bunday holat ularning bir-birlariga xayrixox ekanliklarini taqozo etadi. Payg‘ambarimiz
(as) "bir mo‘minning ikkinchi mo‘min birodari orqasidan, g‘oibona qilgan duosi qabul
bo‘lishga yaqin" deganlar. Vafot etgan birodarga eng kerakli va foydali narsa uni duo
qilish, gunohini Allohdan so‘rash. Janoza va T.dan maqsad aynan shunday duodir.
Binobarin, janoza Payg‘ambarimiz (as)dan qolgan sunnat. Bir birodarning ikkinchi
birodardagi haqqi hisoblanur. T.ning muddati va adadi 3 kun ichida bir bor T. bildirish.
Mabodo bu uch kun ichida T. bildiruvchining imkoniyati bo‘lmasa yoki T. bildiradigan
birodar safarda bo‘lsa, bu muddatdan so‘ng bildirsa ham joizdir.
TA’LIMIYLAR - qarmatlarning ikkinchi nomi. Bularda firqaga yangi kirganlarga ta’lim
berish qattiq qoida asosida olib borilgani sababli, ular T. nomi bilan ham atalgan.
TA’TIL ("mahrum qilish, mahrum deb hisoblash") - musulmon ilohiyotchilari tomonidan
ba’zi ta’limotlarni ta’riflash uchun qo‘llaniladigan istiloh. Bu ta’limotlarga ko‘ra, 1) dunyo
Yaratguvchidan mahrum (ta’til al-olam anas-soni’), "ba’zi dahriylar"ning da’vosiga ko‘ra,
olam tasodifan yaratilgan deb hisoblash; yoki 2) Yaratguvchi yaratishdan mahrum (ta’til
as-soni’ anas-sun’), dahriylar dunyoning abadiy ekanligani da’vo qilishlari kabi; yoki 3)
Yaratguvchi sifatlari, ismlari, ta’riflaridan mahrum deb hisoblash (ta’til al-bori’ an as-sifat
va-l-asmo va-l-ahkom), "ba’zi qadimgi faylasuflar"ning, shuningdek, "o‘ta" shialar va
botiniylarning ta’limotiga ko‘ra; yoki 4) Yaratguvchi Uzining mohiyati va ijobiy ma’nodagi
sifatlaridan mahrum (ta’til al-bari’ an as-sifat az-zatiya va-l-ma’naviya), sharqiy
peripatetiklar (mas., Ibn Sino) ta’limoti Allohga faqat munosabatdor (sifat al-idafa) va
salbiy (sifat al-salb) xususiyatlar xos deb da’vo qiladilar; yoki 5) Yaratguvchi faqat o‘ziga
xos azaliy sifatlardan mahrum (ta’til al-bori’ an as-sifot al-azaliya az-zotiya al-qo’ima bi-
zotihi), mu’taziliylarning at-tavhid ta’limotiga ko‘ra; yoki 6) Qur’on va sunnaning matniy
mazmuni undagi ma’nodan mahrum qilinadi (ta’til zavohir al-kitob va-s-sunna an al-
ma’oniy allati dallat alayho), qachonki mazmunan "ravshan" bo‘lgan muqaddas matnlar
ramziy-majoziy talqin etilsa (at-ta’vil). Mana shu barcha ma’nolarda T. istilohi Allohni
yuqoridagi 3-5 moddalardagi sifatlardan, ismlar va ta’riflardan "mahrum" qilgan
mutafakkirlarni ta’riflashda ishlatiladigan al-mu’attila istilohi kabi nojo‘ya ma’no kasb
etdi. Bu mutafakkirlarning o‘zlari esa, tegashli nuqtai nazarlarini at-tanzih deb baholab
uni at-tashbihga qarshi qo‘yganlar.