23. Fir'avn dedi: "Olamlar Parvardigori (deganing) nimasi yana?" 24. (Muso) aytdi: "Agar ishonadigan bo'lsanglar, U osmonlar va Yerning hamda ularning orasidagi barcha narsalarning Parvardigori (murabbiysi)dir". 25. (Fir'avn) atrofidagi (a'yon)larga: "Eshitmayapsizlarmi", - dedi. 26. (Muso) aytdi: "(U) sizlarning ham, o'tgan ota-bobolaringizning ham Parvardigoridir". 27. (Fir'avn) dedi: "Sizlarga yuborilgan (bu) payg'ambaringiz, qasamki, jinnidir". 28. (Muso) aytdi: "Agar aql ishlatuvchi bo'lsangizlar, U mashriq va mag'rib hamda ularning o'rtasidagi narsalarning (ham) Parvardigoridir". 29. (Fir'avn) dedi: "Qasamki, agar mendan o'zgani iloh qilib oladigan bo'lsang, albatta, men seni zindonbandlardan qilurman!" 30. (Muso) aytdi: "Agar men senga aniq narsa (mo''jiza) keltirsam-chi?" 31. (Fir'avn) dedi: "Bas, agar rostgo'ylardan bo'lsang, o'sha (mo''jizang)ni keltir-chi?!" 32. (Muso) asosini tashlagan edi, birdaniga u aniq ajdahoga aylandi. 33. Qo'lini (qo'ynidan) chiqargan edi, bexos u qarab turganlarga oq bo'lib ko'rindi, (holbuki, Muso o'zi qoramtir odam edi). 34. (Fir'avn) atrofidagi zodagonlarga: "Aniqki, bu (Muso) bilimdon sehrgardir. 35. U o'z sehri bilan sizlarni o'z yerlaringizdan chiqarmoqchi. Nima deysizlar?" - dedi. 36. Ular aytishdi: "Uni va akasi (Horun)ni qo'yib turgin-da, hamma shaharlarga (sehrgarlarni yig'ib keladigan kishilarni) jo'natgin! 37. Ular senga barcha o'tkir sehrgarlarni keltirsinlar!" 38. Bas, sehrgarlar ma'lum kunda belgilangan joyga to'plandilar.