www.ziyouz.com kutubxonasi
54
Payg’ambarimiz nima uchun «omin» dedilar, deb qiziqibdilar. Xutba tugab, pastga
tushishlari bilan vaqtdan foydalanib, yaqinlariga kelib so’rabdilar:
«Yo Rasululloh! Siz bu safar xutba o’qimoq uchun chiqayotganingizda oldin hech ham
qilmagan yangi bir ishni qildingiz. Minbar zinalaridan ko’tarilish uchun har qadam
bosganingizda «omin» dedingiz. Buning sababi nima?»
Payg’ambarimiz aytdilar:
«Jabroil alayhissalom kelib, ota-onasi yoki ikkisining birining hayotligida ularning
hurmatini qozonib, jannatiy bo’lib olmagan kishi xor bo’lsin, burni yerga ishqalansin!» –
dedi. Men esa «omin» dedim.
Ota-onamiz salomat, hayot bo’lsalar, yaxshi farzandlik burchimizni bajarishimiz,
duolarini olib, jannatni qozonishimiz kerak ekan. Jannat egallanar ekan.
Keyingisi:
«Ramazon oyi kelib ketadi, biror kishi o’z holini o’zgartirib, Allohning yaxshi quli bo’la
olmasa ham xor bo’lsin, uning burni ham yerga ishqalansin», – dedi, unga ham «omin»
dedim. Bunisi ayni zamonda bizlarga aloqador. Hozir ramazon oyining ichidamiz.
Ramazonning oxirida ikki tahlika bor:
1. Ramazonda ibodatlar qabul bo’lmasdan, ramazonni qo’ldan boy berish;
2. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek, Jabroil alayhissalomning duoi
badlariga mubtalo bo’lib qolasan.
Uchinchisi:
«Mening ismim biror kishining nazdida tilga olinganida, Muhammad Rasululloh deyilsa, u
odam menga salotu salom aytmasa, «Allohumma salli ala sayyidina Muhammadin va alo
ali sayyidina Muhammad», – demasa, Jabroil alayhissalom «U ham xor bo’lsin, uning
ham burni yerga ishqalansin!» – dedi. Men ham «omin» dedim».
Demak, o’n ikki rak’atdan keyingi o’qiladigan duo, salavot va u kishini madh etgan
na’tlarni yod oling! Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni seving! Rasululloh sallallohu
alayhi vasallamning oshig’i bo’lishimiz lozim! Hammamiz Rasululloh sallallohu alayhi
vasallamni sevishni o’rganaylik!
Sevgi ham bir ta’lim. Sevgi o’rganiladi, o’rgatiladi. Farzandlaringizni Rasululloh sallallohu
alayhi vasallam sevgisi bilan yetishtirasiz. Bola Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni
jonidan ortiq sevadi! Siz ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni jondan sevasiz!
So’zlarini, hadislarini, nasihatlarini mahkam tutasiz! Chunki, ichingizda Rasululloh
sallallohu alayhi vasallam sevgisi bo’lmay turib, haqiqiy musulmon bo’lolmaysiz.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
«Jonim qo’lida bo’lgan Allohga qasam bo’lsinki, sizlardan birortangiz haqiqiy mo’’min
bo’la olmaysiz. Men unga otasidan, farzandlaridan ham sevgiliroq bo’lmagunimcha, u
haqiqiy imon egasi bo’lolmaydi!» – dedilar.
Demak, mo’’min kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni otasidan ham, bolasidan
ham, seviladigan insonlarning hammasidan ham ortiq sevadi! Xotinidan ham ziyodaroq
yaxshi ko’radi! Shunday qilmagunigacha haqiqiy mo’’min bo’lmaydi.