www.ziyouz.com kutubxonasi
64
«Kim ramazonda ro’zasini tutsa, ya’ni, kim ramazon ro’zasini tutib, ramazonning maxsus
sunnati bo’lgan tarovih namozini o’qisa, imon keltirib, mo’min holda savobini Allohdan
kutib bu amallarni bajarsa, uning oldingi va kelajakdagi gunohlari kechiriladi».
Boshqa bir mashhur hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ramazon
oyini ta’riflab aytadilarki: «Ramazonning boshi Allohning rahmatiga, marhamatiga
erishmoqdir. O’rtasi gunohlarning kechirilishi, afvu mag’firat etilishidir. Oxiri esa,
jahannamdan ozod bo’lishidir». Banda ro’za tutishni boshlashi bilan Ramazonning
boshida Allohning marhamatiga erishadi, o’rtasida mag’firat etiladi, oxirida esa «Sen
endi jahannamdan qutulding, ozod bo’lding!» – degan mujdaga erishadi va
jahannamdan najot topadi, inshoalloh. Ammo:
«Agar kishi shunday chiroyli savoblari bo’lgan ushbu ramazon oyida Allohning rahmatiga
erisha olmasa, xayrlarga noil bo’lolmasa, demakki, u qaroqchidir», – deb aytmoqdalar
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam.
Qaroqchi deganida, tog’lardagi qaroqchi tushunilmaydi. Islom adabiyotida inson ikki
toifaga bo’linadi: birinchisi – suado, saidlar zumrasi, ya’ni, dunyo va oxirat saodatiga
erishib, jannatga boruvchilar. Ikkinchisi – ashqiyodir. Shaqiylar, ya’ni Allohning
rahmatiga erisholmagan do’zaxiylar zumrasi degani... Shaqiy – jahannamiy, said –
jannatiy deganidir. Demak, «Ashqiyo ramazon oyining fayzidan, barakotidan,
rahmatidan foydalana olmaganlar. Aslida haqiqiy saodatdan mahrum qolganlar shu
toifadir», – demoqdalar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam...
Hozir yo’lda ko’rdim, birov sigaretini olib yoqdi. Eski hammom, eski tos. Sen Ramazonda
kunduzlari Alloh hatto halol qilgan narsalariga sabr qilgan eding: yemasding,
ichmasding, sen uchun odatiy hol bo’lgan narsalarni bajarmasding. Oqshom esa, nima
uchun makruh, ba’zilariga ko’ra harom bo’lgan narsani bajarayapsan? O’zingni tutishing
kerak edi! Demak, sen bu ishning ruhini fahmlay olmabsan. Ramazonda taqvo sohibi
bo’lishing, nafsingga hokim bo’la olishing, yomonliklarni tark eta oladigan holatga
kelishing lozim edi. Bu holga yetib kelmabsan. Ammo, hali ramazon tugagani yo’q, ish
nihoyasiga yetganicha yo’q. Yana o’n to’qqiz kun bor, oldimizdagi kunlarda g’ayrat
ko’rsatib, Alloh taoloning rahmatini qozonishga harakat qilaylik!
Alloh taolo barchamizni tavfiqi samadoniyasiga mazhar qilsin. Bu go’zal oyning xayru
barakotidan foydalanib, Alloh sevgan taqvo ahli, solih bir mo’’min holiga kelishni nasib
etsin. Yomon xulqlarimizni tark etib, go’zal axloqlarga erishishni nasib aylasin.
Yana bir hadisi sharif bor, uning ta’siri ramazondan keyin ma’lum bo’ladi. Bir inson
ramazondan keyin ramazondagi chiroyli axloqlarini tark etib, ramazondan oldingi holiga
– past saviyaga tushib qolsa, bu – tutgan ro’zalari, qilgan toat – ibodatlarining qabul
bo’lmaganligi alomati. Qabul bo’lganligining alomati esa holatining yanada yaxshi holga
o’zgarishidir. Ramazondan oldingi holidan farqli, ramazondan keyingi holati juda ham
chiroyli bo’lishi kerak!
Alloh taolo barchamizni g’aflat uyqusidan uyg’otsin, orif, ogoh qullaridan qilsin.
Umrimizni o’zining rizosi yo’lida kechirishga muvaffaq aylasin, tavfiqini rafiq etsin, xos
bandalaridan bo’lishimizni nasib qilsin. Husni xotima ila oxiratga borishni lutf aylasin.
Hammamizni jannati va jamoliga musharraf etsin.