To‘yxonami o‘zi, bu? — dedi Zelixon, Ahadbey bilan quchoqlashib ko‘rishib. — Nimaga jimjit? Mana, o‘zbekning eng zo‘r ashulachisini olib keldim. To‘yingni gullatib beradi.
To‘yingning dovrug‘i butun Farg‘onaga taralmasa, basharamga tupurasan. Ahadbey oshnasining gaplaridan kulimsirab, Elchin bilan ko‘rishdi.
Mana, sizlar keldingiz, to‘y endi boshlanadi-da, — deb ularni ichkari boshladi. Pastak deraza oldida o‘tirgan Ismoilbey ularni ko‘rgan edi. Mehmonlar ostona hatlab uyga kirmay turib, ularga peshvoz chiqdi.
Omon keldingmi, bolam, ko‘zim to‘rt bo‘lib o‘tiruvdim.
Samolyot vaqtida uchmay, xunob qildi. Elchin, yetmishga kirgan kuyov bola shu kishi bo‘ladi. Qani ota, qo‘lni uzating, — Zelixon shunday deb Ismoilbeyning barmog‘iga tilla uzuk taqdi. Ikkinchi uzukni cholning kaftiga qo‘ydi. — Bunisi xolamga, o‘zingiz taqib qo‘ying. Ahadbey, oshna, sen bilan men baxtli odammiz. Ota-onasining oltin to‘yini ko‘rish hammaga ham nasib qilmaydi. — Zelixon yon cho‘ntagidan taxi buzilmagan bir dasta pul chiqarib, Ahadbeyga uzatdi.— Hozir bitta buqa topib ag‘darasan. Qozonning kattasini os. Oshdan yeganlarning hammasi shu yoshga yetsin, oltin to‘ylarni ko‘rsin.
Mikrofonlarni o‘rnat, hofiz tinmasdan ashula aytadi. Elchin kelganini bilsa uyingga odamlar sig‘may ketadi. O‘zbeklarga o‘zbekchasini, turklarga turkchasini aytadi. Chechenchasini bilmaydi bu xumpar, bilsa uni ham aytardi. Bu hofizga yetadigani yo‘q, olamda!
Bolam, kel o‘tir, — dedi Ismoilbey, bosiq ohangda. Shu ohang Zelixonning tantanavor kayfiyatidagi hovurni o‘chirdi. Ota-bolaning ko‘zlarida shodiyona uchquni ko‘rinmaganidan ajablanib, chol ko‘rsatgan tomonga o‘tib o‘tirdi. Ismoilbey pichirlab duo o‘qib, yuziga fotiha tortdi.
Nima gap, tinchlikmi o‘zi? — dedi Zelixon.
Tinchlik, — dedi Ismoilbey, keyin o‘zicha nimadir deb pichirlab, ko‘zini yumdi. Bir necha tundan beri u tushida dengizni ko‘radi. To‘lin oy dengiz adog‘iga yonboshlab, mavjlar uzra uzun nurli poyandoz yozadi. U shirintoy o‘g‘lini yelkasiga o‘tqazib, shu poyandoz ustida yurib boradi. Birdan oy yuzini bulut parchasi to‘sadi. Poyandoz yo‘qolib u suvga sho‘ng‘iydi. Qancha tipirchilamasin, suv qa’riga tortaveradi. Bu manzarani bir marta ko‘rsa, suv yorug‘lik degan ta’birni eslab qo‘ya qolardi. Ketma-ket ko‘rayotgani uchun hayron... Kechagi voqeadan so‘ng ko‘ngliga xavotir oraladi.
Maskovdagi vakillar kelishdimi? — deb so‘radi Zelixon. U ota-bolaning noxush kayfiyatiga shu ta’sir etdimikin, deb o‘yladi.
Qaytishdi, — dedi Ahadbey, otasiga bir qarab olib. — Tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushib qaytishdi. Maskovning qaytargisi yo‘q.
Duch kelgan yerlarda yashab ketaveradigan odamlar Vatanning qadriga yetarmidi? Qorin dardidagi odam Vatan dardiga tushuna olmaydi. Bormanglar, devdim, quloq solishmadi, — Ismoilbey shunday deb xo‘rsindi. — Vatanga qaytaradigan niyati bo‘lsa, o‘shanda haydab chiqarishmas edi. Yaxshilik bilan bitadigan ish emas bu.
Xohlasangiz, O‘zbekiston ichida muxtor viloyat tashkil etib beraylik, deyishibdi.
Bundan foyda bormi? — dedi Zelixon Ahadbeyga qarab.
Ularga naf bordir. Na turklar, na o‘zbeklar bir naf ko‘radi bundan.
Bizga muxtor viloyat emas, Vatan tuprog‘i kerak, — dedi Ismoilbey. — Maskovga umid bilan ketdilar-u, jonga halovatli xabar keltira olmadilar. Bu yurakda endi na quyosh bor, na nur, na hayot qo‘shig‘i bor. Daryodagi yolg‘iz qayiqday, mayoqsiz suzamiz. Yurt g‘aflat uyqusida bejon va behush. Qo‘rqinch bulutlari daf bo‘lib, oydin chiqar, deb yanglishibmiz...
Zelixon tizzasiga shapati urdi.
Maskov bugun ko‘nmagan bo‘lsa, ertaga ko‘nadi. Shunga motam tutib o‘tiribsizlarmi? To‘y to‘ydek bo‘lsin!
Ismoilbey asta o‘rnidan turib, qaddini mashaqqat bilan tikladi-da, uydan chiqdi.
Oqsoqolni xafa qilib qo‘ydimmi? — dedi Zelixon, Ahadbeyga ajablanib qarab.
Yo‘q, xafa bo‘ladigan gap gapirmading. Bir-ikki kundan beri ko‘ngillari nima uchundir xijil bo‘lib yuribdi.
O‘zing-chi? Sen nimaga tumshug‘ingni osiltirib olgansan? Nimaga odamlar ko‘rinmaydi? To‘y bugunmi yo ertagami?
To‘y... to‘yni qoldirdik, oshna.
Nima uchun?
O‘tgan kuni Quvasoyda janjal chiqqan.
O‘zbeklar bilanmi?
Ha. Pivoxonada boshlanibdi.
Fedya o‘sha yerda ekanmi?
U ko‘rinmay qoluvdi. Ammo...
Oxiri nima bo‘ldi?
Bir yigitni otib qo‘yishibdi.
Yigit kim, o‘zbekmi, otgan — turkmi?
Otganni o‘zimiz ushlab topshirdik. Tez sud qilib hukm chiqaringlar, deb talab qilib turibmiz. O‘zbeklar orasida g‘alati gap-so‘zlar tarqalyapti.
Qanaqa?
Ahadbey jimgina o‘tirgan Elchinga bir qarab olib, past ovozda dedi:
Turklarning vahshiyligi haqida.
Demak, boshlanibdi...— dedi Zelixon, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday. — To‘yni to‘xtatib to‘g‘ri qilibsan. Elchin, sen uyingga qaytaver.
Selim ularni xushchaqchaqlik bilan kutmadi. Uning qarashida xavotir ham sezilmadi. Aksincha, kutilmagan mehmonlarga hushi yo‘qligini yashirmadi. Uyga kirishlari bilan Zelixon shart orqasiga o‘girilib, uni yoqasidan oldi.
Otgan bola kim? — dedi g‘azab bilan.
Tanimayman.
Selim so‘zini tugatmay, qornidan musht yedi.
Cho‘pchagingni enangga aytasan, — dedi Zelixon ikkinchi mushtni tushirib. — Kim deyapman, sening odamingmi?
Yo‘q, bu janjalga biz aralashmadik. U bola hech kimning odami emas.
Qaerda o‘tiribdi, Farg‘onadami?
Yo‘q, shu yerda.
Hozir olib borasan, uchrashtirasan.
Milisaga gapim o‘tmaydi.
Qorniga tushgan uchinchi musht zarbi kuchliroq bo‘ldimi, harholda Selim milisaga so‘zi o‘tishi mumkinligini eslab qoldi.
Milisaxonadagilar Selimning iltimosini rad etolmay, «qotilning amakisi bo‘lmish» Zelixonga besh daqiqalik uchrashuvga ruxsat berishdi. To‘s-to‘polonda uyidan miltiq chiqarib o‘q uzgan yigitni ko‘rgan odam uni birov bilan urushadigan holi bor, deb o‘ylamas edi. Muk tushib yotgan yigit Zelixonni tergovchi deb o‘ylab, erinibgina qaddini ko‘tardi. Yigitning yuz-ko‘zida ko‘kargan yoki tirnalgan joy yo‘q edi. Ko‘zlarida ham azob uchqunlari sezilmasdi. «Nahot, urib-tergashmagan bo‘lsa...». Zelixon tik bostirib borib, dahani ostiga mushtini tiradi.
Mening umrim qamoqda o‘tgan, — dedi u dabdurustdan.— Shu sababli sen bilan pachakilashib o‘tirmayman. To‘g‘risini aytmasang, ichagingni boshingga salla qilib o‘rab ketaman. Miltiqni senga kim berdi?
O‘zim oldim. Uyda turgan edi.
Nimaga otding?
Quvlab kelishdi.
Tergovchiga shunday dedingmi?
Ha.
Men tergovchi emasman. Menga to‘g‘risini aytishing kerak, tushundingmi?
To‘g‘risini...
Yigit qorniga musht tushib, bukchayib qoldi. Zelixon kekirdagidan chimchilab, uni qaddini rostlashga majbur etdi.
Nasha chekasanmi?
Yo‘q.
Nashani kimdan olding o‘sha kuni?
Chekmayman, dedim-ku?
Zelixon uning qorniga yana bir musht urdi. Bukchaygan qaddini bu safar rostlamadi.
Kim berdi, Selimmi?
Yigit og‘riq zo‘ridan ingradi, ammo javob bermadi. Zelixon uni qulog‘idan cho‘zib, boshini ko‘tardi. Yigit qo‘rqib ko‘zini olib qochdi. Zelixon ikki barmog‘ini ombur qilib uning kekirdagini qim- chidi.
Selim berdimi?
Ha...— yigit shunday deb o‘qchib yubordi.
Zelixon boplab bir tepsammi, deb xezlandi-yu, «buni urgandan nima foyda», deb o‘zini tiydi.
2
Elchin Zelixonga qo‘shilib milisaxonaga bormadi. U Ahadbey bilan birga eski
«Zaporojets» yonida qoldi. Ikkovlon bittadan chekishdi. Ahadbey katta shahardagi ob-
havoni surishtirgan bo‘ldi. Tabiatan kamgaproq Ahadbey Zelixon ta’rifidagi «zo‘r ashulachi» bilan nima haqda suhbatlashishini bilmas edi. Bir paytlar lashkari shonu shuhratdan iborat bo‘lgan Elchinning nomi avvaldan tanish, uning keyingi umri esa, tabiiyki, unga qorong‘i edi.
Elchin Ahadbeyni sirtdan bilardi. Zelixon qamoqdaligida ham, ozodlikka chiqqanidan keyin ham u haqda gapirgan edi. Biroq Elchin Vatan hajrida dillari vayron bu odamlarning qismati haqida o‘ylab ko‘rmagandi. Hozir unga qarab turib, kam aytgan ashulalaridan birini eslamoqchi bo‘ldi: