Sharif Namozov shahar markazidagi uch qavatli qadimgi bino yerto‘lasida shunday saroy joylashganini yetti uxlab tushida ko‘rmagan edi. «Asadbek idorasida kutib o‘tiribdi», degan xabar kelganida idora deganning shunday hashamdor bo‘lishini o‘ylamagandi.
Shu paytgacha bunaqa odamlar pinhona ish yuritishadi, degan fikrda edi. Shunday saroymonand joyda o‘tirishibdimi, demak, o‘zlariga ishonishadi. Davlat ham ayshingni suraver, deb ularga qo‘yib beribdimi, demak, hazillashib bo‘lmaydi.
Kesakpolvon Sharif Namozovni qanday kutib olish xususida Bo‘tqaga aniq ko‘rsatma bergan edi. Bo‘tqa xo‘jayinning topshirig‘ini a’lo darajada o‘rinlatdi: Namozov ostonada ko‘rinishi bilan peshvoz chiqib, salom berdi:
Bek akam hozir bo‘shab qoladilar, okaxon, ungacha bir piyola choyimiz bor. Sharif Namozov Bo‘tqaning izidan yurib, shinam bir xonaga kirdi. Mehmon o‘rnashib o‘tirib olgach, kaftdek qutichani qo‘liga olib, televizor tomon to‘g‘rilab tugmachani bosgan edi, ekran yorishdi.
Siz bahuzur o‘tira turing, — dedi Bo‘tqa unga iltifot ko‘rsatib.
Televizorda xorijning tamoshasi ko‘rsatilayotgan edi. Namozov shunday behayo tamoshalar mavjudligini eshitgandi-yu, ammo ko‘rishga ishtiyoqi ham, vaqti ham yo‘q edi. Hozir qaramay desa ham, ko‘zi tamoshaga tortib ketaverdi. Shu zaylda xonaga do‘ndiq bir qiz kirib kelganini sezmay qoldi. Kalta ko‘ylakli do‘ndiq qo‘lidagi patnisni kursiga qo‘yib, nozli jilmayib qo‘ydi.
Qahva olib keldim, — dedi-da televizorga qarab oldi. So‘ng devon yonboshidagi kursida turgan shishani olib ikkita billur qadahga konyak quyib birini Sharifga uzatdi-da, o‘zi ikkinchisini olib, pastga gilam ustiga o‘tirdi.
Oling, — dedi ishva bilan.
Sharif tush ko‘ryaptimi yo kino tamosha qilyaptimi, bilmay garang bo‘ldi. Uning gangib qolganini sezgan do‘ndiq tirsagini tizzasiga qo‘yib yana nozlandi. Sharifning ko‘zi yarim ochiq ko‘krakning ariqchasiga tushib, yuragi entikib ketdi. Konyakni ichib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Do‘ndiq qadahni bir xo‘plab, kursi ustiga qo‘ydi-da, Sharifning tizzasini quchoqladi. Sharifning ehtirosi jilovini uzib, qo‘llari o‘ziga bo‘ysinmay qoldi. Bu dunyoda shunday maishat borligiga endi ishona boshlaganida eshik ochilib, Bo‘tqa kirib
keldi. Sharif uni ko‘rib cho‘chib tushdi. Bo‘tqa esa hech nima ko‘rmaganday, xotirjam ohangda: