3
Qiziga qarab turib, Manzuraning ko‘ngli o‘ksidi. Zaynab turmushidan nolib, hasrat qilmadi. Biroq ko‘zlarini shodlik uchqunlari tark etgani onaning ziyrak nazaridan chetda qolmadi. Zaynab singari kelinchaklar bunaqa damlarda yayrab-yashnab yuradilar.
Yuzlariga tushgan dog‘, barmoqlarining to‘lishib, uzuklarning sig‘may qolishi ular husniga husn qo‘shadi. Zaynab esa xuddi so‘liyotgan gulga o‘xshaydi. Onasiga dilini yormaydi.
Manzura uning dardli nigohiga qarab turib, ichida «qiz tug‘mayin men o‘lay», deb qo‘yadi. Yotarida ham, turarida ham, duo qilsa Yaratgandan qiziga baxt tilaydi.
Xudoga shukr qilishi kerak, kuyovi beo‘xshov emas. Yoshi kattaroq bo‘lsa ham xushro‘ygina. Zaynabi qaynonaning tergab-tergashlari-yu, qayin egachi, qayin singillarning dimoq-firoqlaridan holi. Bir juvonning baxtli turmushi uchun hamma narsa yetarli. Lekin baxt faqat yemoq-ichmoqdan iborat emasligini u ham yaxshi biladi.
Asadbek bilan turmush qurib och, yalang‘och qolmadi. Eri ichib kelib, uni do‘pposlamadi, ko‘chaga haydab chiqarmadi. Birin-ketin bolalar tug‘ilishdi. U erining «qimor o‘ynamayman», degan so‘ziga ishona bordi. Eri kech qolsa joynamoz ustida kutmaydigan bo‘ldi. Uyda hamma narsa to‘kin edi. Ammo unga nimadir yetishmayotganday bo‘laverardi. Baxtsizlik faqatgina kambag‘alni ta’qib etmaydi. Boylar baxtsizlikni o‘zlari sezmagan holda chaqirib oladilar. Kambag‘al baxtsizlikdan ko‘pam kuymaydi, unga ko‘nikib qolgan. Ammo boylarning baxtsizlikka chidashlari qiyin.
Kambag‘al uchun arzimas bir gap bo‘lib ko‘ringan har bir narsa boylar uchun beqiyos baxtsizlikday tuyuladi...
«Qizimning eriga ko‘ngli yo‘q, — deb o‘yladi Manzura. — Farzand ko‘rsa balki dili yumshar... Hozirgi qizlarda sabr degan narsa yo‘q, tavba...»
Qizi o‘qishga bormayotganini aytganida Manzura «o‘zing bilasan», deb qo‘ygan edi. Bugun kelib indamay o‘tiraverishini ko‘rgach, «o‘qishingga borganing durust ekan, qizim, dugonalaringni ko‘rib ko‘ngling yoziladi», dedi. Zaynab bu gapni eshitmaganday javob qaytarmadi. Ayvonning o‘ymakor ustuniga suyanib, hovliga o‘ychan tikilib turaverdi.
Zaynab shu hovlida Kumush bo‘lib yashagan edi, xayolidagi Otabegi uni shu hovlida
quchgan, yonog‘idan bo‘sa olgan edi... Endi nazarida bu hovlidan nur qochgan, g‘unchalari to‘lib erta-indin ko‘z ochaman, deb turgan atirgullar ham xunuk, marmar favvora ham o‘lik... Quyosh bor-u, fayz yo‘q, xonadon qorong‘u. Xonalarda hayot kezib yuribdi, ammo baxt yo‘q...
Faqat boloxona... Baxt o‘sha yerda berkinganmi?.. Uning ko‘ngil qo‘ygani o‘sha yerda. Orzulari dafn etilgan bu xonadonga faqatgina uni ko‘rgani keladi. Ko‘rish nasib etsa, ko‘ngli battar ezilib, uyiga qaytadi. Homiladorligini bilganidan beri eri uni boshida ko‘tarib yurguday bo‘ladi. Elchin uni suyib-quchgani sayin u Jamshidni ko‘proq o‘ylaydi. Yolg‘iz qolganida to‘lishib borayotgan qorniga qarab, hali tug‘ilmagan boladan nafratlanadi. Nazarida uni baxtsiz qilgan, umidlarini chil-chil sindirgan — shu bola.
Xayriyatki, nafrat qo‘zigan paytda onalik mehri ham uyg‘onib, uni yomon xayollardan qaytaradi.
Manzura qizidan ko‘z uzmay, xo‘rsindi.
Yotib qola qol, qizim, — dedi o‘ksik ovozda.
Zaynab onasining dili pora-pora bo‘lib ketayotganini sezmadi. Hovli uzra bemaqsad kezib yurgan nigohini yig‘ib, unga qaradi.
Buguncha qola qol, — deb takrorladi Manzura.
Yo‘q, ketaman, — u shunday deb hovliga tushdi. Chiqib ketgunicha boloxonaga ikki- uch qarab qo‘yganini Manzura sezdi.
Zaynab uyiga qaytdi-yu, bepoyon sahroda yolg‘iz tashlab ketilgan bechora holiga tushdi. Kunni erinchoqlik bilan o‘tkazgan quyosh endi ufqdagi bulutlar chetini qizartirib botmoqda edi. Osmonni bezagan bu manzara aldamchi, bulut chetlari qizil esa-da, bag‘ri qora edi.
Hayot ostonada kutmaydi. Quyosh botishi bilan bu bag‘ri qora bulutlar chaqin chaqib, bostirib keladi. Dov-daraxtni savalab o‘tib ketgach, yulduzlar charaqlaydi. So‘ng yana quyosh chiqadi. Barglarda ilinib qolgan tomchilar javhar singari yaltillaydi. Ammo Zaynabning xufton dili bundan yorisharmikin? Ayriliq dardi yengilib, umid guli ochilarmikin?
Quyosh botmay turib, ko‘z o‘ngida borliq xira tortdi.
Yolg‘iz... Nido yo‘q... Go‘yo quyosh barchani o‘limga mahkum etib, vidolashib ketayotganday. Tor ko‘kragiga bandi yuragi behalovat tepadi. Tepib-tepib ko‘krak qafasini sindirib qochib ketgisi keladi. Bu vujudini tark etmoqni istaydi. Tark etolsa o‘tli hasratlarning fig‘onlari mangulikning sukutiga g‘arq bo‘la olarmikin?
Bu xonadonga qadam bosib kelganidan beri uning hayoti puch xayollar zindoniga berkildi. Berkildi-yu, qulf-kaliti birovning qo‘lida qoldi. Topishgan taqdirlarida to‘lin oy va osmon singari bo‘lar edilar. Endi osmon to‘lin oysiz tund bo‘lib olgan. Dil qorong‘i. Dil og‘riydi. Ko‘z yoshi xuddi yomg‘ir... Ko‘zlarni yosh kuydiradi...
Uning dardiga kim sherik bo‘lishi mumkin?
Zaynab bu tun yolg‘iz qolishini, yolg‘izlikning temir tirnoqlari orasida azob chekishini bilardi. Elchin «bir-ikki kun uyingizda turing», deb ketdi. Shu gapga binoan uyga borgan edi. U yerga ham sig‘madi. Yolg‘izlikdan qo‘rqqani holda yolg‘izlikni istadi. Hozir esa qayoqqadir borgisi keldi. Kim bilandir gaplashgisi keldi. Tanish-bilishlari ko‘p. Ostona hatlab kirib borguday bo‘lsa, quchoq ochib kutib olguchi yaqinlari ko‘p. Ammo qay biri uning dardini tushunadi? Qay biri «qo‘y, o‘sha otarchi erni, suyganing bilan bo‘l», deydi. Hech kim aytmaydi. Aksincha, «Sabr qil, shayton yo‘liga kirma», deyishadi. Nasihat qilishadi. «Kimga hasratingni aytsang, dardingni olish o‘rniga, birdaniga donishmandga aylanadiyu bisotidagi nasihatlarini sochib tashlaydi, — deb o‘yladi Zaynab. — Nasihatgo‘y aqli butunlar muncha ko‘p bo‘lmasa, bu dunyoda. Dardkash muncha kam...» Zaynab o‘zini o‘zi chalg‘itish uchun oshxonaga kirdi. Bir o‘zi uchun ovqat qilg‘isi kelmay,
hovliga chiqdi. Darvozaga qaradi. Eshik qiya ochiq. Kimdir kirib kelganday... Kim keldi? Uyga kirdi. Televizorni yoqdi. Yumshoq o‘rindiqqa o‘tirdi. Umid bilan avval darvozaga, keyin telefonga qaradi. Nima uchun uyiga qaytganining sababini u hatto o‘zidan ham yashirmoqchi bo‘ladi.
Yolg‘izligida bir martagina ko‘cha eshigi ochilib, U kirib keldi. Shundan beri necha marta ko‘z tikadi. Kutgani kelmaydi. Bu kech kelarmikin? Uning ilinji shu.
«O‘zicha kelmaydi, bir bahona bilan chaqir».
«Sharmanda... Sharmanda...»
«Yoshlik va gul... Ikkovining umri qisqa bo‘ladi. Buni bilganlar yurishibdi yallo qilib. Sen-chi?»
«Sharmanda... Sharmanda...»
«Mening erim bormi? Kim u? Nomusimni bulg‘agan odammi? Agar endi men unga xiyonat qilsam, uning nomusi bulg‘anadimi? Falonchining xotini...»
«Voy, sharmanda... voy, sharmanda-e...»
«Men uning nomusini o‘z ko‘z o‘ngida bulg‘ayman, deb qasam ichganman. Xudo uni shol qilib qo‘ysin. Ana o‘shanda ko‘chadagi daydi itni bo‘lsa ham boshlab kelaman, ko‘z oldida...»
Zaynab shu qasamini eslasa rostdan ham umidi ushalganday etlari jimirlashib ketadi.
«Shu ish qo‘limdan kelarmikin?» deb ikkilanadi.
Ayol qasam ichmasin. Qasd qildimi, shayton to‘riga o‘raladiyu oqibatda unga Xudo ham bas kelolmas.
«Chaqir uni...»
«Nima deb chaqiraman?»
«Bahona top».
«Uyalaman».
«Birpas gaplashib o‘tirish mumkin-ku? Masalan... Aka-singil singari. Uni chaqir, sen yolg‘izsan. Seni qo‘riqlashi lozimmasmi?»
Shu tarzdagi uzoq olishuvdan so‘ng uning qo‘li telefon sari uzatildi.
4
Jamshid ko‘ngliga yoqqan juvon bilan bir kecha-kunduz qolib ketdi. U jannat hurlari bilan yashayotganiday lazzat qilib, Bek akasining yo‘qlab qolishi mumkinligini ham unutdi.
Asadbek yo‘qlatgan paytda u o‘ynashini tark etib, yo‘lda kelayotgan edi. Boloxonaga chiqishi bilan yigitlar xo‘jayin yo‘qlaganini aytishdi. Shu paytda telefon jiringladi.
Jamshid «Bek akamdir», deb go‘shakni ko‘tardi. Qo‘ng‘iroq qilgan odam darrov gapira qolmadi. Jamshid uchinchi-to‘rtinchi marta «allo!» degach, Zaynabning hazin ovozi eshitildi:
Zaynabman... Hovlida birov yuribdi. Qo‘rqyapman...
Jamshidning shoshilib o‘rnidan turishi uchun shu xabar kifoya edi. Keyin aytilgan gaplarning mag‘zini u yo‘lda ketaturib chaqmoqchi bo‘ldi. «Ko‘cha eshigi ochiq turibdi... Moshinangizni katta ko‘chaga qo‘yib keling...» Bu gaplarga tushunish unchalik qiyin bo‘lmasa-da, Jamshid haq javobni olishni istamadi.
U Zaynabning qarashlaridagi sirni bilmas edi, desak, sizni aldagan bo‘lamiz. Ayol zotining qarashlarini tushunmaydigan erkak bormi o‘zi bu dunyoda. Jamshid qamoqdan chiqqanidan beri ayol zotining turli toifasini ko‘rdi. Ularni ko‘zlariga qarab, chindan suyib erkalayaptimi yo ersirab qolganmi, yo dardi pulmi, darrov bilib oladi. Zaynabning qarashlari esa... boshqacha edi. Zaynabning muhabbatini tili tish hatlab oshkor eta
olmasdi, biroq ko‘zlari «sevaman!» deb dod solardi. Jamshid bu dodni ko‘zi bilan ko‘rib, yuragi bilan eshitardi. Ammo bu faryod uning qalbini larzaga solmasdi. Chunki uning yuragidagi muhabbat tuyg‘usini o‘smirlik chog‘idagi ayolning o‘sha nayrangi bo‘g‘ib o‘ldirgan edi.
U Bek akasiga sodiq edi. Bek akasi uchun, xususan, shu qiz uchun joni lozim bo‘lsa, berardi. Ammo qizning bu sirli qarashiga bandi bo‘la olmasdi.
Shahar ko‘chalaridan mashinani uchirib haydab «balki bormaganim ma’quldir. Hali ham qaytib, Ravshanni yuboraymi» deb ham o‘yladi. «Eri qayoqda ekan? Balki borgunimcha kelib qolar...» degan fikrda iziga qaytmadi. Elchinning Farg‘onaga ketganini bilganida balki qaytar, shu bilan tashvishlardan qutulib qolarmidi...
5
Asadbek, Sharif Namozov chiqib ketgach, uyiga qaytmoqchi edi. Chuvrindi eski mahalladagi «amri ma’ruf»ga taklif etilganlarini eslatgach, noiloj ko‘ndi. Jalil boshlab kelgan chollar «mahallani buzdirishga yo‘l qo‘ymayotgan emishsan», deb ketishganidan beri eski mahallasiga o‘tmagan edi. «Bormasam arazlabdi, deyishmasin», degan fikrda yo‘lga chiqdi.
Bolaligi o‘tgan uydan ikki eshik narida odamlar to‘planib turishgan edi. Mashinani beriroqda to‘xtatib, tushishlari bilan to‘pdan bir kishi ajralib, ular tomon yurdi. Asadbek Jalilni tanidi.
Qarab tur, hozir sasishni boshlaydi, — dedi Chuvrindiga.
Xo‘p deyaverasiz-da, — dedi Chuvrindi kulimsirab.
Bu mahallada ham odamlar turishini bilarmiding? — dedi Jalil salom-alik qilmay. — Kuttirish ham evi bilan-da. Besh yarimga kel, degandan keyin kel-da. Omonmisan o‘zing ishqilib?
Aka, xizmatchilik-da, ish chiqib qoldi, — dedi Chuvrindi, Asadbek o‘rniga javob berib.
Yaxshi hamki «ish-sh-sh» deydi. «Xih!» desa dumingni tutqazmas ekansan-da, a? — dedi Jalil, gapni hazilga burib. — Yuraqol, Sobitxon ma’ruza qilyapti. Qo‘qonga ketishi kerak ekan, zo‘rlab olib qoldik.
Qo‘qonda nima qilar ekan? — dedi Asadbek.
Ota-onasi hozir o‘sha yerda turarkan. Otpuskaga chiqibdi. Bir oy uyida turar ekan.
Imomlar ham otpuska qilar ekanmi? — deb kuldi Asadbek.
Asadbek hovliga o‘rnatilgan tovush kuchaytirgichdan kelayotgan mayin ovoz egasini Jalil aytmayoq tanigan edi. Asadbekni voiz o‘tirgan uyga emas, «nozik odamlar» uchun ajratilgan xonaga boshlashdi. Jalil bilan Chuvrindi unga hamroh bo‘lishdi.
Zo‘r gapiradi-da, — dedi Jalil, choy qaytarib.
Sobitxonning ma’ruzasini Asadbek ikki-uch eshitgan, taklifini rad etgani uchun uni yomon ko‘rib qolgan bo‘lsa-da, nutq so‘zlashiga tan bergan edi. Shu sababli hozir Jalilga e’tibor bermay, qorining so‘zlariga quloq tutdi:
Shunday qilib, hazrat Ali, Roziyallohu anhu, qilich ham taqmay, sovut ham kiymay, oddiy kiyimda Zubayr tomon yurdilar. Borib qarasalarki, Talxa hazratlari ham mukammal qurollangan hollarida tayyor turibdilar ekan. Har ikkilarining yaqinlariga borib, ularga qarab: «Umrimga qasamki, sizlar odamlarni, otlarni jangga tayyor holga keltirib qo‘yibsizlar. Biroq, qiyomat kuni Olloh tabaroka va taolo huzuriga borganingizda unga aytadigan uzrlaringizni ham tayyorlab qo‘ydingizmi? — dedilar. So‘ng ularni shayton yo‘lidan qaytarmakni istab yana shu gaplarni aytdilar: — Ollohdan qo‘rqinglar, bunday bema’ni urushga bel bog‘lashdan tiyilinglar. O‘zi avvalda mahkam etgan arqonni o‘zi chuvalab tashlaydigan kimsa kabi bo‘lmanglar. Buyuk islom jamoatini barpo etishda
benihoya xizmat etgan edingiz. Endilikda uni parchalab tashlovchi kishilardan bo‘lib qolmangiz. Sizlarning bu ishingiz Islom jamiyatini qiyomatga qadar birlasha olmaslik fitnasiga giriftor etmasun, o‘zimizdagi ichki adovatga barham bermasak, tashqi dushmanlar bizni tezda mag‘lub etajak. Biz mana shunday mag‘lubiyat alamiga uchramasligimiz darkor. Biz ichki tortishuvlarni hal etmay, o‘zaro birodarkushlik olovini yoqib yuborsak, kelajak avlodlarimiz uchun g‘oyatda ulug‘ xiyonat qilgan bo‘lamiz. Kuch faqat birlikdadir. Qaysi millat birligini yo‘qotsa, o‘sha millat kelajagi uchun qayg‘urmagan, o‘ziga halokatni lozim etib olgan bo‘ladi. Oradagi ixtilofni Ollohning ulug‘ kitobiga hamda Ollohning muborak payg‘ambarining ko‘rsatgan yo‘llariga amal qilgan holda bartaraf etmog‘imiz darkor...»
Sobitxon muloyim ovozi bilan barchaning xayolini o‘g‘irlagan edi. Xizmatchilar sharpasiz yurishga urinadilar. Zarur gapi borlar bir-birlari bilan pichirlashib muomala qiladilar.
Asadbek Sobitxonning shu fazilati uchun o‘zi qurdirayotgan masjidga imom bo‘lishini istagan edi. Bu «manman qori» esa rad etdi. Asadbek faqatgina imomning shirali ovoziga mahliyo bo‘lmay, aytayotgan gaplarining mazmunidan mast ham edi. Xuddi birov kelishidan avval imomga «Asadbekning yuragida shunday yashirin dard bor», deganu Sobitxon atayin shu mavzuda ma’ruza boshlagan. Suhbat nihoyasiga yetgandan so‘ng ham izdihom ahli voizning so‘zlari ta’sirida bir oz jim o‘ltirdi. Asadbek sovub qolgan choyiga qarab o‘yga botdi. «Birligini yo‘qotgan millat kelajagi uchun qayg‘urmagan bo‘ladi... Biz-ku, birlasha olmaymiz. Siyosatchilarga nima balo bo‘lgan?
Biz pul talashamiz. Dardimiz ham, imonimiz ham pul. Ularning imoni — amal. Haydarning gapi to‘g‘ri. Haqiqat, millat, deb valdirayotgan xunasalarga bittadan «Volga» berilsa ovozi o‘chadi. Bittasi o‘zimizning deputatmi...»
Choyingni yangilab beray, — dedi Jalil, Asadbekning xayolini to‘zitib. — Vaqtliroq kelganingda zo‘r gaplarni eshitarding. Endi hammaning Xudo deydigan vaqti kelibdi, oshnam.
Vaqt o‘tdi, desang-chi... Biz-ku, Xudo dermiz-a, lekin... Xudo endi bizni bandam dermikin?
Deydi, nimaga demas ekan? Besh vaqt namoz o‘qiganning hamma gunohidan kecharkan.
Besh vaqt namoz yetarli bo‘lsa zo‘r-ku? — Asadbek shunday deb hazin jilmaydi. — Sobitxonning gapiga qaraganda menga o‘xshaganlar kuniga ellik mahal namoz o‘qisa ham gunohini yuvishga kifoya qilmaskan.
Qanaqa gunohing borligini bilasanmi? — Jalil «shu gaplarnigni dildan chiqarib aytyapsanmi?» deganday unga tikildi.
Ketma-ket ovqat kiritilaverib suhbatning beliga tepdi. Hozirgina mazmunli ma’ruzaga mahliyo bo‘lib o‘tirganlar bir necha nafas ichida qorin bandalariga aylandilar...
Asadbek uyiga xuftonga yaqin kirib keldi.
Ertalabki samolyotda ketamiz, — dedi u hovliga kirib kelgach. — Chiqib so‘ra-chi, Jamshidni topishibdimi?
Chuvrindi boloxonaga chiqib, dam o‘tmay qaytib tushdi.
Kelgan ekan, Zaynab chaqiribdi.
Nimaga chaqiribdi?
Sababini bilishmaydi.
Ketmay tur, — Asadbek shunday deb uy tomon tez-tez yurdi. Ro‘parasidan chiqqan Manzuraning salomiga alik olmay, savolga tutdi. — Qizing qani?
Uyida, — dedi Manzura, xavotirlanib. — Nimaga so‘rayapsiz? Hali kelib ketuvdi.
Kuyoving yo‘qligini bilarmiding?
Yo‘q... aytmadi-ku?
He, noshud. — Asadbek shunday deyishga dediyu ketidan o‘zicha «men aytmagan bo‘lsam, qaerdan bilsin», deb uni oqlab ham qo‘ydi.
Jamshid Zaynabnikiga ketdi, deganda dastlab ko‘ngliga xavotir oralagan edi. Hozir kuyovi yo‘qligini eslaganida birdaniga shubha uyg‘ondi. Xotiniga boshqa gap aytmay, uyiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tardi-da, raqam terdi. Narigi tomondan anchagacha javob bo‘lmadi. Go‘shakda eshitilayotgan uzun du-dudlash uni dam xavotir, dam shubha chohi sari tortardi. Nihoyat, javob bo‘ldi. Qizi yig‘lamsirab, ozgina zarda bilan «Ha» dedi. Asadbek gapirmay turaverdi.
Ha, gapiring! — dedi Zaynab zarda bilan. Keyin go‘shak qo‘yildi.
Asadbek yana raqam terdi. Yana shu hol takrorlandi. U qiziga nima deyishni, shu topda nima qilishni bilmasdi. Miyasi qizib uni fikrlash quvvatidan mahrum etgan edi. U qayta- qayta raqam teraverdi. Beshinchi yo oltinchi martasida go‘shakni Jamshid oldi! Shundan keyingina Asadbek xayolini jamladi. Shoshilib hovliga chiqdi-da, sigaret chekib turgan Chuvrindiga qisqagina buyruq berdi:
Chuvrindi qayoqqa, deb so‘ramadi.
Jamshidning mashinasini Elchinning uyi oldida emas, tor ko‘cha burilishida ko‘rgan Asadbek ajablanib «To‘xta», dedi. Pastga tushib mashina atrofida bir aylanib chiqdi-da, Chuvrindiga «Sen shu yerda tur», deb, o‘zi kuyovining uyi tomon yurdi.
Ko‘cha eshik qiya ochiq edi. Asadbek xuddi o‘g‘ridek ichkariga bosh suqib chiroq nuri tushib turgan derazaga qaradi-da, o‘zidan o‘zi uyaldi. Yoshlik kezlari Kesakpolvon bilan birga o‘g‘rilikka borgudek bo‘lsa ham bunaqa ishlarni Asadbek sira uddalay olmas edi. Hozir uni tashqaridan kuzatgan kishi o‘g‘rilik olamida atak-chechak qilayotgan bola bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi mumkin edi.
Ko‘nglida dastlab uyg‘ongan xavotir endi yo‘qolgan, aksincha shubha kuchga kirib sharmandalik sirtmog‘i bilan bo‘ynini bo‘g‘a boshlagan edi. Qizi yo‘qolganida, so‘ng topilganida, so‘ng homiladorligi oshkor bo‘lganida sharmandalik olovi uni kuydirmagan edi. U damda ko‘proq o‘zini ayblagan edi. Qizining yuzini shuvit qilmaslik uchun shu otarchini kuyov qilib edi. Shu masalada yanglishdimi? Qizi shunchalik... Bu fikrning o‘ziyoq yuragini muzlatib qo‘yganday bo‘ldi.
Shubhaga bandi bo‘lgan holda iziga qaytishni istamadi. U o‘zini majburlab, hovliga kirdi.
«Yomon niyati bo‘lsa eshikni ochiq qoldirarmidi?» degan fikr ko‘ngliga sal yorug‘lik olib kirmoqchi bo‘lganida «esidan chiqqandir...» degan gumon yana qora chodirga o‘radi.
Asadbek asta yurib kelib derazaga yaqinlashdi. Bo‘y cho‘zib ichkariga qarashga yuragi dov bermadi. Ichkaridan dam Zaynabning, dam Jamshidning ovozi kelib turar, qo‘shqavat deraza oynaklari ichkaridagi gaplarni o‘g‘ri mushukday poylab turgan odam qulog‘iga yetishiga yo‘l bermas edi. Deraza qiya ochiq bo‘lganida balki olam guliston edi. Asadbek bo‘y cho‘zib mo‘ralamas, o‘zicha bir xulosaga kelib, mash’um hukmni chiqarmas edi.
U derazadan mo‘ralagan onda Jamshid o‘rnidan turdi. Zaynab esa uning bo‘yniga osildi... Asadbek bu manzaraga qarab tura olmadi. U avvaliga bostirib kirmoqchi ham bo‘ldi. Ammo o‘z qizining sharmandaligini fosh etish uning uchun og‘ir edi. U sharmandalik yukini yelkasiga ortib, hovliga qanday sharpasiz kirgan bo‘lsa, shunday chiqdi. Eshik og‘zidan darrov uzoqlasha olmadi. Besh-o‘n qadamni yurak to‘lg‘og‘ida bosdi. So‘ng bir qarorga kelib, tez-tez yurib ketdi.
Chuvrindi tor ko‘chadan ko‘z uzmay turgan edi. Asadbekning asta ichkari kirgani, bir necha daqiqadan so‘ng chiqib, og‘ir qadamlar bilan yurganini ham ko‘rdi. Bek akasi qadamini tezlatgach, mashina motorini o‘t oldirib, yurishga tayyor bo‘lib turdi. Asadbek mashinaga o‘tirishi bilan «uyga» deb buyruq berdi. Chuvrindi noxush voqea yuz
berganini sezdi-yu, biroq «nima gap ekan?» deb so‘ramadi. Asadbek hovliga kira solib, Manzurani chaqirdi:
Qizingga telefon qil, tayyor tursin, borib olib kel, — dedi.
Siz... bormadingizmi? — dedi Manzura o‘smoqchilab.
Men nima qilaman u yerda? Boshqa tashvishim yo‘qmi?! — dedi Asadbek, o‘dag‘aylab, Manzura shoshib chiqmoqchi bo‘lganida to‘xtatdi: — Telefon qil, dedim. Manzura «shartmi» deganday qarab qo‘ydi-yu, ammo buyruqqa itoat etdi. Boshqa payt bo‘lganida shart emasdi. Asadbek Jamshidning tezroq chiqib ketishini istab shunday deb buyurdi. Holbuki Jamshid u bilan izma-iz uydan chiqqan, Asadbek mashinaga yetay deganida orqasidan ko‘rgan, «Bek akammi yo boshqa odammi?» deb tusmol qilgan edi. Manzura bilan Chuvrindi ketgach, Asadbek boloxonaga chiqdi.
Haydar akangni top. Narigi dunyoda bo‘lsa ham hozir yetib kelsin.
Yarim soatdan so‘ng hovlida Manzura ovozi eshitildi. So‘ng Chuvrindi boloxonaga chiqdi. Bir soat deganda Kesakpolvon paydo bo‘ldi. Asadbek ikki a’yonini boshlab pastga tushdi. Maydalab yomg‘ir yog‘a boshlagan edi. Osmonga qarab, yuzini yomg‘irga tutdi.
Haydar, Shilimshiq o‘ldirilgan joy esingdami? — dedi osmonga qaragan holda.
Esimda, — dedi Kesakpolvon.
Qanday o‘ldirilgani-chi?
Esimda.
Shu ishni takrorlash kerak, qo‘lingdan keladimi?
Kimni?
Ertalabgacha bajarasan. Kimligini aytganimda «nima uchun?» degan savol bermalaring. Kavkazliklaring tayyormi?
Ha.
Ikkala o‘limni bo‘yniga olsin.
Kimni?
Jamshidni...
Kesakpolvon hayratlanib Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi hukmga nima sabab bo‘lganini taxminan bilardi. Shu bois Kesakpolvonning savol nazariga javob bermay yuzini burdi.
«Balki ablahlik qilgandir. Lekin dunyoda undan beshbattar ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa bo‘lardi», deb o‘yladi. Ammo fikrini tiliga chiqarib oshkor etmadi.
Yigitlar ichida sadoqati bilan ajralib turuvchi Jamshidning o‘limga mahkum etilishini Kesakpolvon hazm qila olmadi. Bunaqa paytda qarorning muhokama etilishi man qilingan bo‘lsa-da, so‘radi:
Nimaga?
Ishing bo‘lmasin, aytdim-ku...
Bek, ertalabgacha o‘yla.
Ertalabgacha buyruqni bajar.
6
Jamshid tor ko‘cha boshida ketayotgan odamni Asadbekka o‘xshatib, yuragi bir hapriqdi. Hayajonini bosish maqsadida cho‘ntagidan sigaret chiqarib chekdi. Shu payt hovli tomondan qadam tovushlari eshitildi. «Ergashib chiqyaptimi?» deb o‘ylab orqasiga o‘girildi. Eshik zichlab yopilib, kalit buraldi. «Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku?» Jamshid shu fikrda darvozadan asta uzoqlashdi. Tor ko‘cha boshiga yetganida orqasiga o‘giril-di — ko‘cha kimsasiz edi. Mashinasiga o‘tirib darhol yurgizmadi, o‘yga toldi.
U uchun Zaynabning ruhiy holati begona edi.
Zaynab qo‘ng‘iroq qilib chaqirishga chaqirdi-yu, uyatdan yonib ketdi. Darrov hovliga
chiqib ko‘cha eshikni qulfladi. Bir necha nafasdan so‘ng uyat alangasi pasayib, yana shayton yo‘rig‘iga kirib eshikni qiya ochib qo‘ydi.
Jamshid odati bo‘yicha indamay kirib keldi.
Tinchlikmi? — dedi uyga kirib.
Tinchlik... birov yurganga o‘xshadi, qo‘rqdim.
Hofiz akam qaerdalar? To‘yga ketdilarmi?
Hofiz akangiz...— Zaynab «akangiz» degan so‘zga piching bilan urg‘u berganini o‘zi ham sezmay qoldi,— Farg‘onadagi to‘yga ketganlar.
Kennayimni olib kelaymi yo o‘zingni olib ketaymi?
«Qani edi olib ketsangiz... uzoqlarga... faqat ikkalamiz yashaydigan joyga... Atrofimizda hech kim bo‘lmasa...»
Birpas o‘tiring, choy iching.
Mayli, bir piyola ichay.
Jamshid o‘zini majburlab o‘tirdi. U Zaynabning asl maqsadini bilmas edi. Aniqroq aytilsa, gumonining haqiqatga aylanib qolishini istamadi. Bir piyola choyga ikkinchisi, uchinchisi... ulandi. Jamshid kamgap, ko‘zlari ham xotirjam boqardi. Bu chiroyli ko‘zlarda ishrat uchqunlari yonmas edi. Erkak tomon tashabbus ko‘rsatmagandan so‘ng ayol kishiga qiyin ekan. Zaynab — qizlik orzulari toptalgan ma’suma — iffatini o‘zi toptamoqqa ojizlik qilmoqda edi. «Olov temirni eritgani kabi oshiq yurak tafti tosh qalblarni eritgay», deyishardi. Nahot Jamshidning qalbi toshdan ham qattiqroq bo‘lsa?..
«Ilon chaqsa menga uning zahri kor qilmaydi, ammo jonimning chiqishi uchun bir qiyo boqishing kifoya»... Qaysi bir kinoda yigit kuyib shunday ashula aytgan edi. Ajab, yigitlar qizlarning birgina qiyo boqishi uchun o‘lib-tiriladilar. Bu toshyurak esa... Yo bu
«Yor azobi men uchun farog‘at», deydigan toifadanmi? Zaynab uni suhbatga qanday tortishni bilmay, xayoliga kelgan mayda-chuyda gaplarni qaytarmasdan aytaverdi.
Jamshid juvonning harakatini kuzatib, gaplarini eshitib, onda-sonda bir javob aytib o‘tiraverdi. Yaxshi hamki bu yerga kelishidan oldin bir kecha-kunduz aysh qildi. Yo‘qsa, shaytonga hay berolmay qolsami... «O‘zingni bos... Sinayotgan bo‘lsa-chi?.. Balki akasiday ko‘rar meni... Ayol kishi chaqirsa maqsadi faqat... Shu bo‘ladimi?»
Nima uchun meni shu odamga berishdi, bilasizmi? — Zaynab shunday deb qattiq tikildi. Shu paytgacha ko‘zlarning to‘qnashuvidan cho‘chiyotgan edi. Bu safar hech tap tortmay tikildi.
Jamshid darrov javob bermadi. So‘ng gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi:
Bek akam «nimaga?» degan savolni yomon ko‘radilar. Akamga «xo‘p bo‘ladi» degan ko‘proq yoqadi.
Bu hazildan Zaynabning zardasi qaynadi:
Mazkur savoldan Jamshidning ham zardasi qaynadi. Ammo o‘zini majbur qilib kuldi:
Qul emasman. Ishimiz shunaqa. Hamma «nimaga?» deb so‘rayversa, aql o‘rgataversa ish yurishmaydi.
Adamdan so‘ramagan bo‘lsangiz, o‘zingizcha o‘ylamadingizmi?
Bu gaplarni qo‘zg‘ama. Bek akam yanglishmaydilar.
Ha... yanglishmaydilar... Meni kim o‘g‘irlagan, bilasizmi?
Jamshid «Ha», desa yana savollar o‘qiga duchor bo‘lishini bilib, indamadi.
Bilmasmidingiz?
Qo‘ysang-chi shu gaplarni.
Bilmasmidingiz?.. Siz.. pismiqsiz!.. Siz mening odam ekanimni bilasizmi? — Zaynab shunday deb turib yig‘lab yubordi.
Ayni paytda telefon jiringladi. Zaynab telefon tomonga bir qarab, qo‘lini siltab qo‘ydi-da,
gapini davom ettirdi:
Mening o‘rnimda hayvon bo‘lganida xo‘rlanishiga chidolmay, hech bo‘lmasa o‘kirardi. Egasining rahmi kelardi, egasi xo‘rlatib qo‘ymas edi.
Telefon jiringlashini qo‘ymagach, go‘shakni zarda bilan ko‘tarib «Ha!» dedi. U tomondan javob bo‘lmadi. Bu hol bir necha marta takrorlangach, Jamshid «To‘xta, birov maynavozchilik qilyapti shekilli», deb go‘shakni ko‘tardi. Uning bu xonadonga kelishi hukm sari qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lsa, bu ikkinchisi bo‘ldi. Uchinchisi, eng asosiysi edi...
Zaynab hasratlaridan bir chimdimni aytib yengil tortgach, jim bo‘ldi. Uning o‘ksib, xo‘rsinib yig‘lashi Jamshidga onasini eslatdi. Hakam hukmni o‘qib, Jamshid qo‘liga kishan solinganida onasi dodlab yuborgan edi. Temir panjarali mashinaga olib chiqishayotganda milisa yigitlar ko‘ngilchanlik qilib qoidani buzishsa ham ikki-uch daqiqaga ularni xoli qoldirishgandi. O‘shanda onasi xo‘rsinib-xo‘rsinib yig‘lagan edi...
Zaynab... men hammasini bilaman, — dedi Jamshid boshini egib.
Men ayol bo‘lsam ham undan o‘ch olaman.
Sen singlimsan... Sen uchun men o‘ch olaman... Qasam ichaman... Agar seni himoya qiladigan erkak zoti qirilib bitsa o‘zing o‘ch olasan...
Ana shu gapdan keyin Zaynab o‘rnidan turib kelib, Jamshidni bo‘ynidan quchib, o‘pib qo‘ydi... Uchinchi hal qiluvchi qadam shu edi...
Dostları ilə paylaş: |