www.ziyouz.com kutubxonasi
296
AZDI SHANU’A QABILASINING ELCHILARI Azdi Shanu’a qabilasidan bir jamoa kishilar elchi bo‘lishib, Madinaga kelishdi. Bularning
raislari ersa Surad ibn Abdulloh nomli bir kishi edi. Rasulullohni ko‘rishlari bilanoq
ko‘ngillari Islomga moyil bo‘lib, barchalari iymon keltirdilar. Rasululloh ko‘rdilarkim,
bularning raislari fazl-sharafga ega bo‘lib, har ishga yararlik ekandur. Qavmining
musulmonlariga uni amir qilib, Islomga kirmagan Yaman qabilalari bilan jihod qilmoqqa
buyurdilar. Shu bilan o‘z yurtiga qaytgandan so‘ngra u yerlik musulmonlardan bir
qo‘shin askar tayyorlab, jihod niyati bilan chiqdi.
Jurash degan bir shaharga kelib Islomga taklif qildi ersa, qabul qilmagach, ularni qamal
qildilar. Bu urush bir oyga cho‘zilib, har ikki tomondan anchagina odam chiqimga
uchradilar.
Shahar aylanasi qalin qo‘rg‘onlik, kuchlik qopqalik, eng tepalik joy bo‘lgani uchun uni
olish musulmonlarga og‘irlashdi. Qal’abuzar jabduqlari yo‘qligidan dushmanni
qo‘rg‘ondan chiqarmoq arg‘asida o‘zlarini ularga qochgan bo‘lib ko‘rsatdilar. Bularni
qochdi deyishib qal’adan chiqib orqadan quvlashganicha Shukur degan tog‘ga
yetganlarida musulmonlar qaytarma hujumga o‘tib, dushmanlaridan ko‘p kishini
o‘ldirdilar. Qolganlarini ersa asir oldilar.
Urush boshlanmasdan ilgari shu shahar xalqi Madina xabarini bilib kelmak uchun ikki
kishi yubormish edi. Ular kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bularning Madinaga birinchi
yo‘l kelishlari edi. Ko‘rishib bo‘lishlari bilan:
— Shukur degan tog‘ni bilganinglar bormi, qay yerda bo‘lur? — deb sahobalardan
so‘radilar.
U ikki kishi bu so‘zni anglagach, darhol turishib:
— Yo Rasulalloh, u bizning yerimizdur. U joyda nima ish bo‘ldi? — dedilar.
Rasululloh bo‘lgan voqeani, ularning qirilganini aytib berdilar ersa, anglashlari hamon u
ikkovi to‘xtovsiz yurishib o‘z ellariga kelishdi. Qarasalar xuddi Rasululloh aytgandek ish
bo‘lmishdur. U shahar xalqi bu so‘zni anglashib ko‘ngillari Islomga moyil bo‘ldi.
Madinaga qaytadan elchilar yuborishib, hammalari iymon keltirdilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u shahar atrofidagi yerlarni o‘zlariga ko‘ruq
qilib berdilar.