www.ziyouz.com kutubxonasi
60
qoldiring, Alloh oldida uzrimiz qabuldur, — dedi.
Majlis ahllari bu so‘zlarni onglashlari hamon, har tomondin turib «Ey As’ad, Rasululloh
qo‘llarini to‘sma, bu to‘g‘rida har qancha og‘irchiliklar ko‘rsak rozidurmiz, bu yo‘limizdin
sira qaytmaymiz», dedilar va «Agar bu yo‘lda yurib, jon bersak, qandoq daraja
topgaymiz, yo Rasulalloh?» deb so‘radilar. Anda Payg‘ambarimiz: «Xudo roziligini topib,
jannatga kirursiz», deganlarida, barchalari barobar: «Bundoq ersa, rozidurmiz,
qo‘lingizni cho‘zing», deyishib, hammalari bay’at berdilar. Ikki xotundan boshqa yetmish
uch kishi Payg‘ambarimiz bilan qo‘l tutishgan holda turib, ahd qildilar. Ammo xotunlar
bay’ati so‘z bilan bo‘ldi. As’ad ibn Zurora bay’at topshirur chog‘ida: «Birinchi Alloh
taologa, ikkinchi yo Rasululloh Sizga rostlik ila so‘z berurman, shundoqki, bu yo‘lda har
na bermish va’dalarim, bu haqda qilmish ahdlarimning bariga vafo qilurman. So‘zimning
rostligini ish ustida bildirurman. Tanamda jonim boricha sizning yordamingizda
bo‘lurman» dedi. Ikkinchi, Nu’mon ibn Horisa aytdi: «Bay’at berurman Allohga va ham
aning payg‘ambari sizga, yo Rasulalloh, shu bilankim, Alloh amrini doim olg‘a
yurgizurman, har ishda Allohning roziligi ila bo‘lurman». Uchinchi, Sa’d ibn Rabi’:
«Mening ahdim birinchi Allohga, ikkinchi — sizga, yo Rasulalloh, shuldurki, har ishda
Xudo va Rasul amriga itoat qilurman, butun buyruqlarni jon-dil bilan bajarurman», dedi.
Qolganlari ham shunga o‘xshash so‘zlar aytib, bay’at berdilar. Muborak bay’at tamom
bo‘lgandin so‘ngra, Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Muso payg‘ambar o‘z qavmidin o‘n ikki rais saylagan edi. Shunga o‘xshash, men ham
sizlardin o‘n ikki boshliq saylaydurman. Nega men saylanmadim, bu saylandi, degan so‘z
ko‘ngilga kelmasun. Chunki bu ish birodarim Jabroil alayhissalom ixtiyori ila bo‘lur, deb
alardin o‘n ikki kishini rais qildilar. Bularning to‘qqizi Xazrajdin, uchi Avsdin edi.
Islomiyat olamida eng avval xizmatga saylanmish o‘n ikki raislar shulardir:
1. Abul Haysam ibn Tayyixon
2. As’ad ibn Zurora
3. Usayd ibn Xuzayr
4. Baro ibn Ma’rur
5. Rofi’ ibn Molik
6. Sa’d ibn Abi Haysama
7. Sa’d ibn Rabi’
8. Sa’d ibn Uboda
9. Abdulloh ibn Ravoha
10. Abdulloh ibn Amr
11. Uboda ibn Somit
12. Munzir ibn Amr.
Payg‘ambarimiz: «Endi sizlardin har bir kishi o‘z qabilasiga kafildur. Iso alayhissalomga
havoriylar kafil bo‘lgandek, men ham o‘z qavmimga, ya’ni Makkadin Madinaga hijrat
qilib boruvchilarga kafil bo‘lurman», dedilar. Bu joyda Payg‘ambarimiz aytgan havoriylar
esa, alar Iso alayhissalomga dastlab iymon keltirguvchi xos shogirdlari edi. Iso
payg‘ambar ko‘kka ko‘tarilishi oldida din ishlarini shularga topshirgan edilar. O‘z
zamonida Iso alayhissalomning dini shu havoriylar orqalik xalqqa tarqaldi.
Qur’oni karimda YOsin surasining boshrog‘ida, Saf surasining oxirida bularning qissalari
bayon qilinmushdir. Iso alayhissalomning tarjimai hollari va Injil kitobi shular tomonidan
yozilmishdur. Yuhanno, Matto nomli Injil yozuvchilari shulardin edi.
Yana o‘z so‘zimizga kelsak, endi, bu muborak bay’atni shu yo‘sinda qilib o‘tkazdilar.
Bunda hozir bo‘lgan baxt-saodatlik odamlarning ko‘ngillarida iymon chirog‘i yonib,
botinlari aning nuriga to‘ldi. Butun vujudlari ila haqiqatga berildilar. Xudo va Rasuli
Xudoning ishqi muhabbati alarda jo‘sh urdi. Muhabbat mayining mastligi bilan ichlaridin