www.ziyouz.com kutubxonasi
30
o‘zlarini chetga olib qochishdi, shunda uning qulog‘iga: «Mastmi, nima balo?» — degan luqma
eshitildi.
— E, ha, sen ham u bilan birgamisan hali? — deb baqirdi darg‘azab Ivan. — Hali sen meni mayna
qilmoqchi bo‘ldingmi? To‘sma yo‘limni!
Ivan o‘ng tomondan o‘tmoqchi edi, regent ham shu tomonga otildi! Ivan chapga tashlanuvdi —
manfur regent ham chapga o‘tdi.
— Sen ataylab yo‘limni to‘syapsan chog‘i? — baqirdi Ivan g‘azabi tobora ortarkan. — Hali seni
ham militsiyaga topshiraman!
Ivan nobakor regentning yengidan tutmoqchi bo‘lib hamla qildi, ammo tutolmay, dog‘da qoldi.
Regent xuddi yerga kirib ketganday ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi.
Ivanning og‘zi hayratdan lang ochilib qoldi, shu payt u uzoqda ketayotgan manfur notanish odamni
ko‘rib qoldi. U Patriarx tor ko‘chasi og‘ziga borib qolgan edi, boz ustiga, u yolg‘iz emas edi. Qanday
odamligi mutlaqo noma’lum bo‘lgan boyagi regent professorga hamroh bo‘lib borardi. Bu ham
yetmaganday, kutilmaganda qayoqdandir paydo bo‘lgan, to‘ng‘izdek bahaybat, qarg‘adek qop-qora,
shopmo‘ylov bir mushuk ular bilan borardi. Uchovlari Patriarx tor ko‘chasi tomon yurishdi, lekin
shunisi qiziqki, bu payt mushuk orqa oyoqlarida yura boshladi.
Ivan shu badkirdorlar ortidan yugurdi, ammo ularni quvib yetish juda mushkul bo‘lishini darhol
angladi.
Uchovlon zumda tor ko‘chadan o‘tib Spiridonovkaga chiqishdi. Ivan qadamini qancha
ildamlatmasin, ta’qib qilinayotganlar bilan o‘zi o‘rtasidagi masofa zig‘irchayam kamaymadi. Shoir
ko‘z ochib-yumguncha sokin Spiridonovkadan o‘tib, o‘zini Nikita qopqasi oldida ko‘rdi, bu yerda endi
uning ahvoli og‘irlashgan edi. Bu yer shunaqa gavjum ediki, Ivan ba’zi yo‘lovchilarga turtinib ketib
so‘kish ham eshitib oldi. Buning ustiga-ustak, badkirdorlar to‘dasi banditlar ko‘p qo‘llay-digan usulni
ishlatishga — har tarafga tarqab ketishga qaror qilgandi.
Regent Arbat maydoni tomon o‘qday uchib borayotgan tirband avtobusga sakrab chiqib olib,
olomon ichiga xuddi olqindidek suqilib kirdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ta’qib qilinayotganlardan
bittasini yo‘qotgan Ivan endi butun diqqatini mushukka qaratdi: bu antiqa mushuk bekatda to‘xtab
turgan «A» belgili motorli vagonning pillapoyasi oldiga borib, vagonga chiqa boshlagan bir ayolni
chirqillatib tortib tushirdi-da, o‘zi eshik bandini ushlab pillapoyaga chiqib oldi, shundan keyin havo
issiq bo‘lgani uchun ochib qo‘yilgan deraza orqali konduktorga yarim tanga pul ham uzatdi.
Mushukning bu raftori Ivanni shunchalar hayratlantirdiki, u muyulishdagi oziq-ovqat magazini
oldida dong qotib turib qoldi, lekin shu onning o‘zida u konduktorning xatti-harakatidan ikkinchi
marta, yana ham kuchliroq hayratga keldi. Konduktor ayol tramvayga chiqayotgan mushukni ko‘rgan
hamonoq jahl bilan, butun vujudi titrab chiyilladi:
— Mushuklarga ruxsat yo‘q! Mushuklar bilan tramvayga chiqish mumkin emas! Pisht! Tush
vagondan, bo‘lmasa militsiya chaqiraman!
Bu hodisa, mushukning tramvayga chiqmoqchi bo‘lgani u yoqda tursin, hatto uning kira haqi
to‘lashga uringani ham na konduktor ayolni, na passajirlarni ajablantirgandi!
Mushuk nafaqat kira haqi to‘lashga qodir, shuningdek, intizomli hayvon ham bo‘lib chikdi. U
konduktor ayolning shang‘illashini eshitgan hamonoq yerga tushib, bekatga cho‘qqayib o‘tirdi va
yarim tangali pul bilan mo‘ylovini silay boshladi. Lekin konduktor ayol arqonni tortib, tramvay
joyidan jilgan hamonoq mushuk tramvaydan haydab tushirilgan, ammo tramvaydan qolib ketishga
hech iloji bo‘lmagan odamday ish tutdi. U uchala vagonni o‘tkazib yuborib, oxirgisining orqa yoyisiga
chiqib oldiyu rezinka ichakni changallab ushlagancha safarga jo‘nab qoldi, ayni paytda yarim tanga
pulini ham tejab qoldi.
Ivan bu yaramas mushukka alahsib, sal bo‘lmasa, eng muhim jinoyatchi — professorni yo‘qotib
qo‘yayozgandi. Lekin u, Ivanning baxtiga, g‘oyib bo‘lishga ulgurmagan ekan. Ivan uning kulrang
beretini Bolshaya Nikitskayami yo Gertsen ko‘chasiningmi boshlanish yerida g‘ij-g‘ij oadmlar orasida