www.ziyouz.com kutubxonasi
176
ustida raqs tusha boshladi.
— Mana, sizning ham hujjatingiz, — deb gapida davom etdi Korovyov Margaritaga hujjat
uzatarkan, so‘ng Volandga murojaat qilib, ehtirom bilan dedi: — Mana, bo‘ldi, messir!
— Yo‘q, hali bo‘lgani yo‘q, — dedi Voland globusdan yuz o‘girib. — Mulozimlaringizni nima
qilaylik, mening qimmatli donnam? Shaxsan menga ularning keragi yo‘q.
Shu chog‘ ochiq turgan eshikdan o‘sha-o‘sha yalang‘och holicha Natasha otilib kirdi, qo‘llarini bir-
biriga urgancha Margaritaga chinqirib dedi:
— Voy, baxtli bo‘ling, Margarita Nikolaevna! — U bosh irg‘ab usta bilan salomlashdi, so‘ng yana
Margaritaga yuzlandi: — Men bilardim qayoqqa qatnaganingizni.
— Uy xodimlari hamma narsani bilishadi, — dedi mushuk panjasini ma’noli tarzda yuqori ko‘tarib,
— ular hech nima ko‘rmaydilar deyish — xato.
— Nima istaysan, Natashaa? — deb so‘radi Margarita, — uyga qayt.
— O‘rgilib ketay sizdan, Margarita Nikolaevna, — dedi Natasha tiz cho‘kib yolborarkan, —
ulardan iltimos qiling, — u ko‘z qiri bilan Volandga ishora qildi, — meni o‘zlarida jodugar qilib olib
qolishsin. O‘sha uyga qaytib borishni istamayman sira! Injenerga ham, texnikka ham tegmayman!
Kecha bal paytida janob Jak menga muhabbat izhor qiddi. — Natasha kaftini yoyib, allaqanday oltin
tangalarni ko‘rsatdi.
Margarita, siz nima deysiz, degandek Volandga qaradi. U bosh irg‘atib qo‘ydi. Shunda Natasha
Margaritaning bo‘yniga osilib, uni cho‘lpillatib o‘pdi-da, tantanavor chinqirgancha, derazadan uchib
chiqib ketdi.
Endi Natashaning o‘rnida Nikolay Ivanovich paydo bo‘ldi. U yana o‘zining odamiylik qiyofasiga
kirgan, lekin nihoyatda g‘amgin, hatto darg‘azab desa ham bo‘lardi.
— Mana bu nusxani mamnuniyat bilan qo‘yib yuboraman, — dedi Voland Nikolay Ivanovichga
nafratlanib qararkan, — benihoya zo‘r mamnuniyat bilan, zero bu yerda u mutlaqo ortiqcha.
— Menga guvohnoma berishlaringni o‘tinib so‘rayman, — tilga kirdi Nikolay Ivanovich atrofga
qo‘rqa-pisa boqarkan, lekin bu gapini juda o‘jarlik bilan gapirdi, — bu kechani qaerda o‘tkazganim
haqida.
— Nima qilasiz uni? — keskin ohangda so‘radi mushuk.
— Militsiyaga va xotinimga ko‘rsataman, — deb shaxt gapirdi Nikolay Ivanovich.
— Biz odatda guvohnoma bermaymiz, — deb javob qildi mushuk manglayini tirishtirib, — lekin
siz uchun, mayli, istisno qilamiz.
Nikolay Ivanovich ko‘z ochib-yumishga ham ulgurmay, Gella yozuv mashinkasi yoniga o‘tirib,
mushuk aytgan gaplarni yoza boshladi.
— Guvohlik beramankim, ushbuni ko‘rsatuvchi Nikolay Ivanovich mazkur tunni shayton
uyushtirgan balda o‘tkazdi, u balga odam tashuvchi vosita... qo‘shtirnoq och, Gella! Qo‘shtirnoq ichida
yoz — «to‘ng‘iz» sifatida jalb etilgan edi. Imzo — Begemot.
— Chislochi? — deb chiyilladi Nikolay Ivanovich.
— Biz chislo qo‘ymaymiz, chislo qo‘yilgan hujjat kuchini yo‘qotadi, — dedi mushuk qog‘ozga
imzo chekarkan, so‘ng qaerdandir muhr olib, qoidasini keltirib, unga huhladi-da, qog‘ozga «to‘langan»
degan so‘zni bosib, uni Nikolay Ivanovichga tutqazdi. Shundan keyin Nikolay Ivanovich benomu
nishon g‘oyib bo‘ldi, ammo uning o‘rnida kutilmagan yangi odam paydo bo‘ldi.
— Bu yana kim bo‘ldi? — ijirg‘anib so‘radi Voland, sham yorug‘idan yuzini kafti bilan to‘sarkan.
Varenuxa (bu o‘shaydi) boshini egib xo‘rsinib qo‘ydi va eshitilar-eshitilmas dedi:
— Qo‘yib yuboringlar. Men qon so‘ruvchi ko‘rshapalak bo‘lolmayman. O‘shanda Gellaning
yordamida Rimskiyni o‘ldirib qo‘yishimga sal qoluvdi. Lekin men qonxo‘r emasman. Qo‘yvoringlar
meni.
— Nima deb javrayapti uzi? — aftini bujmaytirib so‘radi Voland. — Yana qanaqa Rimskiy? Nima
balo, alahlayaptimi?