www.ziyouz.com кутубхонаси
117
UMARXON AHMADJONOV (1940) Namanganlik shoir Umarxon Ahmadjonovning asli kasbi dorishunos. Uni «Sardobali
shoir Malhamiy» ham deyishadi. Umarxon — Malhamiy 1940 yilning 23 iyunida
Namangan viloyatining Sardoba dahasida ilg’or ziyoli oilasida dunyoga kelgan. O’rta
maktabni tugatgandan so‘ng Toshkent Davlat Farmatsevtika oliygohiga o‘qishga kiradi
va uni 1965 yilda tugatib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida dorishunos bo‘lib ishlay boshlaydi.
Xuddi shu davrlardan boshlab she’r, g‘azal, qo‘shiqlar mashq qiladi. Ona yer, diyor,
muhabbat va kishilar o‘rtasidagi oqibat uning she’rlarida bosh mavzuni tashkil etadi.
Uning birinchi she’ri 1963 yilda «Toshkent haqiqati» ro‘znomasida «Qizcha muborak
bo‘lsin» nomi bilan bosilib chiqadi. Ketma-ket esa shoir o‘z she’rlari bilan tuman, viloyat
va respublika mahalliy matbuotlarida ko‘rina boshlaydi. «Boychechak», «Oltin
belanchak» kabi almanaxlarda uning she’r, gazal va qo‘shiqlari bosiladi. Jumladan,
shoirning «Boychechak» almanaxida «Iftixor» turkumida to‘qqizta she’ri chop etiladi. U
o‘zining «Fidoyilik» degan g‘azalida:
Jonajon do‘stlarga hargiz jon fido etgum kelur, Yetmasa ul qadrima ul do‘st bahridan o‘tgum kelur,— deydi.
Hayotda, kishilardagi eng yaxshi fazilat, xislat, namunali sifatlarni bir tomondan
olqishlab, shunga da’vat etsa, ikkinchi tomondan bemehr, toshbag‘ir, insoniy
fazilatlardan mahrum kishilardan o‘zini yiroq tutadi. Har ikki holatni ko‘pincha
qaramaqarshi qo‘yish — kontrast orqali yanada yorqinroq ifodalashga intiladi. Yana bir
«Oqibat» she’rida:
Oramizdan qaerlarga ketib qolding oqibat, Oqibatli el yuzidan pardang olding, oqibat, — deydi.
Shoirning shu kungacha uch she’riy to‘plami chop etilgan. Eng so‘nggisi 1992 yilda
«Zebosan» nomi bilan chop etildi. To‘plam iste’dodli va suyukli shoir Muhammad Yusuf
fotihasi bilan ochildi. «U, — deydi M.Yusuf o‘z so‘zboshisida,— Ona diyor, ishq-muhabbat
haqida bajonidil qalam tebratayotir. Soflik, mehroqibat, samimiylikni o‘ziga xos uslubda
kuylaydi. Shoir har bir kitobxonning qalbiga kirib borishga harakat qiladi va bunga
erishgan ham». Ha, shoir Umarxon—Malhamiy o‘z o‘quvchisi qalbiga ma’naviy malham
bo‘lish ishtiyoqida, U yaratgan qo‘shiqlar ham shundan dalolat beradi. Shoirning «O’tar»,
«Bilgaymusan», «Mehrim o‘zing», «Otajon», «Do‘stlarim», «Iboli bo‘lsin» kabi
qo‘shiqlari allaqachon havo to‘lqinlarida o‘z shinavandalarini topgan. Ammo shoir hali
izlanishda, izlanish kamolotga yetaklasa ajab emas.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993