Noorganik kimyo va materialshunoslik yoʻnalishi talaba va magistrantlarning mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha YOʻRIQNOMA UMUMIY QOIDALAR Mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 14-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar mustaqil ishlariini tashkil etish toʻg‘risida”gi 286 –sonli buyrugʻi asosida ishlab chiqilgan.
Talabaning mustaqil ishi oʻquv rejasida muayyan fanni oʻzlashtirish uchun belgilangan oʻquv ishlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Oʻqishning boshlang‘ich qismida talabaning mustaqil ishini tashkil etish bir qator vazifalar bilan bog‘liq. SHuning uchun har bir professor-oʻqituvchi dastlab talabada oʻz qobiliyati va aqliy imkoniyatlariga ishonch uyg‘otishi, ularni sabr-toqat bilan, bosqichma-bosqich mustaqil bilim olishini toʻg‘ri tashkil qilishga oʻrgatib borishi lozim boʻladi. Talabalar tomonidan mustaqil ravishda oʻzlashtiriladigan bilim va koʻnikmalarning kursdan-kursga murakkablashib, kengayib borishini hisobga olgan holda ularning tashabbuskorligi va rolini oshirib borish zarur. Shunda mustaqil ta’limga koʻnikma boshlagan talaba faqat oʻqituvchi tomonidan belgilab berilgan ishlarni bajaribgina qolmay, oʻzining ehtiyoji, qiziqishi va qobiliyatiga qarab, oʻzi zarur deb hisoblagan qoʻshimcha bilimlarni ham mustaqil ravishda tanlab oʻzlashtirishga oʻrganib boradi. Ma’lumki talabaning mustaqil ishi auditoriya soatiga kirmaganligi sababli koʻpincha talabalar va professor-oʻqituvchilar nazaridan chetda qolmoqda. Yoʻriqnomada talabaning mustaqil ishini qanday tashkil qilish va uni baholanishi haqida soʻz yuritiladi.
Talaba mustaqil ishining maqsad va vazifalari
Talabaning mustaqil ishi aniq bir fandan oʻquv rejasida va fan dasturida belgilangan bilim, koʻnikma va malakaning ma’lum bir qismini talaba tomonidan fan oʻqituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida oʻzlashtirilishiga yoʻnaltirilgan tizimli faoliyatdir. Talaba mustaqil ishining asosiy maqsadi oʻqituvchining rahbarligi va nazorati ostida talabada muayyan oʻquv ishlarini mustaqil ravishda bajarish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirishdan iboratdir.
Talabaga qiyinchilik darajasi uning shaxsiy imkoniyatlari, qobiliyati va bilim darajasiga muvofiq boʻlgan biror mavzu boʻyicha vazifa tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba asosiy adabiyotlardan tashqari qoʻshimcha adabiyotlardan va internet ma’lumotlaridan foydalanib materiallar yig‘adi, tahlil qiladi, tizimga soladi va mavzu boʻyicha imkon darajasida toʻliq, keng ma’lumot berishga harakat qiladi. Zarur hollarda oʻqituvchidan maslahat oladilar. Mavzu boʻyicha referat kompyuterda tayyorlanib fan oʻqituvchiga topshiriladi. Topshirilgan vazifaning mazmuni, olingan ma’lumotlarning boyligi va boshqa belgilari boʻyicha fan oʻqituvchisi talabani baholaydi.