Oʻqitish texnologiyasi- birinchidan, pedagogik texnologiyaning jarayonli- harakat aspektini anglatadi. Bu, ta`lim jarayonini oʻzgaruvchan sharoitlarda, ajratilgan vaqt davomida istiqbollashtirilgan natijalariga kafolatli erishishga va konkret ta`lim-tarbiya jarayonlarini amalga oshirishni instrumental ta`minlovchi usul va vositalar (texnologik operatsiya)larning tartibli birligini oʻzida mujassamlashtirgan ta`lim modelini ishlab chiqish va amalga oshirishning texnologik jarayoni;
ikkinchidan, pedagogik texnologiyaning jarayonli- bayonli aspektini ifodalaydi. Bu maqsadni amalga oshirish va istiqbolda belgilangan natijalarga erishish boʻyicha pedagogik hamda oʻquv faoliyatini loyihasini bajarishning bayonidir (texnologik xarita).
Ta`lim texnologiyasi- pedagogik texnologiyaning ilmiy aspektini belgilash uchun ishlatiladi. Bu texnik va inson resurslarini hamda ularni oʻz oldiga ta`lim shakllarini optimallashtirish vazifasini qoʻyuvchi hamkorligini hisobga olgan holda dars berish va bilimlarni oʻuzlashtirishning barcha jarayonlarini yaratish, qoʻllash va belgilashning tizimli usuli.
Bugungi kunda ilmiy va ommabop adabiyotlarda «pedagogik texnologiya» tushunchasini ta`riflashda turli xil tasniflarni uchratishimiz mumkin.
Pedagogik texnologiyani oʻquv jarayoniga olib kirish zarurligini MDX davlatlari ichida birinchilardan boʻlib ilmiy asoslab bergan rossiyalik olim V.P. Bespa`ko «…pedagogik texnologiya - amaliyotga joriy etish mumkin boʻlgan pedagogik tizimning loyihasidir»,- deyish bilan , quyidagi ta`rifni beradi: «Pedagogik texnologiya - bu oʻqituvchi mahoratiga bogʻliq boʻlmagan holda pedagogik muvoffaqiyatni kafolatlay oladigan oʻquvchi shaxsini shakllantirish jarayoni loyihasidir»
Bu ta`rif mazmunidan quyidagi muhim tamoyillarni ajratib koʻrsatish mumkin:
PT oʻquvchilarda ma`lum ijtimoiy tajriba elementlarini shakllantirish uchun loyihalanadi;
loyihalangan tayyor texnologiyani amalga oshirish fan oʻqituvchisidan katta mahorat talab etmaydi;
yakuniy natija albatta kafolatlanadi.
T.S.Nazarova ta`rificha: «Pedagogik texnologiya- ta`lim- tarbiyadan koʻzlangan maqsadga erishish uchun oʻquv jarayonida qoʻllaniladigan usullar, vositalar majmuidir»
Nufuzli YUNESKO tashkiloti ma`qullagan ta`rif boʻyicha «Pedagogik texnologiya - ta`lim shakllarini optimallashtirish maqsadida texnik vositalar, inson salohiyati hamda ularning ta`sirini inobatga olib, oʻqitish va bilim oʻzlashtirishning barcha jarayonlarini aniqlash, yaratish va qoʻllashning tizimli metodidir»
Nemis olimi Kurt Levin, shveytsariyalik psixolog Jan Piajelar XX asrning 40- yillaridayok guruhda koʻpchilikning yagona bir qarorga kelishining psixologik tabiatini oʻrganishar ekan, pedagogik texnologiyalarning ahamiyatini alohida qayd etib oʻtishgan.
Amerikalik olimlar Benjamin Blum, Levi Stross, Jon Morenolar fikricha «...pedagogik texnologiya ta`lim maqsadlarini koʻzlagan etalon asosida oʻquvchilarning kuzatiladigan, oʻlchanadigan harakatlari shaklida oydinlashtirishdir»
Rus olimasi N.V. Kuzmina pedagogik tizim oʻzida ta`lim va tarbiya maqsadiga boʻysindirilgan oʻzaro bogʻlik tarkibli elementlardan tashkil topishini uqtiradi.
Bir guruh rus olimlari «pedagogik texnologiyalar ob`ektiv jarayon va u yangicha sifatiy muammolarni echish uchun ta`limni evolyusion bosqichga koʻtarish shartlaridan biri» deb qaraydilar (M.V. Klarin, M.Klark, T.A.Ilina). M.V. Klarin fikricha, PT - oʻquv jarayoniga yondashgan holda, oldindan belgilab olingan maqsad koʻrsatkichlaridan kelib chiqib oʻquv jarayonini loyihalashdir.
Rossiya pedagoglaridan V.M.Monaxov pedagogik texnologiyaga quyidagi ta`rifni beradi: «Pedagogik texnologiya- avvaldan rejalashtirilgan natijalarga olib boruvchi va bajarilishi shart boʻlgan tartibli amallar tizimidir» va uning xususiyatiga e`tibor qaratib, «PT- oʻquv jarayonini texnologiyalashtirib, uning qayta tiklanuvchanligini hamda pedagogik jarayon turgʻunligini oshirib, bu jarayon ijrochisining sub`ektiv xususiyatlaridan uni ozod qiladi»,- deydi.
Oʻzbekistonlik olim N.Sayidaxmedov fikricha: «Pedagogik texnologiya- bu oʻqituvchi (tarbiyachi) tomonidan oʻqitish (tarbiya) vositalari yordamida oʻquvchilarga ta`sir koʻrsatish va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilab olingan shaxs sifatlarini shakllantirish jarayonidir»
Yirik pedagog olimlarimizdan biri M.Ochilov pedagogik texnologiya sohasidagi tadqiqotlari natijasida quyidagi xulosaga keladi: «Pedagogik texnologiya- tizimli, texnologik yondashuvlar asosida ta`lim shakllarini qulaylashtirish, natijasini kafolatlash va ob`ektiv baholash uchun inson salohiyati hamda texnik vositalarning oʻzaro ta`sirini inobatga olib, ta`lim maqsadlarini oydinlashtirib, oʻqitish va bilim oʻzlashtirish jarayonlarida qoʻllaniladigan usul va metodlar majmuidir». U pedagogik texnologiyaga ta`lim usuli, ma`lum ma`noda ta`lim-tarbiya jarayonlari, vositalari, shakl va metodlari majmui deb qaraydi. «Pedagogik texnologiya ta`lim-tarbiyaning ob`ektiv qonuniyatlari, diagnostik maqsadlar asosida oʻquv jarayonlari, ta`lim-tarbiyaning mazmuni, metod va vositalarini ishlab chiqish va takomillashtirish tizimidir», -deb ta`rif beradi.
Koʻrib turganimizdek, «pedagogik texnologiya» tushunchasini ta`riflashda hali yagona fikrga kelinganicha yoʻq.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirgan holda pedagogik texnologiya - ta`lim-tarbiya jarayonlari, ta`lim usuli, vositalari, shakllari, oʻqituvchi va tahsil oluvchi oʻrtasidagi munosabatlar majmui boʻlib, ta`lim jarayoniga tizimli, texnologik yondashuvni talab qiladi va oʻzida ta`lim maqsadlarini oydinlashtirishni, natijasini kafolatlashni va ob`ektiv baholashdek muhim belgilarni aks ettiradi . Pedagogik texnologiyaning fan sifatidagi vazifalarini oʻqitishning har bir bosqichida ta`limning mazmunini belgilash, ta`lim-tarbiyaning shakllari va vositalarini tayyorlash, predmetning mazmuniga kiritish uchun vaziyatli matnlar, testlar tayyorlash, shaxsda shakllantirish nazarda tutilgan kasbiy sifatlar va ma`naviy fazilatlarni oʻzlashtirishga yunaltirilgan topshiriqlar tizimini ishlab chiqish, ta`limning natijasi va oʻzlashtirish darajasini aniqlash ularni ob`ektiv baholash uchun test vazifalarini tayyorlash kabilar tashkil qiladi.
Pedagogik texnologiya XX asrning oxirlarida deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda tez tarqalib, nufuzli YUNESKO tashkiloti tomonidan ham tan olindi va qoʻllab-quvvatlandi. Hozirda koʻpgina mamalakatlarda muvoffaqiyatli qoʻllanilib kelinmoqda.
Koʻpgina mamlakatlar pedagogik texnologiyadan foydalanib, ta`lim-tarbiya tizimini rivojlantirishda, oʻquvchilar oʻzlashtirishini oshirishda sezilarli yutuqlarga erishdilar
Ta`limni texnologiyalashtirishning asosini, ta`lim jarayonini, uning samaradorligini oshirish va ta`lim oluvchilarni, berilgan sharoitlarda va belgilangan vaqt ichida loyihalashtirilayotgan oʻquv natijalariga erishishlarini kafolatlash maqsadida toʻliq boshqarish gʻoyasi tashkil etadi.
Pedagogik texnologiya yordamida 3- ming yillikda Oʻzbekiston ta`lim-tarbiya tizimida ham tub oʻzgarishlar yuz berishi, oʻqituvchi- oʻquvchi faoliyati yangilanishi, yoshlarda hurfikrlilik, bilimga chanqoqlik, Vatanga mehr-muhabbat, insonparvarlik tuygʻulari tizimli ravishda shakllantirilishi koʻzda tutilmoqda.