Shag’al (3-1 mm) birlamchi minerallarning turli bo‘lakchalari-dan tashkil topgan. Shag‘alning tuproqda ko‘p bo‘lishi yerni ishlashda unchalik xalaqit bermasa-da, lekin unga qator salbiy xossalar - suvni juda tez o‘tkazib yuborish, suv ko‘taruvchanlik xususiyatining yomonligi, nam sig‘imining juda past bo‘lishi xarakterli.
Yuqorida aytilganidek, o‘lchami 1 mm dan katta zarracha (tosh va shag‘allar) ga tuproq skleti yoki tosh qismi deb ataladi. Skletli (toshli va shag‘alli) tuproqlar, odatda, joylardagi tuproq qatlami rivojlanishining yoshligi, turli ekzogen jarayonlar (eroziya, deflyasiya, surilma va x.k.) tufayli yaqin o‘tmishda avvalgi tuproq massasining yemirilish jarayonlari, mayda yotqiziqlar to‘planishining yo‘qligini bildiradi. Ancha quruq va sovuq iqlim, shuningdek tog‘li va past – balandli relyeflar skletli tuproqlar uchraydigan tuproq qoplamining rivojlanishiga olib keladi.
Tuproqda sklet miqdorining ko‘payishi mayda zarralar miqdorining kamayishi, oziqa elementlar va foydali namlik zapaslarining pasayishiga olib keladi. Skletning oshishi ildiz tarqaladigan qatlamning va mos ravishda o‘numdorligining kamayishiga barobardir. Toshloq tuproqlarning nisbatan yuqori quruqligini aynan ta‘kidlash lozim. Paxta, g‘alla ekinlari hosildorligi va tuproq toshloqligi o‘rtasidagi bog‘liqlik juda xarakterlidir, ya‘ni tuproq tosh qismining oshishi ekinlar hosildorligining keskin pasayishiga olib keladi.
Qum fraksiyasi(1-0,05 mm) asosan kvars va dala shpatlari kabi birlamchi minerallarning bo‘lakchalaridan iborat. Bu farksiyalarning suv o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lib bo‘kish va plastiklik xossasiga ega emas, ammo shag‘alga nisbatan unda kapillyarlik va nam sig‘imi ancha yaxshi. Shuning uchun tabiiy qumlar (ayniqsa mayda donalisi) ekinlar uchun yaroqli hisoblanadi. Ammo
ekinlar uchun qumlarning nam sig’imi 10 foizdan kam bo’lmasligi lozim.
Yirik va o’rtacha to’zon (chang) (0,05-0,005 mm). Yirik chang fraksiyalari 0,05-0,01 mm/ minerologik tarkibi jihatdan qumdan kam farqlanadi. Shuning uchun unda qumning ayrim xossalari: plastik emasligi, kam ko’pchishi, nam sig’imining yuqori emasligi kabilar xarakterli.
O’rta chang (0,01-0,005 mm) da slyuda mineralining ko’p bo’lishi bu fraksiyaga yuqori plastiklik va birikish xossasini beradi. O’rtacha chang ancha mayda bo’lganligidan namni yaxshi ushlab turadi. Lekin uning suv o’tkazuvchanligi past. Koagulyasiyalanish qobiliyatiga ega emasligi sababli, tuproq strukturasining shakllanishi va tuproqdagi fizik-kimyoviy jarayonlarida ishtirok etmaydi. Shuning uchun ham yirik va o’rtacha chang fraksiyalari ko’p bo’lgan tuproqlar tez uvalanib, changlanib ketadi va zichlanadi, suvni kam o’tkazadi.
Mayda chang (0,005-0,001) mm odatda ancha yuqori dispersiyalanganligi bilan xarakterlanib, qator birlamchi va ikkilamchi minerallardan iborat. Shuning uchun ham yirik zarralarga xos bo’lmagan qator xossalar, jumladan, koagullanish va struktura hosil qilish xususiyatiga hamda singdirish qobiliyatiga ega, chirindi moddalarni ko’p saqlaydi. Lekin mayda-nozik zarrachalarning ko’p bo’lishi tuproqning suv o’tkazuvchanligini yomonlashtiradi, o’simliklar uchun o’tadigan nam kam bo’ladi, yuqori ko’pchish va bo’kish, yopishqoqlik, yorilib ketish va zich qovushmali bo’lishi bilan xarakterlanadi.
Loyqa \<0,001 mm\ asosan yuqori dispers ikkilamchi minerallardan gumusli va organik mineral moddalardan iborat. Birlamchi minerallardan kvars, ortoklaz, muskovit kabilar uchraydi. Bu fraksiya tuproq unumdorligida katta ahamiyatga ega va tuproqda kechadigan qator fizik kimyoviy jarayonlarda asosiy rol o’ynaydi. Undagi kolloid zarrachalar tuproq strukturasining hosil bo’lishida muhim rol o’ynaydi. Tuproqning barcha kolloidlari ushbu fraksiyaga mansub. Loyqa zarrachalar juda katta sathiy energiyaga ega, masalan 1 g zarrachalarning solishtirma yuzasi 20000 sm ga yaqin. Loyqa fraksiya tuproq plazmasini tashkil etadi. Bular amalda tuproqda sodir bo’ladigan barcha jarayonlarning ishtiroqchisi hisoblanadi. Loyqa miqdori tuproqning ko’pchilik genetik xarakteristikasini belgilaydi. Gumus zahirasi, singdirilgan asoslar, karbonatlarning joylashish chuqurligi loyqa bilan bog’liq. Tuproq loyqa fraksiyasida gumusning qariyib barcha qismi saqlanadi. Bunda azot va fosfor, shuningdek o’simliklar uchun ko’pchilik hayotiy muxim elementlar jamlangan. Tuproqning fizik xossalari, nam sig’imi, struktura holati va suv o’tkazuvchanligi loyqa miqdoriga bog’liq. Ammo dispersiyalangan loyqa fraksiyalari qator salbiy xossalarga ham olib keladi.
Loyqa - eng asosiy singdiruvchi, ko’pgina mayda dispers moddalarni, jumladan biofil elementlarni, shu bilan birga atrof muhitni ifloslantiruvchi turli kationlar, og’ir metallar va radioaktiv elementlarni ham ushlab qoladigan absorbent hisoblanadi. Loyqa fraksiyaning fizik va suv - fizik xossalari zarrachalar dispers holatiga bog’liq. Koagulyasiyalangan, strukturalangan loyqa zarrachalari tuproqda biologik obyektlarning nam va havo bilan yuqori darajada ta’minlanishini vujudga keltiradi. Aksincha, strukturasiz dezagregatlangan loyqa zich yaxlit massaga aylanadi, shu sababli unda tirik organizmlar uchun erkin havo va qulay suv bo’lmaydi. U namlanganda yaxlit yopishqoq, ilashuvchan, bo’kadigan va quriganda esa yorilib ketadigan massaga aylanadi.
O’simliklarning tanasida asosiy oziqa elementlaridan tashqari juda ko’p mikroelementlar deb ataluvchi kimyoviy elementlar ham uchraydi. Bu elementlar to’qimalarda oz bo’lsa ham yuqori biologik faollikka ega. Ularning har biri ma’lum fiziologik funksiyalarni bajaradi. Shuning uchun biror mikroelementni boshqasi bilan almashtirib bo’lmaydi. O’simlikda ularning miqdori 0,001-0,00001 % gacha bo’lishi mumkin. Ular tuproqda, suvda, tog’ jinslarida va barcha tirik organizmlarda mavjud.
Tuproqda mikroelementlar ikki xil: 1) o’zlashtiriladigan,
2) o’zlashtirilmaydigan shaklda bo’ladi.
Birinchisiga suvda va suyultirilgan kislotada erimaydigan tuzlar organik yoki anorganik birikmalarni misol qilish mumkin. Ularning tuproqda ko’p yoki oz bo’lishi tuproq kimyoviy tarkibiga bog’liq.
2.2. Mikroelementlarning o’zlashtiriladigan shakli, fermentlarning faol markazi Mikroelementlarning o’zlashtiriladigan shakli suvda oson eriydigan tuzlar bo’lib, ular asosiy manbani tashkil etadi va qishloq xo’jalik o’simliklaridan yuqori hosil olish sharoitini yaratadi. Chunki mikroelementlar o’simlikdagi oksidlanish-qaytarilish, fotosintez, azot va uglevod almashinish jarayonlarida faol ishtirok etadi. Ular fermentlarning faol markaziga kiradi, o’simliklarning kasalliklarga va tashqi sharoitning noqulay omillari ta’siriga chidamliligini oshiradi. Mikroelementlarning yetishmasligi esa hosildorlikning keskin kamayishiga, kasalliklarning paydo bo’lishiga, o’simliklarning o’sish va rivojlanishi to’xtab qolishiga va hatto o’lishiga sababchi bo’lishi mumkin.