X o t i r a - bu tajribamizga aloqador har qanday ma’lumotni eslab qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish bilan bog‘liq murakkab jarayondir. Xotira har qanday tajribamizga aloqador ma’lumotlarning ongimizdagi aksidir. Inson xotirasining yaxshi bo‘lishi, ya’ni his-kechinmalarimiz, ko‘rgan - kechirganlarimizning mazmuni to‘laroq miyamizda saqlanishi quyidagi omillarga bog‘liq:
Esda saqlab qolish bilan bog‘liq harakatlarning yakunlanganlik darajasiga;
Shaxsning o‘zi shug‘ullanayotgan ishga nechog‘lik qiziqish bildirayotganligi va shu ishga moyilligiga;
Shaxsning bevosita faoliyat mazmuni va ahamiyatiga munosabatining qandayligiga;
Shaxsning ayni paytdagi kayfiyatiga;
Irodaviy kuchi va intilishlariga.
Xotira jarayonlari shaxsning faoliyatdagi yutuqlariga bog‘liq bo‘lgani uchun ham, uning tabiati, qanday kechishiga ko‘plab olimlar ahamiyat berganlar. Masalan, nima uchun odam u yoki bu ma’lumotni xotirada saqlaydi, degan savolga turli olimlar turlicha javob beradilar. Masalan, fiziologlar uning sababini miyada hosil bo‘ladigan nerv bog‘lanishlari - assotsiatsiyalar bilan bog‘lashsa, bioximiklar - ribonuklein kislota (RNK) va boshqa bioximik o‘zgarishlar oqibatidadir, deb tushuntiradilar.
Psixologlar esa xotirani doimo inson faoliyati, uning shaxs uchun ahamiyati va motivlar xarakteri bilan bog‘laydilar. Chunki shaxsning yo‘nalganligi, uning hayotdagi mavqei va qobiliyatlarining rivojlanganlik darajasi aynan xotirasining mazmuniga bog‘liq. Shuning uchun hattoki, shunday gap ham bor: «Nimani eslashingni menga ayt, men sening kimligingni aytaman».
Amaliy nuqtai nazardan xotiraning samaradorligi, uni o‘quv va mehnat faoliyati jarayonida amalga oshirish katta ahamiyatga ega. Chunki ko‘pincha odamlar orasida ishchanrog‘i, o‘quvchi yoki talabalar orasida bilimlirog‘i ham bir qarashda xotirasining kuchi bilan boshqalardan ajralib turadi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temurning xotirasi haqida afsonalar yuradi. Masalan, u o‘z qo‘l ostidagi beklarning nafaqat ismini, balki otasining ismlarini ham yoddan bilarkan, uchrashuvlarda bevosita nomini aytib murojaat qilarkan. Bu fazilat ham uning o‘z qo‘l ostidagilar orasida obro‘yining balandligiga ta’sir ko‘rsatgan. Amerikaning mashxur Prezidentlaridan Avraam Linkoln ham ana shunday fenomenal xotirani o‘z yaqinlari va ish yuzasidan u bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlarga nisbatan namoyon etib, lol qoldirgan ekan. Demak, xotira tarbiyasi, uni kerakli yo‘sinda rivojlantirish - kerak bo‘lsa, shaxsiy obro‘ hamda ishdagi samara masalasi bilan bevosita bog‘liq ekan.
Umuman, xotiraning samaradorligi eslab qolishning ko‘lami va tezligi, esda saqlashning davomiyligi, esga tushirishning aniqligi bilan bog‘lanadi. Demak, odamlar ham aynan shu sifatlarga ko‘ra ham farqlanadilar:
materialni tezda eslab qoladiganlar;
materialni uzoq vaqt esda saqlaydiganlar;
Istagan paytda osonlik bilan esga tushiradiganlar .Xotiraning nerv-fiziologik asosi. Xotira biz ilgari idrok qilgan, boshdan kechirgan va bajargan ishlarimizni yodda saqlash, keyinchalik ularni eslash yoki xotirlash jarayonidir. Biz har kuni yangi narsalarni bilamiz, kun sayin bilimlarimiz boyib boradi. Xotira faoliyatida shaxsning g`oyaviy yo`nalishi katta o`rin egallaydi. Shu o`rinda xotira borasidagi ta`riflarga qaytsak, ko`pgina adabiyotlarda xotira tushunchasi quyidagicha ta`riflanadi. "Indvidning o`z tajribasida esda olib qolishi, esda saqlashi va keyinchalik uni yana esga tushirishi xotira deb ataladi". Lekin mazkur ta`riflarni tahlil qilgan professor E.G`.G`oziev tomonidan xotira tushunchasiga quyidagicha ta`rif beriladi. "Xotira atrof-muhitdagi voqelik (narsa)ni bevosita va bilvosita, ixtiyoriy va ixtiyorsiz ravishda, passiv va faol holda, reproduktiv va produktiv tarzda, verbal va noverbal shaklda, mantiqiy va mexanik yo`l bilan aks ettiruvchi esda olib qolish, esda saqlash, qayta esga tushirish, unutish hamda tanish hissidan iborat psixik jarayon. Alohida va umumiylik namoyon qiluvchi ijtimoiy hodisa barcha taassurotlarni ijobiy qayta ishlashga yo`naltirilgan mnemik faoliyatdir". Shuni ta`kidlash joizki, keltirilgan mazkur ta`rif xotiraning murakkab, keng qamrovli jihatlarini to`la ta`kidlash imkoniyatiga ega. Shaxsning yo`nalishi uning qiziqishida ifodalanadi. Kishining qiziqishi xotiraga aniq va kuchli ta`sir ko`rsatadi, ya`ni yaxshi esda olib qolishni ta`minlaydi. Biz ko`pincha u yoki bu narsa va hodisalarni yomon esda qoldiramiz. Bu xotirani yomonligini emas, balki ularga qiziqish yo`qligini ko`rsatadi.Xotira sohasida quyidagi asosiy jarayonlar: esda olib qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish bir-biridan farq qilinadi. Bu jarayonlar faoliyatda tarkib topadi va belgilanadi. Ma`lum materialni esda olib qolish hayot faoliyati davomida individual, ya`ni shaxsiy tajribani to`plash bilan bog`liqdir. To`plangan tajribadan keyingi faoliyatda foydalanish qayta esga tushirishni talab qiladi. Ma`lum materialning faoliyatda qatnashmay qolishi yoddan chiqarishga olib keladi. Esda olib qolish nerv tizimining egiluvchan, ya`ni o`zgaruvchanlik, qo`zqatuvchilar ta`sirida o`zida go`yo bir iz qoldirish, saqlash imkoniyati tufayli yuzaga keladi. Har qanday insonning miyasi egiluvchanlik xususiyatiga ega bo`lib, uning darajasi har xil bo`ladi. Shaxs xotirasining sifati miyaning faolligi va turli faoliyatga to`g`ridan-to`g`ri bog`liq ravishda rivojlanadi. Atrofni o`rab olgan borliqni faol biluvchi kishi o`z miyasi faoliyatini to`xtovsiz kuchaytiradi. Shu bilan birga uning egiluvchanlik darajasini oshiradi. Miya egiluvchanligi vaqtincha pasayishi, xotira samarasining susayishi, ba`zi paytda odamning toliqishiga sabab bo`ladi. Dam olgandan keyin yana tiklanadi. Odatda miya egiluvchanligi yosh o`tishi bilan susayadi. Muvaqqat nerv aloqalari assotsiasiyalarni hosil qiluvchi fiziologik mexanizmdir. Assotsiasiya bizning xotiramizda mustahkamlangan va ongimizda qayd qilingan ayrim voqea hodisalarning o`zaro bog`lanishidir. Biror buyumni esda olib qolish, boshqa buyumlar bilan bog`lash orqali amalga oshiriladi. Bu o`rinda akademik I.P.Pavlovning quyidagi so`zlari juda xarakterlidir. "Muvaqqat nerv bog`lanishlari - deb yozadi I.P. Pavlov hayvonot olamida va bizning o`zimizda ham bo`ladigan eng umumiy fiziologik hodisadir. Shu bilan birga u psixik hodisa hamdir, turli-tuman harakat, taassurot bo`lmasa harflar, so`zlar va fikrlar o`rtasida paydo bo`ladigan bog`lanishlar-ki, bu bog`lanishlarni psixologlar assotsiatsiyalar deb ataydilar".Xotira, ya`ni esda olib qolish, idrok qilinayotgan narsalardan hosil bo`lgan obrazlar o`rtasida assotsiatsiyalarning yuzaga kelishidan iboratdir. Shu bois inson xotirasidagi assotsiatsiyalar 3 turga ajratiladi. Bular yondoshlik assotsitasiyasi, o`xshashlik assotsiatsiyasi va qarama-qarshilik assotsiatsiyalaridan iboratdir. Yondoshlik assotsiatsiyasining asosida vaqt va fazoviy munosabatlar yotadi. Boshqacha qilib aytganda, yondoshlik assotsiatsiyasi bir necha narsa yoki hodisalarni ayni bir vaqtda yoki ketma-ket idrok qilishdan hosil bo`ladi.Hozirgi paytda idrok qilinayotgan narsa bilan ilgari idrok qilingan narsa o`rtasida ma`lum o`xshashlik bo`lsa, bu narsalar o`rtasida o`xshashlik assotsiatsiyasi hosil bo`ladi.Hozirgi idrok qilinayotgan narsalar bilan ilgari idrok qilinayotgan narsalar o`rtasida qarama-qarshi belgilar va xususiyatlar bo`lsa, bunday narsalar o`rtasida qarama-qarshilik assotsiatsiyasi yuz beradi. Masalan yoz-qish, issiq-sovuq kabi narsalar o`rtasida qarama-qarshilik assotsiatsiyalari hosil bo`ladi.Shunday qilib, xotiraning nerv-fiziologik asosida bosh miya po`stida hosil bo`ladigan shartli reflekslar, turli assotsiativ bog`lanishlar yotadi. Lekin, odam esda olib qolish paytida assotsiatsiyalar hosil bo`lganligini mutlaqo sezmaydi. Har xil assotsiatsiyalarning hosil bo`lganini odam keyinchalik biror narsani esga tushirish paytida bo`ladi. Xotira nazariyalari. Hozirgi zamon xotirani tadqiq qilish bilan bog`liq tadqiqotlarda markaziy o`rin xotira jarayonining asoslariga ajratilgan. Xotira jarayonining asoslari 3 yo`nalishda o`rganilgan: psixologik, neyro-fiziologik, bioximik. Xotiraning psixologik nazariyalari inson faolligi bilan bog`liq bo`lgan xotira jarayonlarini shakllantirishni tadqiq etadi. Ulardan birinchisi assotsiativ nazariyadir. Ma`lum bir bilimlar inson ongida birin ketin o`rin olishi tufayli ularda assotsiativ bog`liqlikni yuzaga keltiradi va ushbu bog`liqlikda biror bir narsa esga tushiriladi. Ushbu assotsiatsiyalarni 3 turga bo`lish mumkin, ya`ni ob`ektlarning fazoviy bog`liqligi, bir-biriga mosligi va qarama-qarshiligidir. Bundan 3 ta assotsiatsiya kelib chiqadi: bir-biriga bog`liqlik, o`xshashlik va qarama-qarshilik. Assotsiatsiya nazariyasi bo`yicha xotira assotsiativ bog`lanishlar asosida mavjud ma`lumotni saqlash va qayta tiklash imkoniyatiga ega.Ikkinchi psixologik nazariya xotiraning geshtalt nazariyasidir. Ushbu nazariyaning asosiy ta`limoti narsaning negizi, yaxlitligi, yig`indisidir. Ushbu nazariyaga asosan xotira yaxlit hodisa sifatida tahlil etiladi. Bixeviorizm - inson xotirasida, esda olib qolishda takrorlashning ahamiyatiga diqqatni qaratadi. Freydizm xotirani emotsiyalar, motivlar va ehtiyojlar bilan bog`laydi. Xotiraning mantiqiy nazariyasi A.Bine va Byullerlar tomonidan ilgari surilib, ular xotiradagi materialni xotiraning mantiqiy esda olib qolinishi bilan bog`laydi.A.N.Leontev, N.I.Zinchenko, A.A.Smirnovlar tomonidan faoliyat nazariyasi ilgari surilib, turli tasavvurlar orasidagi bog`liqlik esda olib qolingan materialning qandayligiga emas, balki odamning u bilan nima qilishiga bog`liqdir.Bioximik nazariya tashqi ta`sir ostida nerv hujayralarida yuz beradigan o`zgarishlarni qayd qilish va xotira jarayonida DNK va RNK ahamiyatini aniqlashga qaratilgandir. DNK xotirani genetik tug`ma tashuvchi sifatida, RNK esa individual xotiraning ontogenetik asosi sifatida qabul qilinadi. Kibernetik nazariya bo`yicha xotira ma`lumotni qabul qilib olish, qayta esga tushirish va unutishdir. Adabiyotlarda keltirilishicha, navbatdagi nazariya xotira jarayonlari asoslari haqidagi fiziologik nazariyadir. Vaqt oraliqida esda olib qolish, saqlash va esga tushirish xotiraning asoslari fiziologik nazariyasini tashkil qiladi. Har qanday tashqi ta`sir nerv tizimida izsiz o`tmaydi va qandaydir "iz" qoldiradi. "Iz"ning fizik ta`siri qayta impuls harakatini engillashtiradi. Vaqtinchalik nerv munosabatlarining yuzaga kelishi, ularning izini va keyinchalik faollashtirilishini xotira jarayonlari asoslari nazariyasi sifatida ko`rib chiqiladi. 80-yillarda nemis psixologi German Ebbingauz o`z "sof" xotira qonunlarini o`rganish imkonini beruvchi, boshqacha so`z bilan aytganda, tafakkurga bog`liq bo`lmagan holda izlarning esda qolish jarayoni tadqiq etishning yangi uslubini taklif qilgan, ya`ni ma`nosiz bo`g`inlarni yod olishdan iborat bo`lgan bu uslub Ebbingauzga materialni esda olib qolishning egri chiziqiga oid qonunni kashf qilishga, uning asosiy qoidalarini bayon etishga va ana shularning asosida izlarni xotirada saqlanish muddatini hamda asta-sekin so`nish holatini tekshirishga imkoniyat yaratgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Amerikalik psixolog Eduard Torndaykning tekshirishlari paydo bo`ldi. U birinchi bo`lib tekshirish predmeti sifatida hayvonlarda ko`nikmalarni paydo bo`lish jarayonini tanlagan edi.XX asrning birinchi 10 yilida xotirani tekshirish yangi ilmiy talqinga ega bo`ldi, uning moddiy asosi to`g`risidagi muammolarga mohiyati jihatidan mutlaqo boshqacha yondashish ro`yobga chiqdi.
Huddi shu davr xotira psixologiyasida keskin burilish nuqtasini vujudga keltiradi. Akademik I.P.Pavlov shartli reflekslarni o`rganishning ilmiy metodini taklif etadi, bu narsa o`z navbatida bosh miya yarim sharlarida yangi bog`lanishlar paydo bo`lishiga va mustahkamlanishning asosiy fiziologik mexanizmlarini tekshirish imkoniyatlarini tug`dirdi. Ana shunday qilib, ushbu bog`lanishlar paydo bo`lishiga va saqlab qolishga yordam beradigan shart-sharoitlar, shuningdek, bog`lanishlarning saqlanishiga ta`sir qiluvchi holatlar, omillar va mexanizmlar tasvirlab berildi. I.P.Pavlov oliy asab faoliyati ta`limoti va uning asosiy qonunlari xotiraning fiziologik mexanizmlariga oid bilimlarning asosiy manbasiga aylanib qoladi. Bolalarda xotiraning yuksak (yuqori) shakllarini birinchi marta tadrijiy ravishda tadqiq qilish taniqli psixolog L.S.Vigotskiyga nasib etgan. U 20-yillarning oxirlarida maxsus tekshirishlarning predmeti qilib, xotiraning yuksak shakllarining rivojlanishi muammosini tanlagan va u o`z shogirdlari A.N.Leontev (1905-1979) va A.V.Zankov bilan birgalikda xotiraning yuksak shakllari ruhiy faoliyatning murakkab shakli ekanligini, kelib chiqish jihatidan ijtimoiyligini ko`rsatadi. Shuning bilan birga u murakkab, mohiyatiga ko`ra esda olib qolishning asosiy bosqichlari rivojlanishini isbotlab berdi. Psixologlardan A.A.Smirnov, P.I.Zinchenkolar ham xotira bo`yicha ilmiy tekshirish ishlarini olib bordilar, uning yangi qonunlari va mexanizmlarini ochdilar. Esda olib qolishning faoliyat maqsadiga bog`liqligini yoritdilar, murakkab materialni esda olib qolishning oqilona usullarini ko`rsatib berishga muvofiq bo`ladilar.Yuqoridagi fikrlardan ko`rinadiki, psixolog olimlar tomonidan xotira borasida qator ilmiy izlanishlar olib borilgan va borilmoqda. Xotira insonning holati va faoliyatining barcha sohalarida qatnashishi tufayli uning namoyon bo`lish shakllari, holatlari, shart-sharoitlari, omillari ham xilma-xil ko`rinishga egadirlar. Ayrim darsliklarda xotira turlari turlicha klassifikasiya qilinadi. Jumladan, A.V.Petrovskiy tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" darsligida quyidagi klassifikasiya uchraydi:Faoliyatda ko`proq sezilib turadigan psixik faollikning xususiyatiga qarab: harakat, emotsional, obrazli va so`z mantiq xotira.Faoliyatning maqsadlariga ko`ra: ixtiyorsiz va ixtiyoriy xotira.Materialni qancha vaqt esda olib qolish va esda saqlash muddatiga ko`ra: qisqa muddatli, uzoq muddatli va operativ xotira. M.G.Davletshin tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" o`quv qo`llanmasida quyidagi xotira klassifikasiyasi qayd qilinadi:Psixik faolligiga ko`ra: ixtiyoriy va ixtiyorsiz xotira.Faoliyat maqsadiga ko`ra: harakat, emosional, obraz va so`z-mantiq xotirasi.Muddatiga ko`ra: uzoq muddatli, qisqa muddatli va operativ xotira.E.G`.G`oziyev tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" o`quv qo`llanmasida xotira turlari quyidagicha klassifikasiya qilingan.
1. Ruhiy faoliyatning faolligiga ko`ra:
a) harakat yoki motor harakat xotirasi;
b) obrazli xotira;
v) his-tuyg`u yoki hissiyot xotirasi;
g) so`z-mantiq xotira.
2. Ruhiy faoliyatning maqsadiga binoan:
a) ixtiyorsiz;
b) ixtiyoriy;
v) mexanik.
3. Ruhiy faoliyatning davomiyligiga ko`ra:
a) qisqa muddatli xotira;
b) uzoq muddatli xotira;
v) operativ (tezkor) xotira.
4. Ruhiy faoliyat qo`zqatuvchisining sifatiga ko`ra:
a) musiqiy;
b) eshitish xotirasi;
5. Ruhiy faoliyatning inson yo`nalishiga qarab:
a) fenomenal;
b) kasbiy.
Harakat xotirasi - inson faoliyatining har bir turida ruhiy faollikning u yoki bu ko`rinishlarini ustunlik qilishida kuzatiladi.Turli harakatlar va ularning bajarilishi tartibi, tezligi, sur`ati, izchilligi va boshqalarni esda qoldirish, mustahamlash, esga tushirishdan iborat xotira turi harakat xotirasi deb ataladi.
His-tuyg`u yoki hissiyot xotirasi. Bu xotira his-tuyg`ular, ruhiy kechinmalar, hissiyotlar, ehtiyojlarimiz va qiziqishlarimiz qanday qondirilayotganligidan, atrofimizdagi narsa va hodisalarning xususiyatiga nisbatan munosabatimiz qay tarzda amalga oshirilayotganligidan doimo xabar berib turish imkoniyatiga ega. Shuning uchun har bir kishining hayoti va faoliyatida hissiy xotira turi juda katta ahamiyat kasb etadi.Voqelikdagi narsa va hodisalardan, o`z-o`zimizga bo`lgan munosabatlarimizdan kelib chiqadigan yoqimli hamda yoqimsiz kechinmalarni esda qoldirish, esda saqlash, esga tushirishdan iborat xotira turi hissiy xotira turi deb ataladi.
Obrazli xotira - tasavvurlar va turmush manzaralari, shuning bilan birga, tovushlar, ta`mlar, ranglar shakllar, bilan bog`liq bo`lgan xotira turidir. Obraz xotirasi deb yaqqol mazmunni, binobarin, narsa, hodisalarning aniq obrazlarini, ularning xususiyatlari va bog`lanishlarini esda qoldirish, ongda mustahkamlash hamda zaruriyat tug`ilganida esga tushirishdan iborat xotira turiga aytiladi. Psixologiya fanida obrazli xotiraning bir necha turlari ajratib ko`rsatiladi va ular quyidagilardan iborat.
Izchil obrazlar sensor xotiraning eng sodda ko`rinishi yoki shakli izchil obrazlardan iboratdir. Izchil obrazlarning namoyon bo`lish hodisasi quyidagilardan tuziladi: agar sub`ektga bir necha daqiqa oddiy qo`zg`atuvchi yuborilsa, jumladan 10-15 sekund yorqin qizil kvadratga qarab turish taklif etilsa, so`ng tekshiruvchi oldidan kvadrat olib quyilsa, u qizil kvadrat o`rnida huddi shunday geometrik shakl izini ko`rishda davom etadi. Asosan bu shakl ko`pligi rangda tovlanadi. Mazkur iz o`sha zahoti, ba`zan bir necha sekunddan keyin paydo bo`lib, 15 sekunddan to 45-60 sekundgacha o`sha ob`ektda saqlanib turadi, shundan so`ng asta-sekin oqara boshlaydi. Natijada o`zining aniq qon turini yo`qotadi, keyinchalik mutlaqo yo`qolib ketadi. Goho butunlay yo`qolishi uchun qaytadan paydo bo`lishi mumkin.
O`zining kelib chiqishi, kuchliligi jihatidan izchil obrazlar salbiy va ijobiy turlarga bo`linadi. Agar kuchli ravishda odam qizil rangga qarab turib, so`ngra nigohini oq qog`ozga ko`chirsa, u holda ob`ektda ko`k-yashil rang paydo bo`lganday ko`rinadi. Izchil obrazlarning ushbu turi salbiy, izchil obrazlar deb ataladi.
Eydetik obrazlar psixologiyada izchil obrazlardan eydetik obrazlarni farqlash an`ana tusiga kirgan bo`lib, "eydos" yunoncha "obraz" degan ma`noni anglatadi. Xotiraning bu turi, ya`ni eydetik obrazlar o`z vaqtida nemis psixolgiya maktabining namoyondalari aka-uka Yenishlar nomidan ta`riflab berildi. Ba`zi odamlar shu davrlarda kuzatilgan narsa yoki suratlar ko`z o`ngidan olib qo`yilsa ham surat siymosi uzoq vaqt saqlanish xususiyatiga ega.Aka-uka Yenishlar tomonidan o`tkazilgan oddiy tajribada eydetik xotiraga ega bo`lgan tekshiruvchiga olma va undan sal uzoqroqda joylashgan ilmoq tasvirlangan rasm ko`rsatilgan. Rasm o`rtasidan bo`lib, qo`yilgandan keyin tekshiruvchida olmani olib qo`yish istagi kuchayib borayotgani so`ralgan. So`z-mantiq xotirasi mazmunini fikr va mulohazalar, aniq hukm hamda xulosa chiqarishlar tashkil etadi. Insonda fikr va mulohaza turli xil shakllar yordamida ifodalanganligi tufayli ularni ifodalash faqat o`zlashtirilayotgan materiallarning asosiy ma`nosini izohlash, talqin qilib berish yoki ularni so`zma-so`z ifodalanishini aynan aytib berishga qaratilgan bo`lishi mumkin. Agar ma`lumot, axborot, xabar, material ma`no jihatidan qayta ishlanmasa, u holda materialni so`zma-so`z o`zlashtirish, mantiqiy o`rganish bo`lmasdan, balki aksincha mexanik esda olib qolishga aylanib qoladi.
Ixtiyoriy xotira deganda ma`lum maqsadni ro`yobga chiqarish uchun muayyan davrlarda aqliy harakatlarga suyangan holda amalga oshirilishidan iborat xotira jarayoni tushuniladi. Bu faoliyatni odam ongi bevosita boshqaradi.
Xotiraning ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlari xotira taraqqiyotining ikkita ketma-ket bosqichlarini tashkil etadi. Ixtiyorsiz xotiraning turmushda va faoliyatda katta o`rin egallashini har kim o`z shaxsiy tajribasidan biladi. Ixtiyorsiz xotiraning muhim xususiyatlaridan biri ma`lum maqsadsiz aqliy, asabiy, irodaviy zo`r berishsiz hayotiy ahamiyatga ega bo`lgan keng ko`lamdagi ma`lumot, xabar, axborot, ta`surotlarning ko`pchilik qismini aks ettirishdir.
Inson muayyan daqiqalarda, lahzalarda, ayni paytda bevosita idrok qilinayotgan narsalarni go`yo ko`rishda, eshitishda davom etayotgandek tuyuladi. Ushbu jarayon kelib chiqishi jihatidan beqaror, hatto o`zgaruvchan, lekin ular shu qadar maxsus tajriba orttirish mexanizmlarining faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ularning roli shu qadar ahamiyatli-ki, bu jarayonlarda esda olib qolish, esda saqlash, axborotlar, malumotlar, xabarlarni qayta esga tushirishning alohida turi sifatida qaraladi. Ushbu jarayon odatda psixologiya fanida qisqa muddatli xotira deb ataladi.Hozir ilmiy adabiyotlarda qisqa muddatli xotirani quyidagi atamalar bilan nomlash uchraydi: "bir lahzalik", "dastlabki", "qisqa muddatli" va boshqalar.Operativ xotira inson tomonidan bevosita amalga oshirilayotgan faol tezkor harakatlar, usullar uchun xizmat qiluvchi jarayonni anglatuvchi mnemik holat operativ xotira deb ataladi. Xotira faoliyati esda qoldirishdan boshlanadi. Esda qoldirish idrok qilingan narsa va hodisalarni miya po`stida iz hosil qilishdir. Uning fiziologik asosi miya po`stida muvaqqat nerv bog`lanishining vujudga kelishidir. Esda qoldirish o`zining faolligi jihatidan ikkiga bo`linadi:
a) ixtiyoriy esda qoldirish;
b) ixtiyorsiz esda qoldirish.
Ixtiyorsiz esda qoldirishda oldindan maqsad qo'yilmaydi, mavzu tanlanmaydi va iroda kuchi sarflanmaydi. O`zining go`zalligi, hissiy ta`sirchanligi, hajmi, harakatchanligi, tezligi, shakli va boshqa xossalari bilan farq qiladigan narsa va hodisalar ixtiyorsiz esda qoladi. Ixtiyoriy esda qoldirishda esa oldindan maqsad qo`yib mavzu belgilanadi. Masalan, dars materiallarini esda olib qolish, imtihonga tayyorlanish va boshqalar. Ixtiyoriy esda qoldirishda quyidagi turli usullardan foydalaniladi:maqsad qo`yish, masalan, institutga kirish oldidagi maqsad;o`quv materiallarini tushunib esda qoldirish; esda qoldirishning rasional usullaridan foydalanish, masalan, esga tushirish yo`li bilan esda qoldirish.
Beixtiyor esda qoldirishda qiziqish katta rol o`ynaydi. Bizning oldingi tajribamiz bilan bog`liq narsa va hodisalar beixtiyor oson esda qoladi. Biz ba`zi bir faktlarni bilsak, ular haqida tushunchaga ega bo`lsa, shu faktlarga tegishli bo`lgan hamma narsalar oson esda qoladi.Ixtiyorsiz esda qoldirish inson hayotida katta ahamiyatga ega bo`lib, undan ortiqcha harakat talab qilmagan holda hayotiy tajribalarni kengaytiradi va boyitadi. Biroq ixtiyorsiz esda qoldirish tez bo`lsa ham ko`pincha noaniq bo`ladi, bunday esda olib qolingan narsa va hodisalar keyinchalik yanglish esga tushiriladi.
Psixologiya fanida esda olib qolishning quyidagi turlari mavjud:
Ma`lumot, xabar, taassurot, axborot va materiallarni eshitish orqali idrok qilish hamda esda olib qolish.
Egallash yoki o`zlashtirish zarur bo`lgan materiallarni ko`rib idrok qilish yordamida esda olib qolish.
Materiallarni harakat yordamida va eshitish orqali idrok qilish hamda esda olib qolish.
Aralash holatda esda olib qolish, eshitish, ko`rish, harakat kabilar orqali idrok qilish va esda olib qolish yoki bir nechta ta`sir etuvchilar yordamida aks ettirish.
Mana shu yo`llar orqali eshitish, ko`rish, eshitish harakat, kombinotorlashtirilgan (aralash) turlari yordamida xotiraning qaysi turi ustunroq yoki qaysi biri bo`sh ekanligini aniqlash mumkin.
Esda olib qolishda assotsiatsiyalarning ahamiyati muhimdir. Buning uchun esda olib qolish jarayonining bog`lanishlari paydo bo`lish sur`atini aniqlash maqsadida ular xususiyatlariga binoan quyidagi: