Takroriy zo’riqish uslubida katta va o’rtacha katta qarshiliklar bilan bajariladigan mashqlardan foyda-laniladi. Agar yosh futbolchining kuchi mashg’ulotlar jarayonida harakatlarni 8-12 martadan ko’proq bajara oladigan darajada ortsa, mashqlarni 4-7 marta bajarishga imkon beradigan darajaga qadar murakkablashtirish lozim. Kuchni tarbiyalashda mashqni bir urinishda 50 tagacha takrorlash tavsiya etilmaydi. Bunchalik ko’p takrorlashlar faqat chidamlilikni tarbiyalashda maqsadga muvofiqdir.
Yosh futbolchilarda chidamlilikni tarbiyalashga 12-15 yoshdan boshlab kirishish maqsadga muvofiqdir. Bu yoshga kelib o’smirning anatomik va fiziologik jihatdan shakllanishi tugalanadi va uni harakat faolligining oshishi chidamlilikni ko’proq rivojlantirish imkonini beradi.
Umumiy chadamlilikni tarbiyalash.
Boshlang’ich ta’lim bosqichida umumiy chidamlilikni tarbiyalashga ko’proq e’tibor beriladi. Umumiy chidamlilikni tarbiyalash uslublari turli sportchilar uchun umumiy bo’lib, ularni tanlash futbolchilarning ixtisoslashuvi, malakasi va individual xususiyatlariga bog’liq emas.
Uzoq masofaga lo’killab yugurish, shuningdek, sportning tsiklik turlari: suzish, chang’ida yugurish va boshqalar umumiy chidamlilikni tarbiyalashning asosiy vositasidir.
11-12 yoshli futbolchilar bilan o’tkaziladigan mashg’ulotlarda umumiy chidamlilikni tarbiyalashning asosiy vositasi uzoq masofaga asta-sekin yugurishdir. Yugurish vaqti tomir urish tezligi minutiga 140-150 marta bo’lgan holda asta-sekin 10 daqiqadan 30 daqiqagacha oshiriladi. Mashg’ulot-ning bu uslubi bir me’yorli uslub deb ataladi. U bir qator afzalliklarga ega: birinchidan, organizmdagi barcha tizimlarning uyg’un va asta-sekin moyillik bilan ishlashiga qulay sharoitlar yaratiladi; ikkinchidan, ortiqcha mashg’ulot qilish ehtimoli kamayadi. Bunda sportchining organizmi aerob rejimda ishlaydi.
Jiddiy mashg’ulot qilish bosqichida futbolchilarning umumiy chidam-liligini tarbiyalash uchun mashg’ulotning bir me’yorli-o’zgaruvchan uslubini qo’llash maqsadga muvofiqdir. Bu uslub yuklamaning sust yoki faol dam olish bilan almashinib turadigan bir necha «bo’lak» larga bo’linishi bilan xarakterlanadi. Bu esa shug’ullanuvchilarning organizmiga ancha kuchli ta’sir etadigan jadal mashqlarni qo’llash imkonini beradi.
Bir me’yorli - o’zgaruvchan uslubda bajariladigan mashqlar futbolchi-larda chidamlilik sifatini tarbiyalashga, texnikani musobaqa sharoitiga yaqin bo’lgan sharoitlarda takomillashtirishga imkon beradi. Bu uslub o’zining organizmga ta’sir etishiga ko’ra anaerob uslubdir.
Bir me’yorli - o’zgaruvchan uslub bo’yicha bajariladigan mashg’ulotni tegishli rejimda o’tkazish kerak. Masalan, 1000 m ga yugurishni bajarishda quyidagicha topshiriq beriladi: 200 m bir me’yorda yugurish, 20-30 m shiddat bilan yugurish va hokazo.
Umumiy chidamlilikni tarbiyalash uchun trenirovkaning bir me’yorli -o’zgaruvchan uslubidan foydalanganda, bajariladigan ishning quyidagi asosiy xarakteristikalarini hisobga olish zarur:
1. Mashqlarni bajarish tezligi taxminan shunday bo’lishi kerakki, mashqni bajarish oxiriga kelib tomir urishining tezligi minutiga 160-170 marta bo’lsin.