Numizmatika terminologiyasi. Numizmatika fani o‘zining ilmiy tadqiqot metodlari va terminologiyasiga ega.
Tanganing ikki tomoni- avers (old, yuzi) va revers (tersi) bo‘ladi. Avers - lotincha “adversus” so‘zidan olingan bo‘lib, kimgadir yoki nimagadir murojaat ma’nosini bildiradi. Tanganing aversida odatda hokim, shoh yoki imperator yoki muqaddas hayvon, reversida ma’buda yoki asosan, yozuvlar va tamg‘a tasvirlanadi. Aversida asosan muhim tasvirlar ko‘rsatiladi. Musulmon tangalarigacha hukmdorlar portreti berilsa, keyingi davrlarda yozuvlar va geometrik shakl berilgan. Ammo shunday tangalar ham borki, ular yuqoridagi fikrlarga mos kelmaydi. Masalan, XVI asrda zarb etilgan Riga talerlari aversi va reversida ham shahar gerbi tasvirlangan. Shunga ko‘ra tanganing reversi masalasida hozirgi kunda bahslar davom etmoqda, ammo bahslarda bu tushunchalar tangani ta’riflashda o‘ng‘aylik bo‘lishi uchun kashf etilganligi yoddan ko‘tarilmoqda.
Tanga tipi –tasvir elementlarining barqaror kompozitsiyasi, unga tanganing avers, reversdagi yozuvlar kiradi.
Tanga turi (monetniy tip) – tangadagi barcha yozuv, belgilar majmuasi. Emitent – tanga zarb etish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, hukmdor. O‘rta asrlarda bunday huquqga hukmdor, imperator, qirol, feodal respublikasi, erkin shahar ega bo‘lgan.
Tanga huquqi – zarb etish huquqi davlatning suveren huquqlaridan biridir. Bu huquq imtiyoz shaklida taqdim qilinishi, sotilishi, ijaraga berilishi, garovga qo‘yilishi mumkin.
Tanga regaliyasi –tanga zarb qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning imtiyoz sifatida zarb qilishdan foyda ko‘rishi. Buni tanga huquqi bilan tenglashtirish mumkin.
Legenda - tanganing ikki tomonidagi rasm va yozuvlar tasvirlangan maydon, ya’ni tangadagi yozuvdir. Odatda tanga maydoni chiziqli yoki nuqtali yoki uzun munchoqqa o‘xshash hoshiya bilan o‘ralgan va aksariyat tangalarda odatda gorizontal, aylana shaklida bir yoki bir necha qatordan iborat bo‘ladi. Ayrim hollarda vertikal va perpendikulyar shaklda bo‘ladi. Ba’zan esa tasvirning o‘ziga yoziladi. Tanga zarbi vaqti yozuvi ham tanga yozuvi qatoriga kiradi. XV asrgacha Yevropa tangalarida zarb qilingan vaqti kam hollarda ko‘rsatilgan.