O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev ” 2021-yil yangi o‘zbek adabiyoti fanidan



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə4/30
tarix16.06.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#131154
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30
27a21d2b9108f256886e1abbc0a51177 YANGI O‘ZBEK ADABIYOTI

3. Sosialistik realizm bosqichi. Bu bosqichga taxminan 1932-yildan 1954-yilgacha o‘tgan davrni kiritish mumkin. Unda sosialistik realizm metodining o‘ylab chiqarilishi bilan adabiyot mavjud tuzum va hukmron mafkuraning oddiy tarG’ibotchisiga, madhiyaboziga aylanib qoldi. Oqibatda bu adabiyotda realizm prinsiplari darz ketdi, hayot haqiqati chil-chil sindi. Bu davr o‘zbek adabiyotida YolG’onni rost, fojiani baxt, yovuzligu qirqinlarni insonparvarlik sifatida taqdim etish odat tusiga kirdi. Demak, mazkur bosqichda o‘zbek adabiyoti yomon ko‘chalarga, xatarli yo‘llarga kirib qoldi va ketma-ket son-sanoqsiz zaif namunalar paydo qilaverdi. Biroq zimiston ko‘chalarning qaysidir burchaklarida miltillagan nur ko‘rgan va unga ergashgan yozuvchilar ham bo‘ldi. Ular hukmron mafkura doirasida turib, asosiy metodning temir qoliplarini go‘yo bildirmasdan buzib chiqishga va realizmning eng go‘zal an’analari, prinsiplari izidan borishga intildilar. Faqat shunday hollardagina o‘zbek adabiyoti ba’zi haqiqiy badiiy asarlar bilan boyidi. Buning dalili sifatida Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy” romanlarini, G’afur G’ulomning “Shum bola” qissasini va urush yillaridagi lirikasini, Abdulla Qahhor hikoyalarini hamda UyG’un bilan Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasini eslash mumkin. Mazkur asarlar mahorat bilan jasorat birlashgan choqda haqiqiy ijodiy kashfiyotlar uchun yo‘l ochilishini isbotladi.
4. Sosialistik realizmning ikkinchi bosqichi. Bu bosqich 1954-yildan 1991-yilgacha davom etadi. Odatda sovet adabiyoti tarixi davrlashtirilganda, 1956 yildagi KPSS XX syezdidan keyin uning taraqqiyotida yangi bosqich boshlanganligi hamda mazkur davrda badiiy ijodning hayotiyligi, g’oyaviyligi bilan badiiylikning birligi masalalariga e’tibor ortganligi qayd qilinar edi. Agar o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining ichki qonuniyatlarini ko‘proq hisobga oladigan bo‘lsak, unda yangi bosqich 1954-yildan, aniqroqi, Abdulla Qahhorning “Og’riq tishlar” komediyasidan boshlanganligini e’tirof etish o‘rinli bo‘ladi. Buning sababi shundaki, ilgarigi bosqichda adabiyot, asosan, sosializmni madh etish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, “Og’riq tishlar” komediyasi so‘z san’atimizda birinchi marta mavjud ijtimoiy tuzumning illatlari haqida ancha keskin va zaharxanda ohangda gapirish mumkinligini isbotladi. Xuddi shu asar bilan boG’liq holda va hayotda demokratiyaning ma’lum darajada chuqurlashuvi oqibatida hukmron metodning qoliplarini kengaytirish, ya’ni sosialistik realizmni “ochiq sistema” sifatida tushunish haqidagi qarashlar paydo bo‘ldi. Endi adabiyot go‘yo sekin-sekin kasaldan qutilayotgan bemordek “sog’lom avlod” haqida ko‘proq qayG’ura boshladi. Bular o‘z-o‘zidan adabiyotda realizm prinsiplarining chuqurlashuviga olib keldi. Oqibatda o‘zbek adabiyotida muayyan voqyea bo‘lib qoladigan ijod namunalari maydonga keldi. Ular orasida Oybekning “Davrim jarohati”, Mirtemirning “Surat” dostonlari, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she’riyati, O.Yoqubovning “Diyonat”, “Ulug’bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo” romanlari, P.Qodirovning “Meros” qissasi, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug’bek” hamda Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” singari pyesalari adabiyotimiz xazinasining mulki bo‘lib qoldi. Xuddi shunday asarlar tajribasi, umuman, adabiy taraqqiyotning o‘zi va hukmron metod nazariyasining evolyusiyasi san’atimiz qonuniy yoki tadrijiy ravishda realizm tomon harakat qilganligidan guvohlik beradi. Lekin hali sosialistik realizmning hukmronligi butkul tugamagan edi. Chunki Hamidg’ulom, Mirmuhsin, Ibrohim Rahim, Maqsud Qoriyev, Ramz Bobojon, Akmal Po‘lat singari qalamkashlar uning temir qoliplariga yopishib olib, adabiyotni o‘ta nochor, yaroqsiz mashqlari bilan to‘ldirib yuborgan edilar.
5. Milliy istiqlol bosqichi. Bu bosqich O‘zbekiston mustaqillik yo‘liga kirgan 1991-yildan boshlanadi hamda mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik oqibatida adabiyot taraqqiyotining sezilarli darajada susayishi bilan xarakterlanadi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur davrda adabiyot rivoji butunlay to‘xtab qolgani yo‘q va aksincha, ba’zi umidbaxsh tamoyillar bilan boyidi. Xususan, bu bosqichda sosialistik realizm metodidan uzil-kesil voz kechildi va adabiyotimiz jahon san’atini eng nodir kashfiyotlar bilan boyitgan mumtoz realizm tomon butkul yuz burdi.
Keskin burilish oqibatida hozirgi adabiyotimiz uzluksiz izlanishlar jarayonini boshidan kechirmoqda. Hozir unda mustaqillik mohiyatini va ahamiyatini ochish uchun muvofiq ifoda qidirishlarni ham, g’arbdagi turli adabiy oqimlarning an’analariga ergashishni ham, faqat yaqin o‘tmish hayotini qoralab tasvirlash yo‘li bilan muvaffaqiyat qozonishga urinishlarni ham, ilohiy-diniy mavzularni qaytadan jonlantirishga harakatlarni ham, butun iste’dod va mahoratni insonning mohiyatini ochish hamda hayotning to‘laqonli manzarasini yaratishga baxsh etish yo‘lidagi tinimsiz kurashlarni ham uchratish mumkin. Mazkur izlanishlar hozircha har xil oqibatlarga olib kelmoqda. Chunonchi, milliy mustaqillik mohiyatini ochishga bag’ishlangan aksariyat she’rlarda siyosiy masalalarni yoritishda ilgari bo‘lganidek, istiqlol nashidasidan mast bo‘lib, uni uluG’lovchi avj pardalardagi na’ralar, obrazlilikdan mahrum hayqiriqlar yetakchilik qilmoqda. Bunga iqror bo‘lmoq uchun shoir Hamid G’ulomning “Vatan” she’ridan quyidagi misralarni o‘qish kifoya:
O‘zbekiston men uchun olamaro tanho Vatan,
Hamma bo‘stonlar ichinda beqiyos zebo Vatan...
Nurli istiqlol muborak senga, ey ozod elim,
Tan olib qutlaydi shonu shavkating dunyo, Vatan!

Bu parchada mustaqillik madh etilgan bo‘lsa-da, uning mohiyatini ta’sirchan va o‘quvchi qalbiga yetib boradigan shaklda ochib berishga xizmat qiladigan bironta ham yangi tashbeh, ramz yoki obraz uchramaydi. Xususan, yuqoridagi parchada shoir Uyg’unning:


Muqaddas, mo‘’tabar Ulug’ Vatanim,


Sharaflar, shonlarga to‘liq Vatanim,
O‘lsam, ayrilmasman quchoqlaringdan, -

mashhur misralariga faqat “Nurli istiqlol” so‘zlari qo‘shilgandek ko‘rinadi. “Istiqlol”, “Mustaqillik” deb hayqirgan, xitob qilgan, baqirgan, qayta-qayta takrorlagan bilan bu tushunchalarning mohiyati ochilib qolmaydi. Badiiy adabiyotda har qanday muammo, xususan, mustaqillik mavzusi ham yangicha talqin etilgandagina muayyan qiymat kasb etadi.


G’arb adabiyotidagi “ong oqimi” yoki boshqa yo‘nalish an’analariga ergashish ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, aytarli sezilarli samaralar bergani yo‘q. Bunday ergashishning birmuncha yaxshi samaralari sifatida Nazar Eshonqulovning “Bong”, “Istilo”, “Muolaja” singari hikoyalarini eslash mumkin. Ularda chet el adabiyoti namunalaridagi yangicha tasviriy unsurlar o‘ziga xos tarzda jonlantirilishi oqibatida yozuvchi katta ta’sirchanlikka va inson ruhini ochishda teranlikka erishgan.
Yaqin o‘tmish hayoti tasvirlangan asarlarda bir xil bo‘yoq haddan ortib ketishi natijasida san’at namunalari o‘rnida badiiy jihatdan zaifroq asarlar paydo bo‘layotgandek tuyulmoqda. Yozuvchi Sh.Xolmirzayevning “Olabo‘ji”, O‘.Hoshimovnng “Tushda kechgan umrlar” romanlari xuddi o‘shanday asarlar sirasiga kiradi.
Shoir A.Oripovning “Haj daftari”, E.Usmonovning “Munojot” singari asarlarida esa ilohiy mafkuradagi azaldan ma’lum ko‘p gaplar qaytadan takrorlanayotgandek, yangidan sharhlanayotgandek ko‘rinmoqda.
Hozirgi o‘zbek adabiyotidagi umidbaxsh tamoyillardan yana biri, ya’ni inson borlig’ini, hayot manzarasini juda keng va yaxlit shaklda jamiyat, tabiat hamda tafakkur taraqqiyoti qonuniyatlari asosida aks ettirishga intilish kuchayayotganligi uning qanday realizm yo‘lidan ketayotganligini qay darajadadir tasavvur qilishga imkon beradi. Bunday aks ettirish XIX asr rus adabiyotida, xususan, L.N.Tolstoy, F.M.Dostoyevskiy va A.P.Chexov singari yozuvchilar ijodida eng buyuk badiiy kashfiyotlar tuG’ilishiga olib kelgan bo‘lib, uni adabiyotshunos V.Kojinov “sintetik realizm” deb atagan edi. Albatta, hali bizning adabiyotimizda bunday realizm to‘liq shakllanib ulgurgani yo‘q. Faqat uning an’analariga ijodiy ergashishlar muayyan samaralar bermoqda. Chunonchi, avvalgi bosqichda yozuvchi O.Yoqubov F.M.Dostoyevskiy an’analari izidan borib, “Ko‘hna dunyo” asarini yaratgan va o‘zbek adabiyotida tarixiy-polifonik roman janrini boshlab bergan edi. Endilikda adabiyotimizda sintetik realizmdagidek kenglik, ko‘lamlilik va yaxlitlik tomon intilish borayotganligiga yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” romani dalil bo‘la oladi. Unda juda katta tarixiy davr hamda nihoyatda murakkab muammolari qamrab olingan bo‘lib, barcha-barchasi turlicha taqdirli yuzlab qahramonlarning o‘zaro munosabatlari vositasida, san’atning rang-barang, tasviriy unsurlaridan foydalanilgan holda talqin etilgan. Agar Tohir Malik romanning keyingi kitoblarini ham shu tahlitda qiziqarli yozib, kompozision mukammallikka erisha olsa, bizning adabiyotimizda ham sintetik realizm namunalariga yaqin bo‘lgan asar yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas.
Shunday qilib, dunyoviy mazmunning yetakchiligi, ilgari bo‘lmagan janr va shakllarning tug’ilishi, realistik tasvir uslubi hamda ijodiy metodining maydonga kelishi, deyarli bir asr mobaynida shu metod tantanasi yo‘lida izlanishlaru, kurashlar davom etganiga va ular hammasi XX asrdagi so‘z san’atimizni “Yangi o‘zbek adabiyoti” deb atashga to‘la asos beradi.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin