«O`ZBEK TILINING ZID MA’NOLI SO`ZLAR O`QUV IZOHLI LUG`ATI»
«O`zbek tilining zid ma’noli so`zlar o`quv izohli lug`ati» maktab o`quvchilari uchun mo`ljallangan. Lug`at U.To`rayeva va D.Shodmonova tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1300 ga yaqin antonimik juftlikni qamrab oladi. Tuzuvchilar zid ma’noli so`zlarni strukturasiga ko`ra quyidagicha tasniflashgan:
har xil o`zakli zid ma’nolilar: katta-kichik, kirmoq-chiqmoq, muhabbat-nafrat;
bir xil o`zakli zid ma’nolilar: madaniyatli-madaniyatsiz, aqlli-aqlsiz, ongli-ongsiz;
Lug`atda zid ma’noli so`zlar juftlashtirib berilgan:
aniq-noaniq
axloqli-axloqsiz
bahorgi-kuzgi kabi. Bunda bir so`zga bir ma’nodoshlik qatoridagi barcha so`z zidlanishi mumkin:
abjir – lavang, landavur, lapashang, noshud, og`zidagi oshini oldiradigan, uquvsiz, sustkash, tepsa-tebranmas, epashang. Agar so`z ko`p ma’noli, har bir ma’nosi bilan boshqa-boshqa so`zga zidlansa, zidlari nuqtali vergul bilan ajratilgan:
ajraldi – qo`shildi; yarashdi kabi.
«O`ZBEK TILINING O`QUV TOPONIMIK LUG`ATI» «O`zbek tilining o`quv toponimik lug`ati» joy nomlari bo`yicha tuzilgan va o`qish-o`rganish jarayoni uchun ko`proq foydali lug`at sanaladi. O`quv toponimik lug`at respublika, viloyat, shahar, tuman, vodiy yo voha, qishloq yo bir necha qishloqlar guruhi bo`yicha tuzilishi mumkin. Respublika yoki voha, bir necha viloyatlar toponimlarining izohli lug`atini tuzish muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Bu lug`at namunasi T.Nafasov va V.Nafasovalar tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan, 1500 dan ortiq so`zni o`z ichiga oladi.
O`quv toponimik lug`ati uchun, eng avvalo, joy nomlari so`zligi tuzilgan. Eng muhim oykonim, gidronim, oronim tanlangan. Har bir toponimning hozirgi davrda qanday jo`g`rofiy obyektning nomi ekanligi aniqlangan. Nomning sarhadlari belgilangan. Yangiqishloq, Yangiobod, Jartepa, Kattaqishloq, O`rtaqo`rg`on, Uchtepa, Oqtepa, Qoratepa kabi nomlar har bir viloyatda, tumanda bo`lishi tabiiy. Lug`atda bu tur va ko`p uchraydigan nomlarning tarqalish hududi (viloyat, tuman)ni ko`rsatish shart qilib qo`yilmagan, lekin qanday obyektning nomi ekanligini zikrlash lozim topilgan: Qiziltepa qishloq; Amudaryo daryo, tuman; Oyqor tog`. O`quv toponimik lug`ati ilmiy, amaliy, ma’naviy, tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan narsa nomining izohini jamlagan. Til umumxalq leksikasining izohli, ma’nodoshlik, shakldoshlik, zidma’nolilik, birikuvchanlik va boshqa tur lug`atlarda so`zning hozirgi davrdagi ma’nolari, nutqda qo`llanilishi bilan bog`liq lisoniy-nutqiy holatlar, ma’noviy xususiyatlar bayon qilinadi. Toponimik izohda esa nima uchun shu obyekt shu nom bilan atalgan degan savolga javob berilishi lozim. Bu savolga yaqinda yo yaqin o`tmishda yuzaga kelgan toponimlar misolida aniqroq, ma’qulroq, tushunarliroq, ishonchliroq javob berish, topish mumkin: Yangiqishloq, Yangiobod, Yangiariq, Yangibozor nomlaridagi yangi so`zining ma’nosi yangi ko`ylak, yangi ro`mol kabi birikmalar tarkibidagi yangi so`zi ma’nosi bilan teng emas. Yangiqishloq, Yangiobod, Yangiariq nomlari XX asrning 50–60-yillarida yuzaga kelgan. Yangibozor nomi o`tgan asrning oxirida yaraldi. Bu nomlarda yangi so`zining ma’nosi yo`qolgan, undan keyin yaralgan qishloq, ariq, bozorlar boshqa nomlar bilan atalganligi ma’lum. Yoki Navkat, Novqat, Denov, Shahrinav, Yangikent nomlari bundan bir necha yuz yillar oldin paydo bo`lgan. Bu nomlarda yangi, nav (tojikcha, yangi) so`zlarining ma’nosi nisbiy, yaralgan vaqtda “yangi” ma’nosida bo`lgan, hozir bu ma’no yo`qolgan, lekin nom tarkibida bu so`zlar qotib qolgan.