«O`ZBEK TILINING O`ZLASHMA SO`ZLAR O`QUV IZOHLI LUG`ATI» «O`zbek tilining o`zlashma so`zlar o`quv izohli lug`ati» Y.Hamrayeva tomonidan tuzilib, 2007- yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan. Lug`atning maqsadi o`quvchilarning savodxonlik darajasi va so`z boyligini oshirishga, tafakkurini kengaytirishga, til madaniyatini shakllantirishga va to`g`ri talaffuz me’yorlarini mustahkamlashga, shuningdek o`quvchilarga tilimizga turli tillardan kirib kelgan muayyan so`zlar hamda atamalar haqida genetik ma’lumot berishga yo`naltirilgan.
Lug`at so`zligi tilimizga rus va boshqa chet tillari orqali kirib kelgan qadimgi yunon va lotin tillari elementlaridan tashkil topgan va hozirgi kunda jahondagi ko`plab xalqlarning tillari uchun umumiy bo`lgan respublika, konstitutsiya, prezident, demokratiya kabi siyosiy atamalarni, shuningdek kimyo, sanoat, sport, falsafa, fizika, geografiya, etnografiya kabi turli ilmiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid so`zlar va atamalarni, jahondagi ko`plab mamlakatlarning pul birliklari nomlarini o`z ichiga oladi. Shuning uchun «O`zlashma so`zlar o`quv izohli lug`ati»dan nafaqat til o`rgatish darslarida, balki maktab, litsey va kollejlarning sinfxonalarida har qanday fan bo`yicha olib borilayotgan mashg`ulotlarda foydalanish mumkin.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach, so`nggi o`n-o`n besh yil ichida uning xalqaro aloqalari yanada kuchaydi, mamlakatimizda iqtisod va siyosat, texnika va sanoat, sport va madaniyat sohalarida tub o`zgarishlar yuz berdi. Taraqqiyot sari qilingan ildam odimlar natijasida, tilimiz ko`plab yangi tushunchalarni atovchi so`zlar bilan yanada boyidi. So`nggi yillar ichida lug`atimizga jadal kirib kelgan kompyuter, fayl, sayt, biznes, barter, market, marketing, monitoring, shuningdek avvaldan mavjud bo`lgan va mustaqillikdan keyin yangicha ma’no kasb etgan vazir, tadbirkor, mahkama, devonxona kabi so`zlar ham mazkur lug`atda o`z o`rnini topdi.
Lug`atni tuzishda «O`ZBEK TILINING IZOHLI LUG`ATI» hamda «СЛОВАРЬ ИНОСТРАННЫХ СЛОВ» kitoblaridan foydalanilgan.
Lug`at maqolalari quyidagicha tuzilgan: har bir maqolaning bosh so`zlari lug`atda alifbo tartibida joylashtirilgan. Bosh so`z va uning muayyan xususiyatiga doir barcha ma‘lumotlar va belgilar, unga berilgan izohlar lug`at maqolasini tashkil etadi. Bosh so`z katta harflar bilan berilgan, undan so`ng katta qavs ichida so`zning genetikasi, ya’ni qaysi tilga mansub ekanligi haqida, keyin esa mazkur so`z yoki atamaning qaysi sohaga oidligi to`g`risida ma’lumot berilgan. Agar so`z tilimizga o`zlashtirish jarayonida turli fonetik o`zgarishlarga uchrab, uning o`zbek tilidagi hozirgi ko`rinishi o`zining asl shaklidan uzoqlashib ketgan bo`lsa, katta qavs ichida etimologik ma’lumotning yonida so`zning asl ko`rinishi ham ko`rsatilgan. Masalan:
VAJ [a vajh] …
yoki
ASTOYDIL [f-t az tahi dil]…
Bir tildan o`zlashgan omonimlar, ya’ni shakldosh so`zlar hamda turli tillardan o`zlashib omonimik munosabat hosil qilgan so`zlar alohida-alohida maqolalarda bosh so`z sifatida berilgan va bir-biridan farqlanishi uchun rim raqamlari bilan belgilangan. Masalan:
GAZ I [f-t] esk. Ilgari amalda bo`lgan, 0,71metrga teng uzunlik o`lchovi; arshin.
GAZ II [goll] Zarralari o`zaro kuchsiz bog`langan, shu sababli o`zi ishg`ol qilgan bo`shliqni bir tekis to`ldirib turadigan yengil modda; yonilg`i.
Tilimizda o`zlashmalar mustaqil so`zlar doirasidagina emas, yordamchilar, undov, taqlid va boshqa so`zlarlar orasida ham uchraydi. Qo`llanmaning maqsadi o`zlashma so`z haqida batafsil ma’lumot berishga yo`naltirilganligi bois unga barcha turkumlarga oid so`zlar kiritilgan.
O`zlashmalarning aksariyati tilimizga rus tili orqali kirib kelganligi sababli, ularning talaffuzi ham ko`p hollarda rus tilidagi talaffuzidan farq qilmaydi va bu hozirgi o`zbek adabiy tili uchun me’yor hisoblanadi. Shuning uchun Lug`atda so`zlarning transkripsiyasi, ya’ni talaffuziga doir maxsus ko`rsatmalar keltirilmagan. Biroq o`zbek tilida urg`u turg`un, u, asosan, so`zlarning oxirgi bo`g`iniga tushadi, hind-yevropa oilasiga mansub tillarning aksariyatida esa urg`u erkin bo`lgani uchun, so`zning har qanday bo`g`iniga tusha oladi. Shuningdek, hindcha, yaponcha, portugalcha va ayrim arabcha so`zlarda ham urg`u so`zning birinchi yoki ikkinchi bo`g`iniga tushishi mumkin. Shu bois so`zlarning oxirgi bo`g`iniga tushmagan hollarda urg`u yozuvda ko`rsatildi.
Alohida maqolalarda bosh so`z vazifasida kelgan, shaklan o`xshash, talaffuzda farqlanuvchi so`zlar (omograflar)ning esa har ikkala shaklida ham urg`u belgisi qo`yilgan. Masalan:
AKADÉMIK [r] …
AKADEMÍK [r akademicheskiy] …
Ma’nodosh (sinonim) so`zlarning har biri mustaqil ravishda alifbo tartibida o`z o`rnida berilib, izohlangan. Ayrim hollarda so`z izohi o`rnida ayn. belgisi bilan uning faol sinonimi keltirilgan:
RIYOZIYOT [a] esk. ayn. Matematika.
Lug`atda so`zlarning asosan hozirgi o`zbek adabiy tilida keng qo`llanadigan ma’nolari qisqa izoh bilan bayon etilgan. Polisemantik (ko`pma’noli) so`zlarning har bir mustaqil ma’nosi tartib bilan alohida-alohida izohlangan va bir-biridan farq qilishi uchun arab raqamlari bilan ajratilgan. Ko`chma ma’noda qo`llanadigan so`z oldidan ko`ch. belgisi qo`yilgan. Agar shakldosh so`zlar yoki ko`pma’noli so`zning alohida ma’nolari turli turkumlarga oid bo`lsa, u holda izohlanayotgan so`zning etimologiyasidan keyin grammatik va uslubiy ma’lumotlar ham berilgan. Masalan:
TAAJJUB [a] 1 sft. Kishini hayratda qoldiradigan, ajablanarli, g`alati.
2 ot Ajablanish, hayronlik. 3 kirish.s. Ajab, qiziq.
O`zbek tilida boshqa so`z bilan turg`un birikma shaklida qo`llanadigan o`zlashmalar tik to`g`ri chiziqdan keyin birikma shaklida qora harflar bilan berilib, izohlangan. Bunda izoh bosh so`zga emas, ana shu birikmaga tegishli bo`ladi. Masalan:
IJROIYA [a] |