1-Asosiy savolning bayoni: Ayyuub G’ulom 1914 yilning 15 martida Toshkentda hunarmand-sarroch oilasida tug’ildi. 1928 yilda o’rta maktabni, 1932 yili M.N.Pokrovskiy nomli rabfakni tugatdi. 1936 yilda V.G.Belinskiy nomli Toshkent kechki pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirdi. Talantli olim o’sha yili aspiranturaga kirib, professor A.K.Borovkov rahbarligida 1940 yilda «O’zbek tilida aniqlovchilar» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Tadqiqotni shu nom bilan o’sha yili nashr ettirdi. Bu o’z navbatida mazkur ishning qiymatini va olimning iqtidorini belgilaydi.
Ayyub G’ulom o’zining pedagogik faoliyatini 1930 yildan boshlagan. Dastlab boshlang’ich va o’rta maktablarda (1930-1933), so’ng (1934) pedtexnikumda dars berdi. Olim 1935-1957 yillar davomida O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim, Tojik pedagogika institutida o’qituvchi va dotsent, O’zbekiston fanlar akademiyasining til va adabiyot institutida ilmiy xodim, bo’lim mudiri, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida dotsent, Toshkent davlat universitetida dotsent (1942-46), umrining oxirigacha «O’zbek tilshunosligi» (1946 yildan) kafedrasiga mudir bo’lib ishladi. 1967-1969 yillar davomida O’zbekiston fanlar akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim vazifasida faoliyat ko’rsatdi.
Ayyub G’ulom 1957 yilda Moskvada «O’zbek tilida tarixiy so’z yasalish muammolari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasi yoqladi.
O’zbek tilshunosligi tarixi, uning taraqqiyoti Ayyub G’ulomning ilmiy –pedagogik faoliyati bilan bevosita bog’liq.Sababi professor Ayyub G’ulom fikr bildirmagan, iz qoldirmagan o’zbek tilshunosligining biror sohasi yo’q. 30 dan ortiq fan nomzodi, 15 ga yaqin fan doktori etishtirgan, 10 dan ortiq yirik monografiyalar yozgan Ayyub G’ulom Respublikamiz tilshunoslarining mo’’tabar domlasidir.
O’zbek tilshunosligida o’z maktabini yarata olgan, o’z yo’nalishi va uslubiga ega bo’lgan, tilshunoslik ilmining poydevorini qo’ygan, yuksak ilmiy unvonlar olish uchun harakat qilmagan va shunday unvonlar egasi bo’lmagan Ayyub G’ulom o’zbek tilshunosligining sardori edi.O’zbek xalqi orasida birinchi bo’lib tilshunoslik bo’yicha fan nomzodi, fan doktori darajalarini olgan ham Ayyub G’ulomdir.
Ayyub G’ulom faoliyati ko’p qirrali bo’lib, domlaning pedagogik mahorati respublikada tillarda doston. Bu betakror inson, muhtaram ustoz saboqlarini tinglagan shogirdlaridan biri- 60- yillar tolibi, adabiyotshunos olim Sanjar Sodiqning ustoz mahoratiga bergan bahosi, u kishidan ma’ruza tinglagan barcha shogirdlarining ko’nglidagi gap desak xato bo’lmaydi:
«…Biz 1960 yilning 1 sentyabr kuni Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida birinchi ma’ruzani tinglab, mahliyo bo’lib qoldik. «Tilshunoslikka kirish» fanidan o’qilgan bu ma’ruza go’yo bizni sehrlab qo’ygandek, butunlay boshqa olamga kirib ketgandek edik. U anglab va ta’riflab berish qiyin bo’lgan jozibaga, zaminida cheksiz teran mazmun yashiringan kulguga, o’ta murakkab haqiqatlarni go’zal ommabop shaklga tushirgan soddalikka to’liq edi. Ma’ruza o’qiyotgan professor o’zining hayratomuz harakatlari, kutilmagan va juda qiziq misollari, suhbatga tortish usullari, ovozining sokin tovlanishlari bilan yuksak iste’dodli aktyorni eslatardi…
Bu-ma’ruza emas, balki g’oyatda go’zal va yillar davomida sayqal topgan, mukammallashgan sahna asari edi.
Uning ijrochisi filologiya fanlari doktori, professor Ayyub G’ulom edi. O’shanda men, agar barcha tilshunoslik fanlari Ayyub G’ulomdek o’qitilsa, albatta, shu soha mutaxassisi bo’laman, degan edim. Afsuski, besh yil universitetda, uch yil aspiranturada o’qish va o’shandan keyin mazkur dorilfununda o’n sakkiz yil ishlash oqibatida shunga iqror bo’ldimki, tilshunoslik fanlari bo’yicha hech kim Ayyub G’ulomchalik mahorat bilan ma’ruza o’qiy olmas ekan….»
Tabiiyki, bu dastlab, ilmiy dunyoqarashning chuqurligiyu-serqirraligida, o’z kasbiga munosabat-u mehrda, tug’ma iste’dod-u, ma’suliyat hissini tan olishda. Aytganday, mohir pedagogning uzoq yillar sayqal topgan ma’ruzalarining o’zigina emas, unga tayyorgarlik ko’rish jarayoni ham o’zgalarga ibratdir. Ustozning umr yo’ldoshi Saida opa shunday xotirlaydi:
«… Domlaning har bir darsga alohida tayyorgarlik bilan borishlarini sezardim va ba’zan taajjublanardim ham. Chunki u kishi taraddudlanib bo’lgach, xona ichida goh u yoqqa, goh bu yoqqa yurib, nimalarnidir takrorlaganday bo’lardilar. Bilishimcha, o’qiladigan ma’ruzaning mashqi-repetitsiyasi har gal shu tarzda kechardi…» Damlaning darsga kirish oldidan bo’ladigan shunga o’xshash holatlarini ko’pchiligimiz kuzatganimiz, uning guvohi bo’lganmiz deya xotirlaydi. Hozirda Milliy universitet filologiya fakulteti o’qituvchilari: «Maboda dars oldidan professor A.G’.G’ulomov bilan uchrashib qolgudek bo’lsak, odatdagi salom-alikdan nariga o’tmasdik. Berilgan savollarga ham «ha» yoki «yo’q» tarzidagi javoblarni olardik xolos. Unga ham ko’pincha bosh qimirlatish orqali javob qilinardi.
Ammo darsdan so’ng tamoman buning aksini kuzatardik. U kishi hamma-hammamiz bilan ochilib-sochilib, hazil-mutoyiba bilan turli mavzularda suhbatlashib o’tirardilar.
Anglashimizcha, ustoz Ayyub G’ulom pedagogik mahoratining siri, umuman, o’qitish jarayoniga, xususan, har bir darsga alohida munosabati, mas’uliyatni chuqur his qilishi bilan bog’liq bo’lib, bu shogirdlari uchun mahorat maktabi bo’lib qoladi.
O’qituvchi Ayyub G’ulomning bo’r tutishidan tortib, doskadan foydalanishgacha, auditoriyaga shiddat bilan kirib kelishi-yu, undan ohista chiqib ketishigacha, hazil-mutoyiba-yu kulgiga yo’g’rilgan ilmiy mushohadalarigacha, qo’shiqday quyulib keluvchi so’zlar qatori-yu, she’riy dalillargacha-barcha-barchasini faqat Ayyubona o’qitish-o’rgatishning esda qoladigan sifatlari deyish mumkin».
Nazorat topshiriqlari:
Ayyub G’ulomning hayoti haqida qanday ma’lumotlar olganingizni hikoya qiling.
(kategoriya-bilish)
Olimning ijodi haqida avval bilganlaringizga qanday fikrlar qo’shilganligini izohlang.
(kategoriya-bilish)
Olim Ayyub G’ulom va o’zbek tilshunosligi haqida fikr ayting.
(kategoriya-idrok)
Domla Ayyub G’ulom va pedagogik mahorat haqida olgan taasurotingiz.
(kategoriya-idrok)
Bilim va pedagogik mahorat haqida shaxsiy o’ylaringiz
(kategoriya-idrok)
2-Asosiy savol bo’yicha o’qituvchining maqsadi:
Professor Ayyub G’ulomning tilshunoslik faoliyatiga qisqacha sayohat qiladi va ilmiy faoliyati bilan talabalarni tanishtiradi. Shu asosda talabalarda tilshunoslik faniga qiziqish uyg’atadi.
Identiv o’quv maqsadlari:
Professor Ayyub G’ulomning ilmiy faoliyati bilan talabalarni qisqacha tanishtiradi.
Olimning o’zbek tilshunosligi tarixidagi o’rinini belgilashga harakat qiladi.
Talabalarda til-tarix, til-o’zlik, til-Vatan, til-ma’naviyat degan g’oyani his qildiradi.
Talabalarda Ayyub G’ulom asari asosida til ilmiga, tilshunoslikka qiziqish uyg’atadi.
2-Asosiy savolning bayoni:
Ayyub G’ulom til bilimi, tilshunoslik ilmida nafaqat o’zbek tilshunosligi tarixida, balki dunyoga tanilgan, dunyo tilshunosligi tan olgan olimdir. Chunki u kishi til ilmining haqiqiy bilimdoni bo’lgan. Buning ustiga o’zbek tilshunosligining birorta bahsi yo’qki, u haqda olim o’z fikrini bildirmagan bo’lsin. Chunonchi, o’zbek tilida ko’plik kategoriyasi («O’zbek tilida ko’plik kategoriyasi» O’zdavnashr, Toshkent, 1944) haqida fikr yuritar ekan, «ko’plik» iborasi juda keng ma’noni o’z ichiga olishini ta’kidlaydi. Undan qo’shimchalar orqali ifodalangan ko’plik («gullar» dagi predmet sonining ortiqligi, «gulimiz»dagi qaratuvchi shaxs ortiqligi, «gullatdik»dagi bajaruvchi shaxs ortiqligi) uqilib turganidek, ayrim so’z va so’z birikmalari orqali ifolangan ko’plik (biz, ko’p odam, shoda-shoda marvarid) ham anglashilib turishi ko’rsatiladi. Masalaga logik jihatdan qaraganimizda, kishilar ham, ko’p kishi ham, oz kishi ham xalq ham ko’plikni, jamlikni anglatadi; biroq ular o’rni bilan bir-biridan farqlanuvchi hodisadir deya qaraydi olim. Bu bizdan hamisha har bir so’zgina emas, qo’shimchaga ham e’tibor berishimizni talab etadi. Ayni chog’da uning nutq madaniyati bilan bog’liq hodisa ekanligini his qilib turishimizga to’g’ri keladi.
Masalaga grammatik nutqni nazardan qaraganimizda, bularning ifodalanishlari, shakllanishlari turlicha bo’lib, bir-biridan tamoman boshqa-boshqa kategoriyalar ekanligi anglashiladi, deb yozadi. O’zbek tilida ko’plik uch xil ko’rinishda ifodalanishi uqtiriladi;
Morfologik ifodalanish
Leksik ifodalanish
Sintaktik ifodalanish
Ayyub G’ulomov ko’plik ma’nosining ifodalanishini sof grammatik nuqtai nazardan emas, uni uslubiyat bilan, nutq madaniyati bilan bog’lab sharhlaydiki, bunday sharh bugungi tilshunoslikda ham e’tibordan soqit qilinmasligi lozim.
Bularning qo’llanilishida ham biroz farq bor: «-lar» qo’llansa, shu so’z bilan ifodalangan shaxsga hurmat, (opanglar) yoki predmetning ko’p shaxsga qarashliligi (qo’yinlar) anglashiladi;-«z» qo’llansa, qaratuvchi shaxsga (shu predmet tegishli bo’lgan shaxsga) hurmat anglashiladi. (opangiz, qo’yingiz solishtiring: birgina kishiga qarashli bo’lgan it haqida gapirilganda itinglar deb bo’lmaydi, biroq itingiz deb bo’ladi) –«lar»ning bunday vazifada qo’llanishi, asosan, Toshkent shevasidadir. Adabiy tilda bunday o’rinda –«z» qo’llanadi. (11-bet)
Ma’lumki, o’zbek tilshunosligida va umumiy turkologiyada «-z»ning ko’plikni anglatishi, ya’ni uning ko’plik qo’shimchasi ekanligi haqida turlicha qarashlar mavjud bo’lib, professor Ayyub G’ulom unga o’z munosabatini bildiradi: «-z»ni ham ko’plik belgisi deb olsak, kishilik olmoshlarining birinchi va ikkinchi shaxsining ko’pligi, ba’zi olimlar aytganidek, «biQz, «siQz» formasida bo’lib ko’rinadi (N.K.Dmitriev, Gram. Kumiks. yaz. M-L, 1940, 77)
Biroq Mahmud Koshg’ariyning «n»ning «z» ga aylanishi, buning bor hodisa ekanligi (misolga «sen» va «siz»ni oladi: bunda «z» tovushi «n» dan tug’ilishdir) haqidagi bayonoti (1 tom, 305-bet) bu masalani biroz chigallashtiradi. U chog’ bu olmoshlarning birliginining mo’g’ilchadan olinganligi haqida fikrning ham asosi biroz bo’shashgan bo’ladi. (balki M.Koshg’ariyning tahlili durust emasdir: u «qo’shilish»ni «aylanish» anglagandir) (11-bet)
Shuningdek olim ko’plik ko’rsatkichining nutqda hurmat ma’nosini, kesatiq, piching ma’nolarini ifodalab kelish holatlarini ham juda go’zal sharhlaydi.
Ayni paytda Ayyub G’ulom o’zbek tilida eskidan kirib qolgan arabcha, forscha so’zlarda ko’plikning arabcha, forscha shakllari ham uchrashini ta’kidlar ekan, bu shakllar o’sha so’zlar bilan birlikda o’tgan, biroq o’zbekcha so’zlar o’sha tartibda, o’sha shakllar bilan ko’plik qilinmaydi. Bu asosiy qoidadir, deb izohlaydi. Shu o’rinda domlaning quyidagi nazariyasini hamisha esda saqlashga to’g’ri keladi: «Bir xalqning tilida bo’lgan ko’pik formasidagi so’z ikkinchi bir tilga ko’char ekan, odatda, o’z ko’plik ma’nosini, ko’plik sifatida tanilishini yo’qotadi, birlik kabi o’qiladi va ko’plik uchun shu tilning belgisini oladi.
Arab, fors so’zlarining bizga ko’plik bilan kirganlari juda oz, chunki odatda bir tilning so’zlari boshqa tilga birlik holda o’tadi». (33-bet).
O’zbek tili bir tomondan ko’p shevali, ikkinchi tomondan g’oyat uzoq tarixga ega. Hozirgi o’zbek tili mumtoz tilimizning tadrijiy davomi, uning haqli vorisi. Shuning uchun Ayyub G’ulom nutqda ko’plik ma’nosining ifodalanishini tahlil qilar ekan, adabiy til bilan shevalar, hozirgi til bilan mumtoz til munosabatini qiyosan sharhlaydi. Ulardagi nozik ma’no munosabatlarini qiziqarli misollar bilan asoslaydi.
Professor Ayyub G’ulom ilmiy mushohadalarining qaymog’i hisoblangan 800 bet hajmdagi «O’zbek tilida tadrijiy so’z yasalish muammolari» (rus tilida yozilgan, afsuski hanuz nashr etilmagan) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyada morfologik, sintaktik, leksik, semantik, fonetik usulda so’z yasalishi qayd etiladi. Olim o’zbek tilida qo’shimchalar qo’shilish (affiksatsiya) yo’li bilan so’z yaalishi mahsuldor ekanligini, bu usulning eski o’zbek tilida ham mahsuldor bo’lganligini yodnomalar isbotlashini ta’kidlaydi. Turkologiyada (O.Betling, V.Radlov, N.K.Dmitriev va boshqalar) qo’shimchalar diformatsiya yo’li bilan mustaqil so’zlardan shakllangan degan fikrning ustun bo’lishga qaramasdan, o’zbek tilida bu g’oyani tasdiqlovchi holat juda kam deya yangi fikr bildiradi Ayyub G’ulom. Domla deyarli barcha qo’shimchalar urug’uli, shakldosh qo’shimchalarda urg’u yordamida ma’no tafovuti yuz berish holatlari uchraydi, urg’u yordamida so’z ma’nosi ham o’zgarishini uqtiradi.
Ohangdoshlik hodisasi o’zbek tilida qadimdan mavjud bo’lib, olimlar unga turlicha munosabatda bo’lmoqda. Bu qonuniyatga binoan faqat o’zak qo’shimchaga emas, balki qo’shimcha ham o’zakka ta’sir etadi. Xuddi shu hodisa haqida ham muallif yangicha g’oya, yangi nazariyani olg’a suradiki, bugungi o’zbek tilshunosligi buni hisobga olsa yaxshi bo’lardi. Qo’shimchalar qo’shilishi bilan o’zak ham o’zgaradi. Bu kam uchrovchi hodisa «Turkiy tillarda o’zakning o’zgarmasligi haqida» degan holatning til hodisalariga mos kelmasligidan xabar beradi, degan xulosaga keladi domla.
So’zlarning tarixiy shakllarini, ba’zan so’zning etimologiyasini ularda yuz bergan tovush jarayonlari belgilaydi. Bu ham o’z navbatida so’zlarga qo’shimchalarning qo’shilishi, undagi ohangdoshlik qonuniyati bilan dahldor. Shuning uchun Ayyub G’ulom so’zlarda yuz beradigan tovush jarayonlarini atroflicha tahlil qiladi, ulardagi o’zgarish sabablarini sharhlaydiki, bu qonuniyatni bugungi o’zbek tilshunosligi e’tibordan soqit qilmasligi lozim bo’ladi. Adib unlilar almashinishi haqida to’xtalar ekan, jumladan «a» unlisining «o» unlisiga almashinishida yopiq bo’g’inda qG’G’g’ undoshlarining kelishini sabab qilib ko’rsatadi: borag’on-boran-boron. Gap undosh tovushlarning almashinishi haqida borar ekan, o’zakka qo’shimcha qo’shilishi natijasida ba’zan o’zakdagi jarangsiz q,k undoshlari jaranglashishi (sariq→sarig’), hozirgi til orqa h ko’p holatlarda qadimgi q undoshidan kelib chiqqanligi ta’kidlanadi. P→b (qop→qobog’) fonetik jarayoniga e’tibor beradigan bo’lsak, ba’zan hozirgi o’zbek tilshunosligidagi ayrim «nazariya»larning asossizligiga ishonch hosil qilamiz. Muallifning fikricha, ko’p hollarda assimilyatsiya natijasida tovush tushish hodisasi ro’y beradi. Til tarixida shunday holat borki, uzoq vaqt «to’liq» va «qisqa» shakl birga ishlatiladi. Ba’zan to’liq shakl yo’qolib, mazkur fonetik hodisa o’z izohini topmaydi, yoki to’liq va qisqa shakl ma’no tafovutidan farqlanib, ularning har ikkalasi mustaqil so’z shaklini oladiki, olim tilda buni albatta hisobga olish kerak deb qaraydi.
Nutqda ma’noni kuchaytirish, ekspressivlikni yuzaga keltirish usullari ko’pligi, bunda tovushdagi ikkilantirish, unlilar cho’ziqligi muhim o’rin tutishiga o’quvchi e’tibori qaratiladi.
Ayyub G’ulom so’z yasalishning qo’shimchalar yordamida hosil qilinishiga to’xtalar ekan, ularni avvalo yirik guruhlarga ajratib, so’ng yana mayda guruhlarga bo’ladi. Har birini alohida sharhlaganda, ularning tadrijiy taraqqiyotini ko’rsatadi, shevalarga munosabatini belgilaydi chunonchi, shaxs oti yasovchi qo’shimchalar, o’rin qo’shimchasi(loq,-nok,-l), kichraytirish va erkalash ma’nosidagi qo’shimchalar (-chiq,-chik,-chiQq,-cha,-loq), qarashlilik qo’shimchalari (lik,-dirik), jamlikni bildiruvchi qo’shimchalari va boshqalarning tarixi, hozirgi atroflicha izohlaniladi.
O’zbek tilida jins kategoriyasi yo’qligi haqida juda ko’p asarlarda qayd etiladi. Ayyub G’ulom til tarixida jinsning ifodalanishi turli usul orqali (leksik, sintaktik, morfologik) bo’lganligini qayd etadi. Domlaning tilimiz tarixida kichraytish-erkalash bilan jinsni ham ifodalagan degan fikrini hamma nazariy adabiyotlarda uchratavermaymiz, albatta: boybichaG’G’boybika; begG’G’bekG’G’biy o’zagidan bekaG’G’bika; biyki←biyQki,bikQaqiyoslang: bekachG’G’bikach, begim, xonim, oyim, -jin (g’unajin, megajin)-jiq (qanjiq), -g’ay (qudag’ay) va boshqalar.
Olim bir qo’shimchaning o’zi turli ma’noni ifodalashi mumkinligini bu qo’shimchalardagi tadrijiy taraqqiyot bilan bog’laydi.
Umuman Ayyub G’ulom so’zlardagi tadrijiy taraqqiyotni ulardagi tovush jarayonlari bilan bog’lib sharhlaydiki, bu tilshunoslikda o’zak masala. Olimning asarlarini undagi tahlilni o’qib, hayrat barmog’ini labingizga bosasiz. Chunki go’yo har bir so’z o’z «sir»ini, boshidan o’tkazgan tarixini o’zi so’ylamoqda. Bu tilshunoslikda Ayyubon tahlildir.