FONETIK O'ZGARISHLARNING
BOSHQA TURLARI
Assimilatsiya natijasida nutq tovushlari o'rtasidagi farqlar yo'qolib, ular bir yoki bir necha belgilari bilan o'xshash bo'ladi yoki uyg'unlashadi. Biroq bu hodisaga aksincha bo'lgan tovushlarning o'zaro ta'siri ham borki, bunda tovushlarning o'xshashlik xususiyati yo'qoladi. Agar so'zdagi ikki bir - biriga o'xshash tovushlardan biri o'zgarib, natijada ular biror artikulyatsion-akustik belgisi yoki bir necha belgilari bilan farqlanib qolsa, dissimilatsiya (lotincha dissimilatio – «o'xshamaslik») deyiladi. Masalan, rus va o'zbek og'zaki nutqida dissimilatsiya ko'p uchraydi: tumba (tunba), Tambov (tanbov), tramvay (tranvay), kombayn (konbayn), djemper (djenper), ambar (anbar).1 Ingliz tilida marble – «mramor» so'zi fransuz tilidagi marbre – so'zidan kelib chiqqan bo'lib, so'z oxiridagi (r) tovushi dissimilatsiya natijasida (l) ga ko'chgan.
Metateza (yoki inversiya) hodisasi tovushlar yoki bo'g'inlarning so'z tarkibida o'zaro o'rin almashishi bilan izoxlanadi. Ba'zan so'zda yonma-yon kelgan tovushlarning o'zaro o'rin almashinuvi inversiya deb, aksincha, bir-biridan uzoq bo'lgan tovushlarning o'zaro almashinuvi metateza deb yuritiladi. Bu hodisa ko'proq og'zaki nutqda uchraydi: mramor (marmar), tuproq (turpoq), yomg'ir (yog'mir), tuxfa (tufxa), supra (surpa) kabi.
Diereza (yoki tushurib qoldirmoq) hodisasi undosh tovushlarni talaffuzdan tushurib qoldirish bilan izohlanadi: (Toshkent shevasida) go'sht (go'sh), rost (ros), surtmoq (surmoq), tandir (tanir) kabi.
Agar bir xil yoki o'xshash bo'g'inlardan biri tushirib qoldirilsa, gaplologiya deyiladi. Masalan, morfofonologiya so'zi o'rnida morfonologiya, sarig' yog' o'rnida saryog' kabi.
So'zga tovushni qo'shib aytish epenteza deyiladi: nonko'r (nonga ko'r), ishqiboz kabi.
So'zning boshlang'ich qismiga tovushlarni qo'shib aytilsa, proteza deyiladi. Turkiy tillarda, xususan o'zbek tilida (og'zaki nutqda) rus tilidan kirgan so'z boshida kelgan undosh tovushlar birikmasi oldidan (i), (u) unlilarini qo'shib aytish protezaga misoldir: stansiya (istansa, istansiya), stol (ustol), stul (ustul), spravka (ispravka) kabi.
Chet tilidan kirgan so'zlardagi tovushlarni ona tilidagi tovushlar bilan almashtirib talaffuz qilish substitutsiya deyiladi. Odatda, ona tilida bo'lmagan chet tilidagi tovushni ko'proq almashtirildi. Biroq chet tilidagi tovushga o'xshashroq tovush ona tilida bo'lishiga qaramay, uni almashtirish hollari ko'p uchraydi. Chunki har bir til o'zining alohida tovush sistemasiga ega va undagi tovushlar boshqa tilda qaytarilishi mumkin emas. Bunday tovushlar substitutsiyasi hodisasi atoqli otlarda juda ko'p uchraydi: nemischa: Webster – Uebster, Isaak – Isaak, lotincha: Theodor – Feodor (Fedr), inglizcha: Thomas - Tomas1 kabilar.
Dostları ilə paylaş: |