O'zbekiston milliy universiteti a. A. Abduazizov tilshunoslik nazariyasiga kirish oliy o’quv yurtlarining filologiya fakultetlari ucun darslik toshkent- 2010



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə18/68
tarix16.12.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#75480
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   68
3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.

TOVUSHLARNING ALMASHUVI

Yuqoridagi tovushlar almashuvi ikki yoki undan ortiq tillarda uchraydi. Bir tildagi so'zlarning har xil formalarida ham tovushlar almashuvi ro'y beradi. Bunday tovushlar almashuvi alternatsiya deb ham yuritiladi. Almashinuvchi tovushlarni esa, alternantlar deyiladi. Tovushlar almashinuvining turli morfemalardagi xususiyatlarini morfonologiya o’rganadi. Tovushlarning almashinuvi ikki xil bo'ladi: fonetik (pozitsion) va tarixiy.


Fonetik almashuv deb tilning hozirgi talaffuzi normasiga asosan ro'y beruvchi alternatsiyaga aytiladi. Bunday almashuv tovushlarning o'rniga bog'liq bo'lib, ma'lum holatda uchraydi. Masalan: sez – seskanmoq, uyqu – uyg'onmoq, sariq – sarg'aymoq, bilak – bilagi kabi.
Tovushlar almashuvi slavyan tillarida, ayniqsa rus tilida juda ko'p uchraydi. Masalan, rus tilidagi oт – prefiksi sakkiz xil talaffuz qilinadi: oтпуск (otpusk), oтзов (odzo'f), oтход (atxot), oтгадат (adgadat), oттеснить (att'isnit), oтцепить (atssep'it), oттепель (ot'tyep'el), oтделить (ad'dyel'it). Ulaning har biri fone­tik holatiga bog'liq: yumshoq undosh (t'), (d') undoshlari­dan oldin keladi: (s) affrikatlar (s) dan oldin, (o) urg'uli holatda (a) urg'usiz holatda va hokazo1.
Ingliz tilida ham yuqoridagiga o'xshash tovushlar almashuvi kuzatiladi. Masalan, otlardagi ko'plik qo'shim­chasi -s otning birlik shaklida o' tamomlangan undosh yoki unli tovushning artikulyatsion-akustik xususiyatiga ko'ra har xil talaffuz etiladi: jarangsiz undoshdan keyin /s/, sirg'aluvchi undoshlardan keyin /-iz/ va jarangli tovushga tugagan so'zlarda /z/ talaffuz etiladi (maps G'mæpsG') – «xaritalar», (box //boksiz//) – «qutilar», (beds //bedz// ) krovatlar kabi). Bu tovush almashinuvlarida assimilatsiya muhim ahamiyatga ega.
Ba'zi tovushlar almashinuvi tarixiy faktlar asosida tasdiqlanishi mumkin. Shu sababli ularni tarixiy tovush almashinuvlari deyiladi. O'zbek tilidagi ba'zi affikslar tarixiy jihatdan har xil bo'lgan: -gil, -g’il, -qil, -kil, -gali, -g'ali, -kali, -qali shaklida yozilgan va shunday talaffuz etilgan g-k-q tovushlari almashinuvi anna shunday tarixiy jihatdan shakkllangan alternatsiyaga kiradi.
Rus tilidagi k-ч tovush almashinuvi (masalan, рукa-ручka so'zlarida) undoshlardan keyin kelgan til oldi unlisining ta'sirida bo'lgan. Aslida sifatlarning suffiksi -ън bo'lgan. Руч– fonetik holatiga bog'liq bo'lmay qolgan va k-ч almashinuvi pozitsion bog'liqlikdan chiqib, tarixiy bo'lib qolgan. Shu sababli uni hozirgi rus adabiy tili talaffuz normasi yordamida tushuntirish mumkin emas.1
Ingliz tilida so'zlarning o'zagida kelgan unlilarning almashuvi birqancha fe'l shakllarini yasashda qo'l­la­na­di va tarixiy assimilatsiyaga misol bo'la oladi:
/i: /e/ e/ – feed, fed, fed – «boqmoq»,
/i: /Λ/ /Λ/ – win, won, won – «yutmoq (o'yinni)» kabi.
Tovushlar almashuvi natijasida so'z turkumlari, so'zlarning grammatik shakllari va boshqalarni farqlash mumkin. Tovushlar almashuvi faqat adabiy tilga xos bo'lmay, balki shevalarda juda ko'p uchraydi. Xususan, a/ e, i /e tovushlar almashuvi turkiy tillari shevalarida otlarning ko'plik affikslarida uchraydi. O'zbek tili va uning shevalarida bunday tovush almashuvi quyida­gicha bo'ladi: adabiy tilda: otlar – itlar; o'zbek shevala­rida: atlar – iytlar / iytlәr, atlar – itlar /itler, etler; qozoq tilida: attar – iytter.
Fonetik va tarixiy almashuvlari o'rtasidagi o'xshash­lik ularning har ikkisi ham morfologik funksiyani bajarishida ko'rinadi. Biroq fonetik tovush almashuvi tilning hozirgi talaffuz normasi bilan bog'liq bo'lsa, tarixiy tovush almashuvi bunday xususiyatga ega emas.


TOVUSHLARNING FUNKSIONAL JIHATI. ASOSIY FONOLOGIK TUSHUNCHALAR

Yuqorida nutq tovushlari va ularning vositalari turli aspektda o'rganilishini aytib, ularning to'rtinchisini fonologik (sotsial yoki funksional) aspekt deb atagan edik.Ko'pincha fonologiyani ikki bo'limga ajratiladi: 1) tovushlarda namoyon bo'luvchi fonemalarni o'rganuvchi bo'limi – segmental fonologiya yoki fonematika deb; 2) urg'u, bo'g'in va intonatsiyaga tegishli vositalar supersegment fonologiya yoki prosodika deb yuritiladi.


Nutq tovushlari, bo'g'in, urg'u va intonatsiya jamiyat tilining tushunarli va aniq bo'lishi uchun muhim xizmat qiladi. Ular tildagi so'z, so'z shakllari, so'z birikmalari, fraza va gaplarni farqlash funksiyasini bajaradi. Shu tufayli bu aspektni sotsial yoki funksional deb atab, til bosqichi sifatida «fonologiya» termini (grekcha phone – tovush, logos – ta'limot) ishlatiladi.1 Nutq tovushlari ayrim holda /a, o, u/ hech qanday ma'noga ega emas. Nutq tovushlari ma'lum tartibda birikib so'z va boshqa yirik til birliklarini hosil qiladi va ularning ma'nolari bilan bog'lanadi. So'z, so'z formalari va morfemalarni tashkil etuvchi va ularning ma'nolarini farqlash uchun xizmat qiluvchi eng kichik boshqa bo'laklarga bo'linmovchi til birligi fonema (grekcha phone – tovush, ovoz ma'nosida) deyiladi. Masalan, til – tol, kel – kul so'zlari unli fonemalar yordamida farqla­nadi. Kul – qul, bel – sel, pok – tok, nok – nom, g'or – xor, tur – tuk kabi so'zlar tarkibidagi undosh fonemalar yordamida farqlanadi. Bunday tarkibidagi bir fonema bilan bir o'rinda farq qiluvchi so'zlarni (sel – sal kabi) minimal juftlikdagi so'zlar yoki kvaziomonimlar deyiladi.
Fonemaga tegishli barcha artikulyatsion-akustik belgilar uning fonetik xarakteristikasi deyiladi. Masalan, /p/ – fonemasining fonetik xarakteristikasi uning lab-lab, portlovchi, jarangsiz belgilarini o'z ichiga oladi. Fonologiya jihatdan fonemalar bir-biriga qarama-qarshi qo'yiladi (p-t, s-sh, x-k, a-o, u-i kabi). Bunday fonemalarni bir-biriga qarama-qarshi qo'yilishi fonologik oppozitsiya deyiladi. Fonologik oppozitsiya yordamida fonemalarni bir-biridan farqlash uchun xizmat qiluvchi artikulyatsion-akustik belgilar fonologik yoki farqlash alomatlari deyiladi. Masalan, (p-t) oppozitsiyasida lab-til oldi artikulatsiyasi fonologik ji­hat­dan ahamiyatlidir. (p-t) oppozitsiyasidagi unlilarning har ikki a'zosi ham portlovchi va jarangsiz ekanligini fonologik bo'lmagan yoki farqla­movchi alomatlar deb yuritiladi. Har bir fonema fonologik oppozitsiyaning a'zosi hisoblanadi. Tildagi barcha fonemalar o'zaro oppozitsiyalarni tashkil etadi va bu fonemalarning bog'la­ni­shi va aloqalari yig'indisi fonologik sistema yoki fonematik sistema deb yuritiladi. Fonemalarning o'zaro bog'lanish xarakteri, ya'ni ularning qanday ichki aloqada ekanligi fonologik yoki fonematik struktura deb ataladi. Har bir fonema fonologik birlik yoki element deyiladi. Har bir til o'zining fonologik sistemasiga ega bo'lib, undagi har bir fonemaning o'z o'rni va funksiyasi bor. Bir tildagi fonema ikkinchi tilda bo'lishi mumkin emas. Ikki tildagi fonemalar o'z artikulyatsion-akustik xususiyatlari bilan o'xshash bo'lishi faqat tashqi jihatdan to'g'ri kelish hisoblanadi. Ularning ichki bog'lanishlarini, ya'ni fonologik oppozitsiyalar sistemasini o'rganish orqali juda ko'p farqlarni aniqlash mumkin bo'ladi. Ulardagi ba'zi o'xshashliklar nutq organlarining barcha odamlarda bir xil tuzilganligi bilan izohlanadi.
Tildagi bir qancha tovushlar (ularning sonini aniqlab bo'lmaydi) soni va artikulyatsion-akustik xususiyatlari aniq bo'lgan fonemalarga birlashadi. Bir fonema bir qancha tovushlarda namoyon bo'ladi. Ko'pincha bir fonemani ifodalovchi tovushlar artikulyatsion va akustik jihatdan yaqin bo'ladi. Biroq bir fonema bir necha har xil artikulyatsion va akustik xususiyatlarga ega bo'lgan tovushlarda ifodalanishi ham mumkin. Masalan, rus tilida (g) va (g') tovushlari bitta (g) fonemasining vakilidir: город (gorot), (g'orot)1 kabi.
Tildagi so'z va so'z formalarini tashkil etuvchi fonemalarni go'yo g'ishtlarni yonma-yon qo'ygandek ko'rinishga ega sifatida tasvir qilish mumkin emas. Chunki fonemalar bir-biriga birikish jarayonida har xil o'zgarishlarga uchraydi (ularni yuqorida ko'rib o'tgan edik). Fonemalar tilning eng kichik bo'linmas segment birliklaridir. Masalan, paxta so'zi p-a-x-t-a beshta fonemaga bo'linadi, biroq, undagi har bir fonema o'z navbatida boshqa kichik bo'laklarga bo'linmaydi. Har bir fonema o'zining fonologik (farqlanuvchi) va fonologik bo'lmagan (farqlanmov­chi) alomatlariga ega.
Har xil fonemalarni qarama-qarshi qo'yilganda, bu belgilarni aniqlash mumkin. Masalan, (b-p) fonemalari jarangli-jarangsiz belgilari bilan farqlanadi. Ularning qolgan belgilari lab- va portlovchi xususiyatlari har ikkisiga ham xos, ya'ni fonologik emas. /b-d/ oppozi­siyasida artikulatsiya o'rni, ya'ni lab va til oldi (dorsal) belgilari fonologik alomatlardir. Ularning har ikkisi jarangli portlovchi ekanligi fonologik alomat emas. Boshqa /b-k/ oppozitsiyasida bir yo'la artikulatsiya o'rni, ya'ni lab /b/ va til orqa /k/, jarangli va jarangsiz fonologik alomat hisoblanadi. Artikulatsiya usuliga ko'ra /b-k/ dagi portlovchi belgisi fonologik emas. Ko'rinadiki, har bir fonologik oppozitsiyada fonema o'zining ma'lum farqlovchi va farqlamovchi belgilari bilan ishtirok etadi. Har xil tillarning fonologik sistemalarini qiyosla­ganda, bunday belgilarni aniqlash ayniqsa zarurdir. Xususan, rus tilidagi yumshoq va qattiq undosh fonemalar o'zbek tilidagi bir fonemaga to'g'ri keladi. Chunki o'zbek tilida yumshoq va qattiq fonologik belgilari yo'q.
Tildagi fonologik oppozitsiyalar ikki a'zodan iborat bo'lsa, binar oppozitsiya (lotincha bini – "ikkitadan") deyiladi: /b-p/, /t-g/, /i-u/ kabi. Fonologik oppozitsiyalar uch a'zodan iborat bo'lsa, ternar (lotincha terni – "uchtadan") oppozitsiya deyiladi: /p-t-k/, /i-e-a/ kabi. Uchtadan ortiq a'zoga ega bo'lgan fonologik oppozitsiyalar ko'p a'zoli oppozitsiyalar deyiladi: /b-d-g-h/ kabi. Tildagi fonologik oppozitsiyalarni binar, ya'ni ikkitadan a'zoga ega bo'lgan shaklida tasnif etish ancha qulaydir. Shy tufayli ko'p a'zoli oppozitsiyalarni binar yoki dixotomik (lotincha dixotomiya – "teng ikkiga bo'lish" ma'nosida) holatga keltiriladi. Masalan, (b-d-g-x) oppozitsiyasini /b-d/, (b-g), (b-h), (d-g), (d-h), (g-h) binar oppozitsiyalariga bo'lish mumkin. Bunda fonemalarning farqlanuvchi va farqlanmovchi belgilarini aniqlash ham osonlik tug'diradi. Ba'zi fonologik oppozitsiyalarda bir qancha fonemalar juft holda binar qilib beriladi. Masalan, o'zbek tilidagi jarangli va jarangsiz belgiga ega bo'lgan undoshlar /p-b/, /t-d/, /f-v/, /s-z/, /sh-j/, /ch-dj/, /x-g/, /k-g/ ana shunday binar oppozitsiyalardir. Rus tilida jarangsiz va jarangli oppozitsiyadan tashqari, yana qattiq va yumshoq fonemalar oppozitsiyalari ham binar hisobla­na­di. Keltirilgan juft oppozitsiyalar yig'indisi korrelatsiya deyiladi. Ularni qarama-qarshi qo'yishda asos bo'lgan jarangli-jarangsiz, yumshoq-qattiq, ba'zi tillarda unlilarning cho'ziq-qisqa belgilari korrelyatsion belgi deb ataladi.
Fonologik oppozitsiyalar doimiy va neytralizatsiya­la­shuvchi bo'ladi. Ba'zi tillarda jarangli undoshlar so'z oxirida jarangsizlashadi. Masalan, rus tilida луч (luk), град(grat) kabi, o'zbek tilida kitob (kitop), qand (qant) kabi. Bunday xususiyat fonologik neytralizatsiya deyiladi. Bu holatda b/p, t/d undoshlari bir xil artikulyatsion-akustik xususiyatga ega bo'lib, ularning fonologik bel­gilari o'xshash bo'lib qoladi. Bunday fonologik birlik arxifonema (lotincha archi – katta, phoneme – fonema) deyiladi. Arxifonema ikki va undan ortiq fonemaga tegishli bo'lgan fonologik belgilarning yig'indisidan iborat. Biz yuqorida fonologik oppozitsiya a'zolarining soniga ko'ra binar, ternar va ko'p a'zoli oppozitsiyalar turlarini ko'rsatib o'tdik.1 Fonologik oppozitsiya a'zolarining farqlanish belgilari o'rtasidagi munosabatga asoslangan boshqa turli tasniflar ham mavjud. Fonologik oppozitsiya tushunchasi tildagi fonemalar sistemasini chuqur tasnif qilish uchun eng zurur hisoblanadi.
Tildagi fonemalar bir qancha tovushlarda namoyon bo'la­di. Fonemalar bo'g'inlar, so'zlar, so'z birikmalari va frazalarning tarkibida joylashgan. Ular har xil o'rinlarda yoki holatlarda uchraydi. Odatda bu holatlar pozitsiya deyiladi. Fonemalarning har xil aytilishi shart­lari bo'yicha taqsimlanishi ularning distributsiyasi deyiladi.
Fonemalar ochiq yoki yopiq bo'g'inlarda, so'z boshi, o'rtasi va oxirida, urg'uli yoki urg'usiz holatda uchraydi. Bu pozitsiyalarda fonemalar har xil o'zgarishlarga duch keladi. Fonemalarning pozitsiyalari ikki turli bo'ladi: fonemalar deyarli ko'p o'zgarishlarga uchramaydigan holat­ni kuchli pozitsiya deyiladi; fonemalar ko'p o'zgarishlarga uchraydigan holat – kuchsiz pozitsiya deb ataladi. Kuchli pozitsiyada fonemaning asosiy vakili namoyon bo'ladi. Kuchsiz pozitsiyada esa, fonemaning ottenkasi yoki variatsiyalari uchraydi. Masalan, o'zbek tilida (i) fonemasi uchragan pozitsiyasiga ko'ra har xil talaffuz etilishi mumkin: birinchi (berinche) so'zida /ə/ /i/ fonemasining varianti yoki allofoni hisoblanadi. Biroq shu /i/ fonemasi doirasida unga artikulyatsion-akustik xususiyatlari bilan o'xshash bo'lgan va so'zlarning ma'nolarini farqlashga xizmat qila olmaydigan aytilishlar fonemaning variatsiyalari deb yuritiladi: i, i, i, ... in ! i (i - fonema, qolgan i -lar – variatsiyalardir).
Odatda fonemalarning pozitson o'zgarishlarga uchragan vakili pozitsion varianti nutqda kombinator o'zgarishlarga uchragan fonemaning vakili – kombinator va­ri­anti deb yuritiladi. Fonemaning sifat o'zgarishla­riga uchragan vakili – uning varianti yoki allofoni, miqdor o'zgarishiga uchragan (cho'ziq-qisqaligi o'zgargan) fonemaning vakili alloxron deb yuritiladi.
Fonemalar har xil o'rinlarda, xususan so'z boshi, o'rtasi va oxirida bir-birlari bilan birikib kelishi mumkin. Fonemalarning birikmalarini (ts, dz, kt, vz, kg, gg kabi) o'rganuvchi fonologiya qismi fonotaktika deyiladi. Har bir tilda fonemalar birikmalari o'ziga xos tartib va xususiyatlarga egadir.
Fonologik birliklar hisoblanuvchi fonema, bo'g'in, urg'u va intonatsiya tilda quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) ular tildagi ma'nodor birliklar hisoblanuvchi yirik birliklarni tashkil etuvchilik funksiyasini bajaradi. Masalan, so'zlar bo'g'inlardan, morfemalar fonemalardan tuzilgan bo'lib, ular o'z urg'usiga egadir. Frazalar uchun intonatsiya zarur tashkil etuvchilik vazifasini bajaradi.
2) ular farqlovchilik yoki differensial funksiyani bajaradi. Masalan, tol - qol, bil - bel, so'z va morfemalari (t-k), (i-e) fonologik oppozitsiyalari yordamida farqlanadi. Shuningdek o'zbek tilidagi To'xta? (odam ismi) va To'xta! hamda olmá (meva) va Ólma! urg'uning o'rniga ko'ra farqlanadi. Ingliz tilidagi a name /әńeim/ - "nom" - an aim /әn'eim/ - "maqsad" so'zlari bo'g'inlarning bo'linishi chegarasi va ularning bog'lanishi va urg'uning o'rni orqali farqlanadi.
3) ular nutqda fonologik birliklar so'z va morfemalarni hamda frazalarni chegaraga ajratish funksiyasini yoki delimitativ (lotincha limitus – chegara) funksiyani bajaradi. Ular so'z va morfemalarning boshi va oxirini ko'rsatish uchun qo'llanadi. Masalan, o'zbek tilidagi so'z­lar /ng/ fonemasi bilan boshlana olmaydi. (tong, bong kabi) va /x/ fonemasi bilan tamomlanmaydi. Demak, bu fonemalar so'zlar va morfemalarning chegara signallari vazifasini bajaradi. Shuningdek, Komil yota qoldi va Komil yotoq oldi frazalarida Toshkent shevasi talaffuzida /k/ fonemasi chegara signali vazifasini bajarib, ularning ma'nolarini farqlaydi. Shuningdek o'nta kam bir va o'nta kampir so'z birikmalari ham /b/p/ fonemalari yordamida chegaraga bo'linadi.
Tovush vositalarining eshitilish xususiyatlariga ko'ra ularni tanib olish funksiyasini ham ko'rsatib o'tish lozim. Eshitilishi jihatdan fonema, bo'g'in chizig'i, urg'uning o'rni va frazaning intonatsiyasini tanib olamiz va o'sha o'rinda ularni ma'lum qoida asosida talaffuz etamiz. Agar bu o'rinlarda ularni noto'g'ri talaffuz etilsa, tanib olish funksiyasi buziladi. Chet tiliga o'rgatishda tanib olish funksiyasi alohida ahamiyatga egadir.
4) Tildagi barcha tovush vositalari, bo'g'in, urg'u va intonatsiya nutqni ifodali qilish uchun ekspressiv funksiyani bajaradi. Bu funksiya tilning stilistika bosqi­chi­dagi fonostilistika deb ataluvchi qismida o'rgani­ladi. Xususan unli va undosh tovushlarni cho'zib aytish, bo'g'inni orttirish, tovushlarni intonatsiyaning melodiyasi (ohangi) va urg'usini odatdagidan ko'ra boshqacha aytish xususiyatlari fonostilistik belgilar hisoblanadi. Masalan, Tu-u-ur! 0-o-oh! Ke-ye-yel! X-x-xap sani! Sh-sh-shoshmay tur! kabilar.
Fonetika va fonologiya uzviy bog'liq bo'lganidek, yuqorida keltirilgan to'rtala funksiya ham bir-biri bilan bog'liqdir. By funksiyalardan birortasining talaffuz jarayonida buzilishi (masalan, olmá (meva) so'zining birinchi bo'g'inidagi /o/ fonemasiga urg'u qo'yilsa, uning ma'nosi o'zgaradi) boshqa funksiyalarni o'zgartirib yuboradi. Bu o'rinda bir yo'la farqlanish, tanib olish va tashkil etuvchilik funksiyalari buziladi va ayniqsa, chet tili talaffuzida bunday xatolar nutqning tushunarsiz bo'lishiga olib keladi.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   68




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin