O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi a k a d e m I y a a. V. Narbekov dinshunoslik asoslari toshkent


Zardushtiylik ta’limoti va marosimlari



Yüklə 489,79 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə24/69
tarix24.10.2023
ölçüsü489,79 Kb.
#160199
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   69
Dinshunoslik

Zardushtiylik ta’limoti va marosimlari 
Zardushtiylik ta’limotiga binoan, borliq yorug‘lik va zulmat, hayot va 
o‘lim, adolat va adolatsizliklar kabi qarama-qarshiliklardan tashkil topgan. 
Bu qarama-qarshiliklar tabiat va jamiyatda turlicha ko‘rinishda namoyon 
bo‘ladi. Tabiatda ular hayot va o‘lim, issiqlik va sovuqlik, yorug‘lik va 
zulmat kuchlarini ifoda etadi. Ijtimoiy hayotda ular adolat va adolatsizlik, 
qonunga itoatkorlik va qonunlarga bo‘ysunmaslik singari ko‘rinishlarida 
namoyon bo‘ladi.
Qarama-qarshiliklar voqea va hodisalarning manbaidir. Yaxshilik va 
yomonlik, issiqlik va sovuqlik kabi kuchlar o‘rtasida to‘xtovsiz kurash 
boradi. Bu kurash xudolar darajasida ham mavjud. Donishmand xudo 
Ahura Mazda – ezgulik va yaxshilik timsoli. Ahura Mazdani Avestoda 
yigirma sifatga ega iloh deb ta’riflanadi. Bu Ahura Mazdaning go‘zal 
ismlaridir.
Ahura Mazda borliqni yaratuvchi va hamma narsani biladigan oliy 
xudodir. U o‘zini yaxshi ishi va yaxshi so‘zlari bilan namoyon qiladi. 
Ahura Mazda odamlarga yomonlik qilmaydi, ularni faqat ezgu ishlarga 
da’vat etadi. Zardushtning talqinida Ahura Mazda oliy ibtido bo‘lib, uning 
turmushi odamlarnikidan farq qiladi. Uni hech kim yaratmagan, oilasi 
yo‘q, dunyodagi barcha voqea-hodisalardan xabardor, ular Ahura 
Mazdaning xohishi bilan sodir bo‘ladi. 
Ahura Mazdaga dunyodagi barcha yomonliklarning timsoli – Axriman 
(yovuz ruh) qarshi turadi. Ahura Mazda Axriman (Anxra Maynyu)ni 
odamlarning ibrat olishlari uchun o‘z jismidan yaratgan. Shu bois u Ahura 
Mazdaga qarshi turadi, dunyoda yomonlik, zulm va zulmatning yaxshilik 
va yorug‘lik ustidan g‘alaba qilishi uchun kurashadi. Donishmand xudo 
dunyo va undagi hayotni, yorug‘likni, umuman, barcha ijobiy voqeliklarni 
66


yaratgan bo‘lsa, yovuz ruh o‘lim, zulmat, sovuqlik va odamlarga ziyon-
zahmat yetkazuvchi jonzodlarni yaratgan.
Ezgulik ilohi Ahura Mazda va yovuzlik ruhi Axriman o‘rtasidagi 
kurash faqat ularning o‘zlariga xos emas. Bu kurashda ularning 
yordamchilari ham ishtirok etadi. Ahura Mazda avvalo olti nafar eng yaqin 
yordamchilariga tayanadi. Jumladan, Voxu Manah (ezgu fikr) poda va 
chorvani, Asha Vahishita (yuksak haqiqat) olovni, Hashatra Varya 
(munosib qudrat, hokimiyat) ma’danlarni, Sienta Armati (muqaddas itoat) 
yerni, Ameretat (mangulik) o‘simliklar dunyosini boshqargan. 
Shuningdek, u o‘ziga yo‘ldosh ilohlarni yaratgan. Ular Mitra, Anahita, 
Saroshi (itoatkorlik, intizom), Ashi (taqdirni belgilovchi xudo) va 
boshqalardan iborat bo‘lib, Ahura Mazdaning yovuzlikka qarshi kurashida 
unga yordam bergan. Ahura Mazda yaratgan xudolarning ayrimlari 
keyinchalik diniy tizimda katta nufuzga ega bo‘lgan. Masalan, Mitra 
(quyosh xudosi) odamlarning himoyachisi sifatida Eronda Ahura 
Mazdaning o‘rnini egallagan. U zardushtiylikdan tashqari boshqa dinlarda 
ham qabul qilingan. Masalan, Qadimgi Gretsiya va Qadimgi Rimda Mitra 
keng tarqalgan. 
Yovuz ruh Axriman ham Ahura Mazdaga qarshi kurashda yolg‘iz 
emas. Unga yovuz ruhlar (devlar), sehrgarlar, yomon hukmdorlar yordam 
beradi. Ular tabiatning to‘rt unsuri – olov, yer, suv, va osmon (havo)ga za-
rar yetkazadilar. Yovuz hukmdorlar birovni ko‘rolmaslik, yalqovlik, yol-
g‘on, nifoq singari boshqa illatlarni jamiyatda mustahkamlashga, 
kishilarga tarqatishga intiladi. 
Zardushtiylik ta’limotida axloqqa katta e’tibor beriladi, kishining 
ma’naviy barkamolligi qadrlanadi, odamlarni imon-e’tiqodli bo‘lishga 
da’vat etiladi. Faqat imonli odam ezgulikni yovuzlikdan farqlay oladi. 
Zardushtiylik imoni fikrlarning sofligi, so‘zning sobitligi, amallarning 
insoniyligiga asoslanadi.
Odamlar tozalikka va tartib-intizomga qat’iy rioya qilishlari kerak. 
Kishilardagi mehr-shafqat, ota-ona, oila va Vatanga muhabbat, 
minnatdorlik his-tuyg‘ulari ulug‘lanadi. Ota-onadan farzand oldidagi 
burchini bajarishlari talab qilinadi. Bitta dinga e’tiqod qiladigan odamlar 
bir-birlariga yordam berishlari, hamjihatlikda va ahillikda yashashlari 
lozim. Ahura Mazda odamlarni mehnatni sevish, yerga ishlov berish va 
chorvani ko‘paytirishga da’vat etadi. Dunyoda moddiy boyliklarning 
ko‘payishi zulm va yovuzlikning yo‘qolishiga xizmat qiladi.
Zardushtiylik ta’limotida ma’naviy qadriyatlarni jamiyatda qaror 
toptirish muammosi alohida ahamiyatga ega. Din kishilarni halol 
67


yashashga da’vat etsa-da, o‘z hayot yo‘llarini erkin tanlashlariga to‘sqinlik 
qilmaydi. Odamlar axloqiy tanlov erkinligiga ega. Xudolar darajasida 
yaxshilik va yomonlik tarafdorlari o‘rtasidagi kurashning natijasiga 
odamlarning qaysi tarafni tanlashlari ham ta’sir etadi. Zardushtiylikda 
insonlar xudolar o‘rtasidagi kurashning ojiz kuzatuvchisi emas, balki bu 
jarayonning muhim ishtirokchilari bo‘ladi. Har bir kishi hayot yo‘lini 
mustaqil tanlaydi va axloqiy tanlovi uchun narigi dunyoda va oxiratda 
shaxsan javobgar bo‘ladi. Odam hayot yo‘lini erkin tanlasa-da, uning 
taqdiri azaldan belgilangan.
Diniy aqidalarda g‘ayridinlar va ularni ta’qib qilish yoki qilmaslik 
to‘g‘risida ham hech nima deyilmagan. Diniy e’tiqodi turlicha bo‘lgan 
odamlarning tinch-totuv yashashlari rag‘batlantirilgan. Jamiyatda diniy 
murosa va hamkorlik hukmronlik qilgan.
Diniy ta’limotda dunyoning tuzilishi to‘g‘risidagi qarashlar katta 
ahamiyatga ega. Insoniyat tarixi 12 ming yildan iborat va to‘rt bosqichga 
bo‘linadi. Ularning har biri 3 ming yil davom etgan.
Birinchi bosqichda ruh, g‘oya va narsalar bo‘lmagan. Asta-sekin ib-
tidoiy bo‘shliqdan keyinchalik yerda yuzaga kelgan narsa va hodisalarning 
dastlabki belgilari shakllangan. 
Ikkinchi bosqichda Donishmand xudo (Ahura Mazda) osmon, yulduz, 
oy, quyosh, tabiat, Odam Ato (Yima) va birinchi muqaddas buqa (Geush 
urvan) kabilarni yaratgan. Yima (Firdavsiyning «Shohnoma» dostonida 
Jamshid deb atalgan) xudo Ahura Mazdani ilk bora tan olgan kishi. Yima 
insoniyatning ajdodi bo‘lib, barcha odamlar undan tarqalgan. Muqaddas 
buqadan hayvonot dunyosi vujudga kelgan. Axriman ham Ahura Mazdaga 
qarama-qarshi koinotda planetalar va kometalarni, yerda cho‘llar, vahshiy 
hayvonlar, kasallik qo‘zg‘atuvchi jonzodlarni yaratgan. Qarama-
qarshiliklarning koinotdagi va yerdagi to‘qnashuvidan butun borliq 
harakatga kelgan.
Uchinchi bosqichda Avestoda qayd etilgan personajlarning faoliyati 
boshlangan. Yima odamlar va chorvani olamning suv bosishi falokatidan 
qutqargan hamda Ahura Mazda yordamida odamlarga rahbarlik qilgan. 
Dunyoda yaxshilikning tantanasiga xizmat qilgan. Yima podsholigida 
odamlar sharaf uyi (jannat)da yomonlik, adolatsizlik, yovuzlik, kasallik va 
o‘limning nima ekanligini bilmay, baxtli hayot kechirganlar. Shu bois 
Yimaning hukmronlik davri Avestoda «oltin asr» deb ataladi. Yima 
davrida odamlar yer haydab, dehqonchilik qilganlar va chorva 
urchitganlar.
68


Vaqt o‘tishi bilan Yima odamlarga ko‘rsatgan yaxshiliklaridan 
g‘ururlanib, manmanlik, o‘zgalar dardiga befarqlik yo‘liga kirgan. 
Mansabparastlik va o‘z imkoniyatlariga ortiqcha baho berishi oqibatida 
Ahura Mazdaning nasihatlarini bajarmay qo‘ygan. Oqil xudo man etgan 
muqaddas buqani ov qilib, uning go‘shtidan taom tayyorlashni buyurgan. 
Manmanlik, o‘zboshimchalik va man etilgan ishlarni sodir etganligi uchun 
Ahura Mazda Yima va uning avlodlarini jazolangan. Odamlar jannatdan 
chiqarilgan, tirikchilik tashvishlari, yeb-ichish zarurati, kasalliklarga 
duchor etilganlar, boqiylik imtiyozidan mahrum qilinganlar. Uchinchi 
bosqichning oxirlarida Zardushtning faoliyati boshlangan va Zardushtning 
vafotidan keyin uchinchi bosqich tugagan. 
To‘rtinchi bosqichning har ming yilida dunyoga uchta xaloskor 
(payg‘ambar) keladi. Ularning oxirgisi – Oso‘shyant oxiratda dunyoga 
kelib, barcha imonlilarning ruhlarini bihishtga yetaklaydi, gunohkor 
bandalar uchun xudo Axura Mazdadan mag‘firat so‘raydi. Oxiratda yovuz 
ruh yengilib, yaxshilik yomonlikning ustidan uzil-kesil g‘alaba qiladi. 
Dunyo eritilgan temir bilan soflanib qayta quriladi. Yerdagi hayot tubdan 
o‘zgaradi. Yaxshilik tantana qiladi, yomonlik va o‘lim yo‘qoladi. 
Gunohkorlar o‘zlarining sodir etgan yomonliklari uchun pushaymon 
bo‘lib, xudodan kechirim so‘raydilar. Yangilangan dunyoda yomonlik 
yo‘q qilinganligi sababli gunohkorlar kechiriladi, abadiy rohat-farog‘at 
jamiyati barpo etiladi.
Oxiratda ziddiyatlarga to‘la olam yo‘q qilinsa ham odamlar undan 
qo‘rqmasliklari kerak. Zero, oxiratda kishilarning azaliy orzu-istagi 
hisoblanuvchi baxt, adolat, tinchlik va tenglikka asoslangan jamiyat 
quriladi. Dunyo tamoman o‘zgaradi va undan yomonliklar butunlay 
yo‘qoladi.
Zardushtiylik ta’limotida hayot va o‘limga munosabat to‘g‘risidagi 
qarashlar ta’sirida o‘ziga xos ko‘mish marosimi vujudga kelgan. Diniy 
aqidalarda qayd etilishiga ko‘ra, odamning vafot etishi yovuz kuchlarning 
ezgulikdan ustun kelganligi oqibatidir. Shu bois tanani yovuzlikdan xalos 
qilish kerak. Yomonliklar tananing chirishi jarayonida yo‘qoladi. 
Yomonliklardan xalos bo‘lmagan tanani muqaddas tabiat unsurlari 
sanaluvchi yerga, olovga va suvga tashlash mumkin emas. Marhumni 
so‘nggi manziliga qo‘yishdan oldin soflanish (ko‘mish) marosimi 
o‘tkazilgan. Diniy rivoyatlarga ko‘ra, odam vafot etganidan to‘rt kun 
o‘tgach uning ruhi tanani tark etib, yosh ayol qiyofasidagi farishtaning 
kuzatuvida narigi dunyoga o‘tadi. Ko‘mish marosimi ham shuncha vaqt 
o‘tganidan keyin bajarilgan. Marhumning jasadi erta tongda quyosh 
69


chiqmasdan oldin temir zambilga ortilib kohin va yaqin qarindoshlarining 
kuzatuvida Indamaslar minorasi deb ataladigan mozorga olib borilgan. 
Indamaslar minorasi uncha katta bo‘lmagan bino bo‘lib, balandligi 4,5 
metrni tashkil etgan. Binoning poli marhumni ko‘mish maydoni vazifasini 
bajargan. Maydon yosh bolalar, ayollar va erkaklarning jasadi qo‘yiladigan 
qismlardan iborat bo‘lgan. Marhumning jasadi ma’lum muddatga shu 
yerga qo‘yilgan. Jasadning soflanishi (chirishi) jarayonini tezlashtirish 
maqsadida yirtqich hayvonlar (asosan itlar)dan foydalanilgan. Yirtqich 
hayvonlar jasadni g‘ajib bo‘lganidan keyin qolgan suyaklar yig‘ib olinib, 
minoraning o‘rtasida qurilgan quduqqa tashlangan yoki sopol idish 
(assuariy)ga solinib, nauslar deb ataladigan yer ostida qurilgan 
inshoatlarga ko‘milgan. 
Zardushtiylikda tabiat unsurlari tuproq, suv, havo va olov muqad-
daslashtirilgan. Ularni ifloslantirish kechirilmaydigan gunoh sanalgan. 
Muqaddas tabiat unsurlari qatorida olov alohida o‘ringa ega. Ahura 
Mazdaning ramziy belgisi ham olov bo‘lgan. Shu bois zardushtiylar ba’zan 
otashparastlar deb atalgan.
Zardushtiylar ibodatxonalarida muqaddas olov yonib turgan. Ibo-
datxonada muqaddas olov uchun ikki metr balandlikdagi, to‘rt pog‘onali 
supa qurilgan. Olov supaning markazida misdan quyilgan o‘choqda 
yoqilar edi. Supadagi olov doimo yonib turishini kohinlar nazorat qilib 
turgan. Kohin oq matodan tikilgan ko‘ylak, bosh kiyim, buruni va og‘zini 
yopib turadigan niqob taqib (hozirgi jarroh shifokorlarning muolaja 
vaqtida kiyadigan kiyimiga o‘xshash) olovning oldiga yaqinlashishi 
mumkin edi. Ibodatxonaga sig‘inishga kelgan dindorlar muqaddas olovni 
ko‘rish imkoniyatiga ega emas edi. Ular muqaddas olovning aksini yoki 
shu’lasini ko‘rishi mumkin bo‘lgan. Muqaddas olov avvalo shahar 
ibodatxonalariga, ulardan qishloq ibodatxonalariga va undan keyin 
dindorlarga berilgan. Ibodatxonalardagi olovlar ahamiyati jihatidan farq 
qilgan. Har qaysi hukmdor o‘zining oloviga ega bo‘lgan.
Muqaddas olovning juda ko‘p turlari bo‘lib, Eronda adolat ilohi 
Varaxram (Bahrom)ning olovi alohida ulug‘langan. Bu olov jamiyatning 
turli tabaqalari vakillarining o‘chog‘i va boshqa manbalar (o‘n olti 
olovdan)dan to‘plangan. Olovning eng qadrlisi yashin tegib yongan 
daraxtdan olingani hisoblangan.
Tabiat unsurlari qatorida olov bilan birga suvga katta e’tibor berilgan. 
Suvning hayot manbai ekanligi aholisi asosan sun’iy sug‘orishga 
asoslangan dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi mintaqamiz uchun alohida 
ahamiyat va mazmunga ega edi. Shu bois suvni e’zozlash va undan 
70


tejamkorlik bilan foydalanishga ilohiy tus berilgan. Suvni ifloslantirish, 
ya’ni unga turli (notoza) narsalarni tashlash, behudaga isrof qilish og‘ir 
gunoh sanalgan. Yomg‘ir yog‘ayotgan vaqtda odamlarning yerni va suvni 
iflos qilmasliklari uchun hatto uydan tashqariga chiqishlari taqiqlangan.
Zardushtiylikda o‘ziga xos ibodat qilish marosimi shakllangan. 
Dindorlar Ahura Mazdaga bir kunda besh marta sig‘inganlar. Ibodat janub 
tomonga qarab, toza joyda va yomon yerlardan yiroqda bajarilgan. 
Zardushtiylar erta tongda, uydan chiqish va kirish vaqtida, soflanish, 
kechki uyqudan oldin hamda diniy marosimlarni bajarish vaqtlarida ibodat 
qilganlar.
Zardushtiylikda tozalikka e’tibor diniy aqida darajasiga ko‘tarilgan. 
Tozalik ham jismoniy, ham ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan. Ma’naviy 
tozalik kishining ichki madaniyati, adolat, haqiqatni so‘zlash, 
insonparvarlik, mehr-shafqatlilik singari umuminsoniy axloq normalaridan 
iborat. Jismoniy tozalik deganda pokiza, toza va orasta yashash bilan 
birga, muqaddas narsalarni ham ifloslantirmaslik tushunilgan. Notoza 
(yovuzlik timsoli) deb qabul qilingan o‘simliklar, hayvonlar va 
hasharotlarga, o‘lgan odamning mayyitiga tegishish gunoh hisoblangan. 
Bunga yo‘l qo‘ygan kishi murakkab soflanish marosimidan o‘tkazilgan. 
Notoza ishlarni bajaradigan kishilar jamiyatda eng past tabaqani tashkil 
etganlar. Ular o‘lgan odamning mayyitini yuvish, tobutni qabrga ko‘tarib 
borish kabi «notoza» ishlarni bajarganlar. Mazkur tabaqa vakillari boshqa 
guruhlardan alohida yashaganlar. Ularning jamoat foydalanadigan suv 
manbalariga yaqin kelishlari va hatto soyalari tushishiga ham yo‘l qo‘yil-
magan.
Zarushtiylar jonzodlarni ham notoza va toza turlarga ajratganlar. 
Notoza deb qabul qilingan hayvonlarga yaqinlashgan kishi soflanish 
marosimidan o‘tkazilgan. Toza hayvonlardan xo‘jalikda foydalanilgan. 
Qoni oqizib yuborilgan toza hayvonlarning go‘shti iste’mol qilingan. 
Jamiyatda tabaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy ijtimoiy va huquqiy 
tengsizlikka qaramasdan xotin-qizlar uning to‘la huquqli a’zosi hi-
soblangan. Tarixiy manbalarda qayd etilishiga ko‘ra, xotin-qizlar erkaklar 
bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega va oilada o‘z mulkini erining 
xohishidan qat’i nazar mustaqil meros sifatida qoldirishi mumkin bo‘lgan. 
Zardushtiylik ayollarning erkaklar bilan teng huquqligini mustahkamlagan.
Zardushtiylikka e’tiqod qiluvchilar juda ko‘p diniy marosimlarni 
bajarishgan. Diniy marosimlarga esa kohinlar rahbarlik qilgan. 
Marosimlarning ko‘pligi kohinlarning moddiy jihatdan muhtojlikni bilmay 
yashashlariga imkon bergan. Kohinlarning jamiyatdagi mavqei juda baland 
71


bo‘lib, ular alohida tabaqani tashkil etgan. Shuning uchun kohinlik otadan 
farzandga meros bo‘lib o‘tgan. Kohin o‘z farzandini yoshligidan bo‘lg‘usi 
kasbga tayyorlab borsa-da, nomzod uzoq vaqt o‘qitilgan va bir necha 
bosqichdagi sinovlar hamda poklanish marosimlaridan o‘tkazilgan. Faqat 
ko‘p bosqichli sinovlardan muvaffaqiyat bilan o‘tgan kasbga 
da’vogarlargina kohinlik martabasiga muyassar bo‘lgan. 
Diniy marosimlar ibodatxonalar, ochiq maydonlar va dindorlarning 
uylarida o‘tkazilgan. Zardushtiylik vujudga kelgan dastlabki davrlarda 
ommaviy diniy marosimlar ochiq maydonlarda va dindorlarning uylarida 
o‘tkazilgan. Dastlab ibodatxonalarning qurilishi Ahmoniylar imperiyasi 
davridan boshlangan. Ibodatxonalar «olov uylari» deb atalgan. Ularning 
rejasi bir xil bo‘lib, tosh yoki paxsadan qurilgan. Binoning ichki va tashqi 
qismidagi devorlari suvoqlangan. Binolarda qimmatbaho bezaklarning 
yo‘qligi sababli ko‘rinishi boshqa jamoat binolaridan deyarli 
farqlanmagan. Ibodatxonaning markazida doimo olov yonib turadigan 
hujra bo‘lgan.
Ahmoniylar davrigacha zardushtiylikda xudolarning tasviri aks 
ettirilmagan. Aynan shu vaqtdan boshlab xudo Ahura Mazdaning qiyofasi 
Ossuriya davlatining bosh xudosi ko‘rinishida tasvirlangan. Ibodatxonalarda 
Ahura Mazdadan tashqari boshqa xudolar va hukmdorlarning haykallari 
qo‘yilgan. Ahmoniylar podshosi Artakserks II (miloddan avvalgi 404–359) 
hukmronligi davrida suv va hosildorlik ma’budasi Anaxitaga bag‘ishlangan 
ibodatxonalar qurilgan va ularga ma’buda haykallari joylashtirilgan.
Zardushtiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan uzoq davom 
etgan raqobatlarga bardosh bergan. Bu borada muvaffaqiyatga erishgan 
bo‘lsa-da, boshqa diniy e’tiqodlarni mintaqadan to‘liq siqib chiqarib, o‘z 
hukmronligini o‘rnatishga intilmagan. Ishlab chiqarish kuchlari rivojlanish 
darajasining pastligi, viloyatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan 
biqiqligi bunga imkon bermagan. Odamlar yangi dinni qabul qilish bilan 
birga o‘zlarining an’anaviy e’tiqodini ham saqlab qolganlar. Muayyan 
mintaqada zardushtiylik keng tarqalgan bo‘lsa-da, boshqa diniy e’tiqodlar 
ham saqlanib qolgan.
Diniy e’tiqoddagi xilma-xillik hukmdorlarning muayyan dinni 
tanlashdagi erkinliklarida ham kuzatilgan. Makedoniyalik Iskandar va 
uning vorislari mintaqamizda Olimpiya xudolariga sig‘inishni qo‘llagan 
bo‘lsalar, Kushon davlati hukmdorlari buddaviylikni qabul qilib, uni 
mamlakat hududida keng yoyishga harakat qilganlar. Sosoniylar davlati 
hukmdorlari zardushtiylikni har taraflama qo‘llab quvvatlaganlar. Butun 
mamlakat hududida ko‘plab olov uylari qurilgan. Milodiy VIII asrning 
72


boshlarida Markaziy Osiyoning bir qismini bosib olgan Arab xalifaligi 
davlati islomlashtirish siyosatini olib borgan. Islomdan tashqari barcha 
diniy e’tiqodlar taqiqlangan. Zardushtiylar ibodatxonalari buzib tashlangan 
yoki masjidlarga aylantirilgan. Zardushtiylik e’tiqodini saqlab qolganlar 
«kofirlar» deb e’lon qilingan. Ularning fuqaroviy huquq va erkinliklari 
cheklangan, maxsus soliq olingan va majburiyatlari talab qilingan.
Zardushtiylik islom siquvida katta talafot ko‘rsa-da, yo‘qolib 
ketmagan. Zardushtiylikka sodiq dindorlar jamoalari yashash uchun 
noqulay joylar (dasht va cho‘llar)ga, boshqa mamlakatlarga ko‘chirilgan. 
Eronda hozir ham unga sig‘inadigan urug‘lar mavjud. Minglab 
zardushtiylar Hindistonga ko‘chib o‘tganlar. Hindistonlik zardushtiylar 
forslar deb atalgan. Vaqt o‘tishi bilan ular mahalliy aholi bilan qo‘shilib 
ketganlar. Faqat kohinlar diniy e’tiqodlariga sodiqlikni saqlab qolganlar. 
Xulosa sifatida aytish mumkinki, zardushtiylik nafaqat jamiyatda 
sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga, balki Sharq davlatlarida axloqiy 
qadriyatlarni keng yoyishga xizmat qilgan. Odamlarning ma’naviy 
qadriyatlarga amal qilib yashashlari, jannat va do‘zax, qiyomat, odamning 
qayta tirilishi va ilohiy davlatning yaratilishi singari g‘oyalari keyinchalik 
xristianlik va islom dini ta’limotlarining ishlab chiqilishida muhim manba 
vazifasini o‘tagan.

Yüklə 489,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   69




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin