Narsa va hodisalarning belgilari juda ko‘p. Ular predmetga bo‘lgan
ahamiyati nuqtai nazaridan muhim va nomuhim belgilarga bo‘linadi.
Narsa va hodisalarning ma’lum nisbatda olinganida tub
xususiyatlarini ifodalovchi belgi «muhim belgi» deb ataladi.
Predmetlarning mavjudlik mohiyatiga ta’sir
qilmaydigan
xususiyatlarini ifodalovchi belgi «nomuhim belgi» deb ataladi.
Belgilarni muhim va nomuhim belgilarga ajratish nisbiydir. Chunki
bu holat insonning faoliyati va tajribasiga bog‘liq hamda o‘zgaruvchandir.
Inson bilim doirasiga binoan o‘zgarib boradi. Muhim belgi nomuhimga,
nomuhimdan muhimga o‘tib boradi. Demak, tushunchada narsa va
hodisalarning birinchidan, eng umumiy va ikkinchidan, muhim belgilari
ifodalanar ekan.
Narsa va hodisalarning umumiy, muhim, o‘ziga xos belgilarini
insonning ongida yaxlit aks ettiruvchi tafakkur shakli
«tushuncha»
deyiladi.
Tushuncha haqida dastlabki tasavvurga ega bo‘lganimizdan so‘ng
uning
shakllanishi asoslarini, boshqacha aytganda, tushuncha
shakllanishining mantiqiy usullarini bilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tushunchaning shakllanishida
taqqoslash, analiz, sintez,
mavhumlashtirish va umumlashtirish kabi mantiqiy usullar muhim rol
o‘ynaydi.
Muayyan narsa haqida tushuncha hosil qilish uchun dastlab ushbu
predmetning boshqalar bilan o‘xshashligi yoki farqini aniqlash lozim.
Aynan shu vazifani bajaruvchi mantiqiy usul «taqqoslash» hisoblanadi.
Tushunchani hosil qilishda foydalaniladigan yana bir muhim mantiqiy
usul bu analiz va sintez. Tafakkurda analiz va sintez mavhum tushunchalar
yordamida amalga oshiriladi va bunday tushunchalarni vujudga keltirishda
asosiy usullardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bilishda u – taqqoslash,
mavhumlashtirish va umumiylashtirish usullari bilan bog‘lab qo‘llaniladi.
Mantiqiy analiz – tadqiq etuvchi obyektni tarkibiy qismlarga ajratib
o‘rganish. Ma’lumki, obyektiv voqelik nihoyatda murakkab bo‘lib, u aniq
narsa va hodisalardan tashkil topadi. Ular esa o‘z navbatida xilma-xil
xususiyat va sifatlarga ega. Bunday hodisa va narsalarni bilish va ular
to‘g‘risidagi bilimlarimizni chuqurlashtirish uchun bu murakkab narsalarni
tarkibiy qism, element hamda bo‘laklarga fikran ajratish, ya’ni analiz
qilish zarur.
Masalan, tergovchi jinoyatning mohiyatiga yetish uchun uni turli xil
versiya (taxmin)lar asosida tahlil qilib ko‘radi. Jinoyat joyini ko‘zdan
kechiradi, guvohlar bilan ishlaydi, har bir harakatni o‘z
fikrlarida qaytadan
48
tiklaydi. Bunda fikriy tahlil amaliy tahlil bilan bog‘liq bo‘ladi. Lekin
analiz fikrlash jarayonida alohida uchramaydi, u har doim sintez bilan
birgalikda, u bilan bog‘liq holda keladi.
Sintez – analiz yordamida butunning bo‘laklarga ajratilgan qismlari,
elementlarini yana fikran to‘plab, yaxlit holda o‘rganish. Bir obyektni
o‘rganish jarayonida uni avvalo bo‘laklarga ajratib, so‘ng bu bo‘laklarni
yana bir butunga to‘playmiz. Bunda sintez bevosita amaliy sintez bilan
bog‘liq holda amalga oshiriladi.
Masalan, tergovchi jinoyat sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan
kechirayotganda, dastlab turli xil dalillarni guruhlarga ajratadi (tahlil
qiladi), so‘ng bu ma’lumotlarni yig‘ib, sintez qiladi. Sintezlashtirish
jarayonida fikr yakkadan umumiyga, qismdan butunga, konkretdan
abstraktga boradi. Sintez analiz (tahlil)ga
asoslanadi va bilishda
tushunchalarning vujudga kelishini yakunlaydi.
Tushunchaning vujudga kelishi, umuman obyektiv reallikdagi narsa
va hodisalar hamda ularning xususiyatlarini tafakkurda aks ettirishning
eng muhim xususiyatlaridan biri bu abstraksiyalash, ya’ni
mavhumlashtirishdir.
Mavhumlashtirish – obyektiv reallikdagi narsa-hodisalarni ikkinchi
darajali, muhim bo‘lmagan alohida xususiyatlaridan uzoqlashib,
mavhumlashtirish yordamida ularning eng muhim, asosiy va umumiy
tomonlarini aniqlash. Olamni ilmiy o‘rganishda hodisalarning ichki
mohiyatini ochish va ular haqida to‘g‘ri ilmiy
xulosalar chiqarish uchun
mavhumlashtirishning ahamiyati juda katta. Mavhumlashtirish bu fikrlash
qobiliyatidir. O‘quvchini mavhumlashtirishga o‘rgatish uning ilm-fanni
egallash, konkret hodisalarning umumiy tomonlarini bila olishi uchun juda
muhim ahamiyatga ega. Ilmiy mavhumlashtirish predmetlarning konkret
belgilaridan uzoqlashgan holda ularni chuqurroq bilishga xizmat qiladi.
Ilm-fan ilmiy abstraksiyalarga asoslanadi.
Mavhumlashtirish usuli fikrni umumlashtirish bilan uzviy bog‘liqdir.
Umumlashtirish – narsa va hodisalarning o‘xshash hamda muhim belgi
yoki xususiyatlarining bog‘lanishlarini fikrda muayyan tushunchaga
birlashtirish jarayoni va uning natijasidir
. Umumlashtirish – ilmiy
bilishning muhim vositalaridan biri.
Fikr umumlashtirishda xususiylikdan umumiylikka,
turdan jinsga
qarab harakat qiladi hamda umumiylik narsa-hodisalarning muqarrar
o‘xshash va muhim belgilari sifatida olib qaraladi. Demak, tushunchalarni
hosil qilishda taqqoslash, analiz-sintez, mavhumlashtirish va
umumlashtirish mantiqiy usullari katta ahamiyatga ega ekan.
49