tushunchada ifodalanadi. Boshqacha aytganda,
muayyan narsalar guruhiga
tegishli bo‘lgan umumiy, muhim va takrorlanuvchi belgilar majmuini
ongimizda yaxlit holda aks ettirish mantiqda «tushuncha» deb ataladi.
Ushbu tahlilda biz, ikki mazmunni («o‘g‘rilik» va «aksioma»ni)
ulardagi umumiy va muhim belgilarning takrorlanishiga qarab
«tushuncha» deb ataluvchi tafakkur shakliga birlashtirdik. Mantiqiy
shaklda fikrlar o‘z aniq mazmunidan ajralgan holda muayyan ramziy
belgilar bilan ifodalanadi. Jumladan, tushunchada biz fikrda ifodalangan
muayyan bir narsani «X» bilan, unga xos belgilarni «a», «b», «s» bilan
belgilab, fikrning aniq mazmuniga bog‘liq bo‘lmagan mantiqiy shaklni
ifodalaymiz.
Demak, yuqorida keltirgan misollarda turli xil narsa va hodisalarning
tafakkurda
bir xil shaklda, ya’ni o‘zaro aloqador muhim belgilarning
muayyan tizimini ifodalovchi tushuncha shaklida namoyon bo‘lishini
ko‘ramiz.
Mantiq fikrning aniq mazmuni mavhumlashtirib, uning shaklini turli
ramziy belgilarda ifodalaydi. Endigi mulohazalarimizni «hukm» deb
ataluvchi mantiqiy shakl haqidagi fikrlar bilan davom ettirishga harakat
qilamiz. Masalan, mazmuni jihatidan ikki xil bo‘lgan quyidagi fikrlarni
tahlil qilib ko‘raylik: «Jinoyat ijtimoiy xavfli harakatdir» va
«Kriminalistika – huquqshunoslik fani». Mantiq bu o‘rinda mazkur
fikrlarda ifodalangan mazmunning turli xilligini emas, balki har ikkalasi
uchun ham umumiy bo‘lgan (ikki tushunchali fikrni mantiqiy bog‘lovchi
orqali birlashtiruvchi va «hukm» deb ataluvchi) shaklini o‘rganadi.
Mazkur misolda tafakkurning shakli sifatida hukm o‘rganilmoqda. Bu
yerda «jinoyat» va «kriminalistika» muhokama qilinayotgan fikrning
predmeti haqidagi tushuncha sifatida subyektni anglatuvchi «S» harfi
bilan, «xavfli harakat» va «huquqshunoslik fani»
esa predmetning belgisi
haqidagi tushunchalar sifatida predikatni bildiruvchi «P» harfi bilan,
mantiqiy bog‘lovchi esa «dir» qo‘shimchasi bilan ifodalanadi. Mazkur
hukmning umumiy sxemasi «S – P dir» ramziy belgisi orqali ifodalanadi.
Shunday qilib, hukm o‘zida tushunchalar aloqasining usulini tasdiq yoki
inkor shaklida ifodalaydi.
Endigi tahlilimizni mavjud tushunchalardan hukmlar tuzganimizdek,
bir yoki bir necha fikrlardan yangi fikr keltirib chiqaruvchi xulosaga
qaratsak. Bu yerda ham turli xil mazmundagi fikrlar uchun umumiy
bo‘lgan usulni ifodalovchi mantiqiy shakl borligiga yana bir bor amin
bo‘lamiz. Masalan, «Jinoyat ijtimoiy xavfli harakatdir» va «O‘g‘rilik
10
jinoyatdir» degan hukmdan «O‘g‘rilik ijtimoiy xavfli harakatdir» degan
yangi hukmni keltirib chiqarish mumkin.
Bu yerda asoslar «jinoyat» degan tushuncha orqali bog‘lanadi. Aynan
shunday mantiqiy usul bilan boshqa mazmundagi fikrlardan ham yangi
fikr keltirib chiqarish mumkin. Masalan, «Har bir jinoyat o‘z
ijtimoiy
xavflilik darajasiga ega» va «Qotillik jinoyatdir» degan hukmlardan
«qotillik o‘z ijtimoiy xavflilik darajasiga ega» degan yangi hukmni keltirib
chiqarishimiz mumkin. Har ikkala misolda ham hukmlar va ulardan
keltirib chiqarilgan yangi fikrlar mazmun jihatidan bir-biridan farq qiladi.
Lekin ularni umumlashtirib turuvchi jihati shuki, har ikkala misolda ham
mavjud hukmlardan yangi hukmlarni keltirib chiqarishda xulosa
chiqarishning «deduktiv» deb nomlanuvchi usulidan foydalanilgan.
Demak, fikrlar faqat aniq mazmungagina ega bo‘lmasdan, balki unga
bog‘liq bo‘lmagan jihatlarga, ya’ni fikr elementlarini bog‘lovchi
tushuncha, hukm va xulosa kabi umumiy usullarda ifodalanuvchi mantiqiy
shakllarga ham ega bo‘ladi .
Shunday qilib, mantiqiy shakl
yoki tafakkur shakli fikr
elementlarining bog‘lanish usuli yoki ularning tuzilishidir.
Yuqorida fikrning aniq mazmuni va undan ajratilgan mantiqiy
shakllar haqida so‘z yuritdik, lekin tafakkurning real jarayonida fikrning
mazmuni va shakli bir butunlikda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, fikrning
chinligi mazmuniga tegishli bo‘lsa, to‘g‘riligi uning mantiqiy tuzilishi va
shakliga bog‘liqdir. Aytilgan fikr voqelikka mos kelsa – chin, aksi bo‘lsa –
yolg‘on bo‘ladi. Fikrlarning chinligi muhokama davomida to‘g‘ri
natijalarga erishishning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. To‘g‘ri
muhokama yuritishning boshqa bir sharti sifatida fikrlarning mantiqan
to‘g‘ri tuzilganligini ham ko‘rsatish mumkin. Chunki chin fikrlardan ham
mantiqan noto‘g‘ri xulosalar keltirib chiqarish mumkin. Masalan, «Ba’zi
huquqshunoslar prokurordirlar» va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi Qonunchilik palatasining deputati F. Komilov huquqshunosdir»,
degan chin fikrlardan «Demak, F. Komilov prokurordir», degan yolg‘on
xulosa kelib chiqishi mumkin. Chunki mazkur misolda xulosani keltirib
chiqargan asoslar o‘rtasida zaruriy aloqa yo‘q. Asoslarda
keltirilgan fikrlar
chin bo‘lishiga qaramasdan, xulosa chiqarishda tafakkur qonunlariga rioya
qilinmaganligi sababli, mantiqiy xatolik vujudga keladi. Demak, to‘g‘ri
muhokama yuritish uchun nafaqat fikrlarning chinligi, balki mantiqan
to‘g‘ri tuzilganligi ham katta ahamiyatga ega ekan. Aynan shu vazifani,
ya’ni fikrlarning mazmunan chinligi va mantiqan to‘g‘riligiga amal
qilishni tafakkurning «ayniyat», «nozidlik», «uchinchisi istisno» va
11
«yetarlicha asos» qonunlari bajaradi. Mazkur mantiqiy qonunlarni keyingi
mavzularda batafsil ko‘rib chiqamiz. Hozir esa tafakkur qonunlari fikrlar
o‘rtasidagi ichki, zaruriy va muhim aloqadorliklarni ifodalovchi muayyan
qoida va prinsiplar majmui bo‘lib, ularga amal qilish to‘g‘ri fikrlashning
muhim sharti ekanligini tushunish bilan kifoyalanamiz,
maqsadga muvofiq
bo‘ladi.
Shunday qilib, tafakkurning shakl va qonunlarida fikrlarning aniq
mazmuni va ularda mavhumlashtirilgan tushuncha, hukm va xulosa kabi
(fikr elementlari sifatida) mantiqiy shakllarning borligi hamda to‘g‘ri
xulosa chiqarish uchun albatta tafakkurning muayyan qonun va
qoidalariga amal qilish lozimligi haqida bilimga ega bo‘ldik.
Dostları ilə paylaş: