2. Savol va uning mantiqiy tarkibi Muammoni hal etishda to‘g‘ri qo‘yilgan savol muammoning
yarmidan ko‘proq yechimini tashkil etadi. Savol muammoning ifodalanish
shakli bo‘lib, u mavjud masala haqida axborot olish va har bir
tadqiqotchining shaxsiy fikrini aniqlash maqsadida qo‘llaniladi.
Har bir savolning kelib chiqishi va qo‘yilishiga mavjud bilimlarning
yetarli emasligi, qo‘shimcha bilim va axborotlarga bo‘lgan ehtiyoj asos
bo‘ladi.
Savol – bilim yoki asosli axborot yetarli bo‘lmaganida, javob tarzida
qo‘shimcha yangi axborot olishning mantiqiy shakli. Savollar bir necha
turga bo‘linadi:
1. Aniqlovchi savollar. Barcha savollarda «mi» – aniqlovchi
qo‘shimchasi mavjud. Masalan, «Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi o‘z
Konstitutsiyasiga egami?»
«Toshkent shahrida haqiqatdan ham 3 million aholi bormi?»
«IIV Akademiyasida mantiq fani o‘qitiladimi?»
Aniqlovchi savollar oddiy yoki murakkab bo‘lishi mumkin. Oddiy
savollar esa o‘z navbatida shartli va shartsiz turlarga bo‘linadi. Masalan,
«Haqiqatdan ham koinotga birinchi bo‘lib YU. Gagarin uchganmi?» –
oddiy shartsiz savol yoki «Agar tinglovchi a’lo baholarga o‘qisa, yuqori
unvon bilan taqdirlanadimi?» oddiy shartli savol shaklida.
Murakkab savollar murakkab hukmlar singari konyunktiv
(birlashtiruvchi) va dizyunktiv ayiruvchi hamda aralash (birlashtiruvchi-
ayiruvchi) savollarga ham bo‘linadi. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasida so‘z va vijdon erkinligi singari demokratik tamoyillar
mavjudmi?» yoki «Jinoyat ehtiyotsizlikdan yoki qasddan sodir
etilganmi?» va h. k.
2. To‘ldiruvchi savollar. To‘ldiruvchi savollarning tarkibi «qachon?»,
«qayerda?», «qanday?», «nega?», «nima?», «qaysi?» kabi so‘roq
olmoshlaridan iborat bo‘ladi. To‘ldiruvchi savollar ham o‘z navbatida
oddiy va murakkab turlarga bo‘linadi.
Oddiy to‘ldiruvchi savollar bir buyum yoki hodisaga oid axborotni
olish uchun beriladi. Masalan, «O‘zbekiston shaxsiy hamkorlik
tashkilotiga qachon a’zo bo‘ldi?» va h. k.
Murakkab to‘ldiruvchi savollar bir necha oddiy to‘ldiruvchi
savollardan iborat bo‘ladi. Masalan, «Kim, qachon va qayerda birinchi
bo‘lib koinotga parvoz qildi?» va h. k.