74-modda. “Siyosiy partiyalar turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatining moliyalashtirilishi manbalari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar taqdim etadilar”.
Siyosiy partiyalarga a’zolik yakka tartibda qayd etilib, quyidagilar siyosiy partiyalarga a’zo bo‘la olmaydilar: sudyalar, prokurorlar va prokuratura tergovchilari, ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, harbiy xizmatchilar, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra , davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o‘z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining siyosiy partiyalar ichki ishlariga aralashishlari yohud, agar faoliyat qonunga hamda o‘z ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ular faoliyatiga u yoki bu tarzda to‘sqinlik qilishlari man etiladi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalarni saylovda boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan o‘zgacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar siyosiy partiya tomonidan:
tashviqot olib borishga;
nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi kerak.
Agar Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari bo‘yicha siyosiy partiya fraksiya tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o‘rinlarini ololmagan bo‘lsa, siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari mazkur partiyaning boshqa manbalardan olgan mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga qaytarilishi kerak.