154-modda. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.
Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunda uning normalarini, shuningdek Konstitutsiyaning normalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin” 1.
Konstitutsiyaning mazkur moddasi 2023 yil 30 aprelda o‘tkazilgan referedumga muvofiq qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya”si asosida o‘zgartirildi2. Agar uning eski va yangi tahririga murojaat qiladigan bo‘lsak, unda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi jami deputatlarining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan kiritilishi belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning ushbu yangi normasi, birinchidan, unga o‘zgartirish kiritish tartibining murakkabligini bildirsa, ikkinchidan, bunga mas’ul bo‘lgan oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senat a’zolaridan ulkan mas’uliyat talab etadi. Chunki, mazkur tartib oddiy qonunlarni qabul qilish jarayonidan farq qiladi hamda bu borada ikkala palataning mustahkam hamkorligini yo‘lga qo‘yishda zarur huquqiy sharoit yaratadi.
Shuni ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qilinib, keyin Senatga ma’qullash uchun yuboriladi. Senat ushbu qonunni ko‘rib chiqib, uni ma’qullash to‘g‘risidagi qarorni o‘z a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qiladi.
Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish murakkab jarayon bo‘lib, mazkur jarayonni tartibga solish qo‘shimcha qonunlarga murojaat etishni taqozo etadi. Masalan, Konstitutsiyaga referendum yo‘li bilan o‘zgartirish kiritishlik uchun “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqish lozim54. Bu qonunga ko‘ra, referendumga qo‘yiladigan masala davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalaridan sanalishi bilan bir qatorda ayrim masalalarga daxldor bo‘lmasligi lozim. Ya’ni qonunning 2-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va soliqlar, amnistiya va avf etish, jamoat tartibini, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish, mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish masalalari referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Demak, yuqoridagilar referendum predmeti bo‘lmagani kabi, Konstitutsiyadagi bunga taalluqli masalalarga referendum yo‘li bilan o‘zgartirish kiritish ham mumkin bo‘lmaydi.
Referendum o‘tkazilgach, qabul qilingan qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinib, respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘ladi va davlat hokimiyati organlarining hujjatlari bilan biron-bir tarzda tasdiqlashni talab qilmaydi. Mabodo, referendumda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim normalariga o‘zgartirish kiritishni taqozo etuvchi qaror qabul qilinsa, Konstitutsiyaning muayyan normalari referendum qaroriga muvofiqlashtiriladi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish faqatgina qaror asosida emas, shuningdek, qonun qabul qilish yo‘li bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Demak, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishning ikki usuli mavjud: qaror hamda qonun qabul qilish yo‘li orqali amalga oshiriladi. Qaror faqatgina referendum o‘tkazishni talab etsa, qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilinishi lozim.
Shuningdek, belgilab qo‘yilganki Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas aloxida keltirilgan. Ya’ni mavjud Konstitutsiyaning 1-moddasiga “O‘zbekiston - boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deb belgilangan. Shu moddaning ikkinchi bandiga asosan “Davlatning "O‘zbekiston Respublikasi" va "O‘zbekiston" degan nomlari bir ma’noni anglatadi” qisimlari qayta ko‘rib chiqilmaydi. Agar Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritilgan taqdirda ham deb tushunishimiz mumkin. Lekin, ushbu moddaning 3-qismida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunda uning normalarini, shuningdek Konstitutsiyaning normalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin” deya ta’kidlangan.
Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishning u yoki bu tartibi, eng avvalo, xalq manfaatidan kelib chiqadi hamda unga xizmat qilishga qaratilgan. Referendum mazkur irodani ifoda etishning bevosita shakli bo‘lsa, xalq vakillari – Senatorlar hamda deputatlar orqali u bilvosita amalga oshiriladi.