02 11 2023 Jabborova Dissertatsiya qayta ko\'rilgan
II BOB. QASHQADARYO HAVZASI TABIIY GEOGRAFIK TAVSIFI, TADQIQOT MATERIALLARI VA METODLARI 2.1-§. Qashqadaryo havzasining tabiiy geografik tavsifi Qashqadaryo daryosi O‘zbekistonning janubida, Qashqadaryo vodiysida joylashgan. Qashqadaryoning shimoliy chegarasi Zirabuloq va Ziyovuddin tog‘lari orqali, g‘arbiy chegarasi Jarqoq, Muborak va Dengizko‘l balandliklari orqali o‘tadi. Janubi va janubi – g‘arbida Sandiqli qum o‘lkani Turkmanistondan ajratib turadi. Qashqadaryo o‘lkasining sharqidagi Hisor tog‘lari, janubi- sharqida Boysun tog‘lari o‘lkani Surxondaryodan ajratib turadi. O‘lka g‘arbidan sharqqa 300 km ga yaqin, shimoldan janubiga 200 km atrofida cho‘zilgan. Qashqadaryo vohasining shimoli-sharqida Zarafshon tizmasining g‘arbiy davomi hisoblangan Chaqilkalon, Qoratepa, Ziraloq va Ziyovuddin tog‘lari joylashgan. Bu tog‘larning eng baland yerlari 2500 metrga etadi. Chaqilkalon tog‘i asosan kenglik bo‘ylab tuzilgan va eng baland Zebon cho‘qqisi 2336 metr. Chaqilkalon tog‘i Taxtaqoracha (1630) dovonida tugaydi, so‘ngra g‘arbga qarab Qoratepa tog‘i davom etadi. Qoratepa tog‘ining eng baland cho‘qqisi 2195 metrga etadi [20; B.73-74.].
Qashqadaryo tabiiy-geografik o‘lkasida yog‘in nam havo massasining yo‘nalishiga va yer yuzasiga bog‘liq holda hudud hamda yil fasllari bo‘yicha bir tekis taqsimlangan emas. Eng kam yog‘in o‘lkaning g‘arbiy qismiga to‘g‘ri keladi, shimoli-sharqqa tomon yog‘in miqdori ortib boradi. O‘lkaning g‘arbiy qismida yillik o‘rtacha yog‘in 131-155 mm bo‘lsa, shimoli-sharqiy qismlariga 368-545 mm yog‘in tushadi. Tog‘larning janubi-g‘arbiy yonbag‘irlariga esa yiliga 700-800 mm gacha yog‘in tushishi mumkin. Qashqadaryo tabiiy-geografik o‘lkasida yer usti suvlari ichida eng muhimi daryolardir. O‘lkaning asosiy daryosi Qashqadaryo bo‘lib uzunligi o‘rtacha 332 km ni tashkil etadi.
Qashqadaryoning Oqsuv, Tanxoz, Yakkabog‘, G‘uzordaryo kabi katta irmoqlari uni suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Qashqadaryoning o‘ng tomonidan yirik irmoqlari yo‘q. Lekin bir necha soylar Qoratepa tog‘ining janubiy yonbag‘ridan boshlanadi. Ularning eng muhimlari Sho‘robsoy, Makridsoy, Oyoqchisoy. Bu soylar ba’zi yillari sel kelgandagina Qashqadaryoga qo‘shilishi mumkin, ularning suvi sug‘orishga sarflanadi [30; B.41-44. 64; B.52-53; 75; B.103-106.].
Qashqadaryo qor-muzlarining erishidan to‘yinganligi sababli eng ko‘p suv sarfi dekabr-yanvar oylariga to‘g‘ri keladi. Mart-iyunda yillik oqimining 64% ini o‘tkazadi. Qashqadaryo tabiiy-geografik o‘lkasida tuproq qoplami uning tabiiy unsurlari bilan uzviy bog‘liq holda hamda insonning ta’siri natijasida bir xil tarqalgan emas. O‘lkaning g‘arbiy tekislik qismida qurg‘oqchilik moslashgan cho‘llarga xos o‘simliklar uchraydi. O‘lkaning janubi-g‘arbidagi Sandiqli qumligida qurg‘oqchilik va qumga moslashgan o‘simliklar - juzg‘un, iloq, selin, kovrak, qizil qandim, yetmak, bulduruq o‘ti va saksovul o‘sadi. Mustahkamlangan qumlarda shuvoq va efemerlar ko‘proq o‘sib yotadi [20; B.73-74; 28; B.108-110.].
Qashqadaryo tabiiy-geografik o‘lkasi hududida joylashgan Hisor qo‘riqxonasi sobiq Qizilsuv va Miroqi qo‘riqxonalari zaminida tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonaning maydoni 78 ming ga bo‘lib, archazorlar va u yerda uchrovchi oq tirnoqli Hisor ayig‘i, qor barsi, tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, kaklik, Turkiston silovsini, alqor, kiyik kabilar muhofaza qilinadi [168; B.12-29. 48; B.41-44; 57; B.177-178.].
Qamashi suv ombori - Qashqadaryo viloyatida 1957 yilda qurilgan. Suv omboriga Yakkabog‘ daryosidan suv oluvchi Qorabog‘ kanali o‘z suvini qo‘yadi. Qorabog‘ kanalining uzunligi 6 km. bo‘lib, suv sarfi 4 m3/ sek. Suv ombori kanal suvlari bilan aprel-iyul oylarida to‘ldiriladi. Suv ombori Qamashi tumanida 5000 ga ekinzorni sug‘orish imkonini beradi. No‘g‘ayli suv ombori - Qashqadaryo havzasida joylashgan bo‘lib, maydoni 0.587 km2 ni va hajmi 0,50 million m2 ni tashkil etadi. Chimqo’rg’on suv ombori - Viloyatning Qarshi va Chiroqchi tumanlari hududida qurilgan maydoni 49,1 km2 uzunligi 17,6 km, kengligi 7,5 km, suv sig‘imi 500 mln m3 ni tashkil etadi. Pachkamar suv ombori - G‘uzor daryosi sohilida barpo etilgan. Suv omborini Kattao‘ra va Kichiko‘ra daryolari suvi bilan to‘ldiriladi. Omborning umumiy uzunligi o‘rta hisobda 3,8 km, kengligi 1,9 km. Suv yuzasi maydoni 13,7 km2. Hisorak suv ombori - Qashqadaryo viloyatidagi Qashqadaryoning irmog‘i bo‘lgan Oqsuv daryosi o‘zanida barpo etilgan. Dehqonobod suv ombori – Uradaryo daryosidan suv oladi. Suv ombori 1981 yil tashkil etilgan bo‘lib, hajmi 27,2 mln.m3, to‘g‘on maksimal balandligi 37,4 m, maksimal suv chiqarish imkoniyati 12,2 m3/sek. Yangiqo’rg’on suv ombori – Qashqadaryo suv havzasidagi Yakkabog‘daryo sohilida Yangiqo’rg’on suv ombori barpo etilgan. Maydoni 1,5 km2 ni tashkil etadi. Yillik suv hajmi 1,62 mln.m3 ni tashkil etadi. Daryolar, suv omborlari suv ekotizimlaridagi ikki pallali mollyuskalar biologik xilma-xilligini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.