Sezgi turlari Psixologiya fanida uchta katta guruhga ajratilgan sezgilar (ekstroreseptiv,
proprioreseptiv, introreseptiv) oʻz navbatida quyidagi turlarga ajratiladi:
Koʻrish sezgilari Insonlar tomonidan rang va yoruqlikni sezish koʻrish sezgilari orqali amalga oshadi va seziladigan ranglar xromatik va axromatik turlarga boʻlinadi. Psixofiziologik qonunga koʻra yoruqlik nurlari uchburchak shisha prizma orqali oʻtib singanda hosil boʻladigan rang xromatik ranglar deb atalib, ularga kamalak ranglar, ya’ni qizil, zargʻaldoq, sariq, yashil, havo rang, koʻk, binafsha tuslarini qamrab oladi. Odatda oq rang, qora rang, kulrang va ularning turlicha koʻrinishlari axromatik ranglar deb nomlanadi.
Koʻrish sezgilarining organi koʻz hisoblanib, u koʻz soqqasi undan chiqib keladigan koʻruv nervlaridan tashkil topgan boʻlib, koʻz soqqasini tashqi tomirlari va toʻr pardalari oʻrab turadi. Tashqi pardaning tiniq boʻlmagan oq qismi sklera yoki qotgan qattiq parda deb nomlanadi. Uning old tomoniga joylashgan bir muncha qavariq qismi tiniq mugus parda boʻlib, uning oldingi qismi rangdor parda deb ataladi. Mazkur pardaning rangiga binoan uning tovlanishiga qarab, odamlarda koʻz koʻk, qora kabi jilva beradi. Rangdor pardaning oʻrta qismida yumaloq tiniq modda boʻlib, uni qorachiq deb ataymiz va u orqali koʻz ichiga yoruqlik nurlari kiradi.
Koʻzlarning uchinchi pardasi toʻr parda deb nomlanib, u koʻz soqqasining deyarli butun ichki yuzasini qoplaydi. qorachiq bilan rangdor pardaning orqasida ikki tomoni qavariq, tiniq jism koʻz gavqari joylashgan boʻladi. Yoruqlik nurlari unda toʻplanib, soʻng sinadi va toʻr pardaga narsa yoki jismning aksi, surati tushadi.
Koʻz soqqasining gavqari bilan toʻr parda oʻrtasidagi butun ichki yuzasi shishasimon jism deb nomlanuvchi maxsus tiniq suyuqlik bilan qoplangan boʻladi. Toʻr parda rang va yoruqlikni sezish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, unda koʻruv nervining tarmoqlari joylashgandir. Ushbu tarmoqlarning chekkadagi uchlarida tayoqcha va kolbachalar deb ataladigan maxsus nerv xujayralari mavjuddir. Inson koʻzini toʻr pardasida 130 millionga yaqin tayoqchalar va kolbachalar deb ataladigan maxsus nerv hujayralari mavjuddir. Inson koʻzining toʻr pardasida 130 millionga yaqin tayoqcha va 7 millionga yaqin kolbacha bor deb taxmin qilinadi. Kolbachalar yordami bilan xromatik, ya’ni kunduzgi ranglar koʻriladi.
Tayoqchalar yoruqlikni yaxshi sezuvchan boʻlib, xira va qorongʻu paytlarda oʻz funksiyasini bajaradi, axromatik ranglarni aks ettiradi.
Toʻr pardaning eng sezgir joyi - sariq dogʻning asosan, kolbachalar bilan markaziy chuqurchasi hisoblanib, unga qaysi narsaning aksi tushsa, xuddi shuni hammadan ravshanroq koʻramiz. Obektga tik qarash natijasida koʻz muskullari unga qaratiladi va aks ettiruvchining sur’ati sariq dogʻga tushadi. Bunday tarzdagi koʻrish toʻgʻri koʻrish deyiladi.
Odam koʻzi ranglarning taxminan, 380 millimikrondan 780 millimikrongacha uzunlikdagi toʻlqinlarning ta’sirini sezadi.Uch rangli sezgi nazariyasining asosiy qoidalari 1756 yilda M.V.Lomonosov tomonidan bayon qilingan boʻlsa, 1856 yildan keyin nemis fizigi G.Gelmgols tomonidan uni toʻla isbotlab berilgan.
Ushbu nazariyaga binoan toʻr pardaning kolbachalarida uchta asosiy element mavjuddir, ulardan birining qoʻzgʻalishi qizil rang sezgisini, ikkinchi qoʻzgʻalishi yashil rang sezgisi va uchinchi qoʻzgʻalishi binafsha rang sezgisini hosil qiladi. Nazariyaga koʻra yoruqlik toʻlqinlari birdaniga uchta elementni bir xilda qoʻzgʻatsa, oq rang sezgisi vujudga keladi. Lekin yorugʻlik toʻlqinlari ikki yoki uch elementga ta’sir qilsa-yu, ammo bu bir tekis kechmasa, u holda sezuvchi elementlardan har birining qanchalik qoʻzgʻaluvchanligiga qarab, har xil rang sezgilari namoyon boʻladi.
Hozirgi zamon psixologiyasida ranglarni sezish yolgʻiz toʻr pardasidagi jarayonlar bilangina emas, balki miya poʻstida yuzaga keladigan boshqa jarayonlar bilan ham bogʻliq ekanligi toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjuddir. Zamonaviy ma’lumotlarga binoan tayoqchalarda koʻrish purpuri degan maxsus modda borligi isbotlangan. Koʻzga yoruqlik ta’siri etganda koʻrish purpuri kimyoviy yoʻl bilan parchalanib, tarkibiy qismlarga boʻlinadi va mazkur jarayon koʻrish nervini qoʻzgʻatib, yorugʻlik sezgisini hosil qiladi va qorongʻulikda esa purpur funksional holatini qayta tiklaydi.