2. Sovuq sterillash
7.2.1. Issiq sterillash usullari
Haroratni maksimumdan oshirish mikroorganizmlarga kuchli ta'sir qiladi, ko`pgina sterillash usullari yuqori haroratga asoslangan. Yuqori haroratga turli mikroblarning chidamliligi har xildir. Issiq yoki termik sterillashda buni esdan chiqarmaslik zarur. Termik sterillashning bir qancha turi ma'lum:
a) Flambirlash - olovda qizdirish. Bunda yonish xususiyatiga ega bo`lgan hamma narsa, shu bilan birga mikroorganizmlar, gorelka yoki spirtovka olovida yonib ketadi. Mikrobiologiyada har bir laboratoriya ishida preparat tayyorlashda ishlatiladigan bakteriologik ilmoq olovda laqqa cho`g` bo`lguncha kuydiriladi. Metall asboblar, ninalar, buyum oynalari va kolba, probirka uchlari ham qizdiriladi. Paxta dokali probkalar olovda sterillanadi.
b) Quruq issiq - ta'sirida sterillash maxsus sterillagichlarda yoki quritish shkaflarida amalga oshiriladi. Quritish shkaflari to`g`riburchakli yoki dumaloq shaklda bo`ladi va yonmaydigan materiallardan - metall va asbestdan qilinadi. Shkafning ichida tokchalar bo`lib: unga sterillanayotgan material qo`yiladi, tepa qismidagi oraliqqa shkafning ichidagi haroratni o`lchaydigan termometr joylashtiriladi. Termometrning simobli sharsimon qismi shkafning ichida bo`lishi va shkafga tegmasligi lozim. Quritish shkafida sterillash paytida harorat nazoratda bo`lishi lozim, chunki u pasayib ketsa, sterillash amalga oshmaydi. Harorat 175˚ dan oshganda qog`oz probkalar qorayadi va maydalanadi. Quritish shkafining sterillash rejimi 165-1750 da material ikki soat davomida tutib turiladi. Sterillash tugaganda, shkaf ichidagi harorat 70-1000 gacha pasayganda shkaf ochiladi, aks holda ichki va tashqi haroratning farqi shishalarning darz ketishiga sabab bo`ladi. Quruq issiq yordamida shisha idishlar, asboblar, qog`oz, paxta va boshqa issiqqa bardoshli materiallar sterilanadi. Bu usul oziqli muhitlarni sterillash uchun yaroqsiz, chunki ular yuqori harorat ta'sirida buziladi. Ularni sterillash asosan me'yoridagi yoki yuqori bosimli qaynab turgan suv bug`ida amalga oshiriladi.
v) Qaynatish - ayrim buyumlar (metall asboblar, filtrli membranalar) ba'zan distillangan suvda uzoq qaynatish davomida sterillanadi. Mikrobiologik amaliyotda bu usul kam ishlatiladi, chunki uzoq qaynatib olinadigan materialga putur etkazishi mumkin, kam vaqtda esa material to`liq sterillanmaydi, chunki ayrim mikroorganizmlarning sporalari qaynatishdan keyin ham bir necha soat yashaydi.
g) O`tuvchi bug`lanish - bu usulda sterillash me'yoridagi bosimda Kox apparatida amalga oshiriladi. Kox apparati-metall silindr bo`lib, issiqni saqlovchi tashqi qobiqqa ega. Silindrning ichiga, taglik ustiga g`alvirsimon chelak qo`yiladi, uning tagida suv qaynaydi. Chelakka sterillanadigan material qo`yiladi, tsilindr teshikli qopqoq bilan yopiladi, bu teshikdan qaynatish davomida bug` chiqadi. Kox apparati isitgich ustiga qo`yiladi (gaz gorelkasi, elektr plita va boshqalar). Qopqoq teshigidan bug` chiqa boshlaganda sterillash vaqti belgilanadi. Bu usulda maxsus tartibga amal qilinadi- 3 kun davomida 30 minutdan. Birinchi kunda bug` harorati 1000S etganda issiqqa sezgir bo`lgan yoki vegetativ hujayralar nobud bo`ladi, sporalar saqlanadi. 24 soatda (bir sutkada) sporalar o`sib vegetativ hujayralarga aylanadi va ertasi kuni sterillash paytida nobud bo`ladilar. Sterillash to`liq bo`lishi uchun uchinchi marta takrorlanadi. Ayrim oziqli muhitlar bug` yordamida sterillanadi, chunki ular yuqori haroratga chidamsiz bo`ladilar.
d) Pasterizatsiya - qisman sterillash yoki to`liq bo`lmagan sterillash bo`lib, uni birinchi bo`lib Paster tavsiya qilgan. Bu usul sporasiz mikroorganizmlar va sporali vegetativ hujayralarni o`ldirishga asoslangan. Pasterizatsiya yuqori bo`lmagan haroratda amalga oshiriladi.
Sterillash rejimi quyidagicha:
60-750S da – 15 - 30 minut;
800S da - 10 minut;
900S gacha qizdirib, shu zahotiyoq sovutiladi.
Bu usuldan oziq-ovqat sanoatida keng foydalaniladi. Bu usul qaynatilganda ta'mini va oziqli sifatlarini yo`qotuvchi oziq-ovqat turlari, ya'ni sut, meva sharbatlari, vino, pivo uchun ma'quldir.
e) Avtoklavda bosim ostida to`yingan bug` yordamida sterillash (avtoklavlash). Bu usuldan keng foydalaniladi, hususan tibbiyot va mikrobiologiya amaliyotida keng qo`llaniladi. Avtoklavlash asosan materiallarni termik kamerada, atmofera bosimi yuqori bo`lgan to`yingan bug` yordamida qizdirishga asoslangan. Avtoklav 3 silindrdan iborat qalin devorli qozon bo`lib, yuqori bosimga chidaydi. Tashqi silindr - qobig`i temirdan ishlangan bo`lib, bug` qozonini har hil zararlardan va avtoklav oldida ishlovchilarni kuyishdan himoyalaydi. Avtoklavning oyoqchalari uni poldan yuqoriga ko`tarib turadi. Avtoklavning eng asosiy qismi - bug` kamerasidir. U yuqori bosimga dosh beradi. Bug` kamerasi ichida sterillash kamerasi o`rnatilgan bo`lib, uning ichiga sterillanadigan material joylashtiriladi. Sterillash kamerasining ustidagi teshik orqali maxsus jo`mrak yordamida bug` kamerasiga bug` o`tadi. Avtoklavning pastki qismida ham jo`mrak bo`lib, u sterillash kamerasini tashqi muhit bilan birlashtirib turadi. Avtoklav germetik holatga kelishi uchun qopqoq yaxshilab yopiladi, metall vintlar buraladi.
Sterillash oldidan avtoklavga voronka yordamida distillangan suv quyiladi. Avtomat avtoklavlar asosan 2 ta manometrga ega bo`lib, ulardan biri suv - bug` kamerasi, boshqasi - sterillash kamerasiga bog`liqdir. Sterillash kamerasiga sterillanadigan material joylashtiriladi, bunda bug` kameraning hamma qismlarga erkin o`tishi lozim. Avtoklav qopqog`i yopiladi va jo`mrak ochiladi, bu sterillash kamerasini tashqi havo bilan bog`lab turadigan jo`mrakdir. Suv bug` kamerasidan sterillash kamerasiga bug`ni o`tkazib turuvchi jo`mrak yopiqdir. Avtoklav elektr tokka ulanadi. Suv bug` kamerasida qaynaydi, bug` hosil bo`ladi, bosim oshadi. Suv- bug` kamerasidagi bosim ma'lum chegaraga (bir atmosferaga) etganda, jo`mrak ochiladi va bug` sterillash kamerasiga o`tadi. Avtoklavning pastki qismidagi ochiq jo`mrak orqali chiqqan bug` sterillash kamerasidagi havoni siqib chiqarishi lozim. Avtoklavdan havoning siqib chiqarilishining kerakligi shundaki: bug` bilan havo aralashmasiga qaraganda to`yingan bug` bakteriyalarga kuchli ta'sir qiladi va bir xil bosimda bug` va havo aralashmasining harorati bug` haroratidan past bo`ladi. Sterillash kamerasida bosim yetarli miqdorga yetganda, sterillashning boshlanish vaqti belgilanadi va 35-40 minut sterillanadi. Bosim avtomatik ravishda bir miqdorda ushlanadi. Bosim ortishi bilan avtoklav ichidagi qaynab turgan suv bug`ining harorati ham oshadi:
bosim 0,5 atm. - temperatura 1120S;
-"- 1,0 atm. - -"- 1210S;
-"- 2,0 atm. - -"- 1320S;
Bosim 0,5 atm. bo`lganda qand tutuvchi oziqli muhitlar, sharbatlar, sutlar sterillanadi. Oziqli muhitlar, idishlar va boshqa materiallar bosim 1 atm. bo`lganda sterillanadi. Tuproq bosim 2 atm. bo`lganda sterillanadi. Sterillash tugagandan keyin suv - bug` kamerasini sterillash kamerasi bilan bog`lab turgan jo`mrak yopiladi va sterillash kamerasini tashqi havo bilan tutashtiruvchi jo`mrak ehtiyotkorlik bilan ochiladi. Jo`mrakning tez ochilishi bosimning pasayishiga olib keladi, natijada suyuqlik qaynaydi, kolbalardan oziqli muhit tiqinni otib yuborishiga va sterillashning buzilishiga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |