Filtrli sterillash mikrobiologiya amaliyotida keng qo`llaniladi. Asosan, substratlar qizdirishga chiday olmaganda: termolabil oqsillar, vitamin, shakar va ayrim antibiotiklarni tutuvchi oziqli muhitlar, uchuvchi moddalar, masalan: uglevodorodlar va boshqalarga ishlatiladi. Filtrlashda kultural suyuqliklar mikrooganizmlarning hujayralaridan tozalanadi, bunda modda almashinuv mahsulotlari o`zgarmagan holda saqlanadi. Suyuqliklarni filtrlashda ular maxsus mayda teshikli filtrlardan o`tkaziladi. Mikrob hujayralari mexanik ravishda filtrda tutib qolinadi, yana mikroorganizmlar adsorbtsiya bo`ladi, chunki ko`pchilik suvli suspenziyali mikroorganizmlarda elektr zaryadi bo`ladi. Filtr va idishlar oldindan sterillanadi. Filtrlash bakterial filtr orqali bo`ladi va nasos yordamida o`tkaziladi. Bakterial filtrlar har xil materiallardan tayyorlanadi. Ular teshiklarning shakli va diametri bilan farqlanadi. Ayrim paytlarda filtrlarni har xil nomerlar bilan belgilab ishlab chiqiladi.
Zeytts filtrlari - ular qalin disklar bo`lib, asbest va selluloza aralashmasidan ishlab chiqiladi. Filtr zanglamaydigan maxsus tutqichga solinadi, u Bunzen kolbasi bilan bog`lanadi.
Shamberlan shamlari - ma'lum teshikli farfor filtrlar, sham shaklida bo`lib, bir uchida teshik bor. Filtrlash paytida suyuqlik Bunzen kolbasida yig`iladi. Bunzen kolbasiga shamlar rezina tiqin yordamida o`rnatiladi. Dag`al chinni filtrlar ishlatishdan oldin tekshiriladi, hamma mikroorganizmlar yoki ma'lum o`lchamdagi mikroorganizmlarni ushlab qoladigan ma'lum teshiklilari olinadi.
Shishadan qilingan filtrlar. Sterillashda foydalaniladigan shishali filtrlar qo`sh qavat disklar ko`rinishida bo`lib, "Pireks" shisha parchalaridan eritib yasaladi. Pastki qismi teshikli bo`lib, teshiklar 15-40 mkmdir. Uning tepasida bakteriya o`tkazmaydigan yuqori qavat joylashgan. U kichik teshikli plastinkadan iborat bo`lib, teshiklarga ko`ra 3 turga bo`linadi.
Membranali filtrlar diametri 35mm, qalinligi 0,1 mm bo`lgan disklar bo`lib, ular nitroselluloza asosida ishlab chiqilgan. Teshiklarning o`lchamiga ko`ra ular 1-5 raqamli bo`ladi. Membranali filtrlarning teshiklari kichik bo`lganligi uchun mikroorganizmlarni tutib qoladi. Bunda adsorbsiya unchalik ahamiyatga ega emas.
2) Ultrabinafsha nurlar. Ayrim paytlarda sterillash ultrabinafsha (UB) nurlar yordamida amalga oshiriladi, masalan, sentrifuga probirkalar, ular termolabil plastmassadan qilinadi. Laboratoriya bokslari, operatsiya xonalari UB nurlar yordamida sterillanadi. Bunda maxsus kvars chiroqlaridan foydalaniladi ,eng samarali nurning to`lqin uzunligi 260 nm. UB nurlar berish vaqti tajriba asosida belgilanadi. Gamma nurlar ham sterillashda samaralidir. Nurlanish universal kobalt qurilmasida amalga oshiriladi.
3) Gazli sterillash. Ular turli gaz aralashmasi yordamida maxsus germetik yopiladigan apparatlarda olib boriladi. Eng samarali aralashma etilen oksidi va metil bromiddir (OB aralashmasi). Og`irligi 1:1, 44 nisbatda bo`ladi. Ko`p vaqtlarda gazli sterillash yuqori haroratda (45-700S gacha) 24 soat davomida olib boriladi. Bunda gazning konsentratsiyasi, bosimi, namlik, harorat, davomiylik nazorat ostida bo`ladi. Sterillanish tamom bo`lgandan so`ng gaz kameradan chiqariladi va tozalangan havo bilan to`ldiriladi. Gaz yordamida sterillangan buyumlar 24 soatdan keyin ishlatilishi mumkin.
4) Dezinfeksiya. Sterillash usullaridan tashqari, dezinfeksiyadan ham foydalaniladi. Bunda kassalik tug`diruvchi mikroorganizmlar, spora hosil qilmaydigan ko`pgina patogen mikroorganizmlar zararsiz holga keltiriladi. Odam yoki xona va kiyim dezinfeksiya qilinadi. Dezinfeksiyada har xil kimyoviy moddalar, uchuvchan va uchmaydigan - lizol, fenol, formaldegid, xloroform, xloramin, spirt, vodorod peroksid, kaliy permanganat va boshqalar ishlatiladi.