3.3. Aktinomitsetlar va ularga yaqin organizmlar Bu guruhga korineform bakteriyalar, mikobakteriyalar, aktinomitsetlar va boshqa mikroorganizmlar kiradi.
Korineform bakteriyalar qiyshaygan yoki kuchsiz shoxlangan, sharsimon shaklga o`ta oladigan
mikroorganizmlarni yig`ma guruhidan iboratdir. Korineform bakteriyalar, odatda harakatsiz bo`ladi. Bu guruhga
Arthrobacter (arthros - bo`g`im) avlodi bakteriyalari kiradi. Artrobakteriyalar tuproq biotalarining katta qismini
tashkil qiladi, hamda o`simliklarda, suv tozalash inshootlarining faol balchiqlarida yashaydi.
Artrobakteriyalarni yosh hujayralari tayoqchasimon bo`lib, bo`linganda keskin o`tkir burchak hosil qilib
bukiladi va "qisqichlarsimon" komplekslar hosil qiladi. Vaqt o`tishi bilan hujayralar qisqaradi, shar shaklini oladi.
Yangi oziqa muhitida kokklar yana tayoqchasimon shaklli hujayralarga aylanadi. Ba'zi turlari shoxlanishga moyil
bo`lib, mitseliy hosil bo`lishini boshlang`ich davrini eslatadi.
Mikobakteriyalar haqiqiy mitseliy hosil qilmaydigan bir hujayrali organizmlardir. Yosh hujayralari
shoxlangan yoki burchaksimon bo`lib vaqt o`tishi bilan kokksimon yoki tuxumsimon hosilalarga bo`linadi.
Mikobakteriyalar faol harakat namoyon qilmaydilar. Koloniyalari pastasimon, yumshoq, ko`pincha qizil, olovrang,
sariq, yashil, qo`ng`ir va qora rangga bo`yalgan bo`ladi. Mikobakteriyalar orasida odamlarda (sil, moxxov
kasalliklarini yuqtiruvchi) va o`simliklarda (pomidor rakini yuqtiruvchi) kasallik yuqtiruvchi vakillari mavjuddir.
Aktinomitsetlar - (lotincha actis - nur, myces - zamburug`) nurli zamburug`lar ko`pgina vakillarini o`z ichiga
oladi. Bular bir hujayrali bo`lib, hujayralari shoxlanib mitseliy hosil qiladi. Shuning uchun ham tashqi ko`rinishidan
zamburug`lar bilan o`xshash bo`ladi. Mitseliy iplarining, giflarning diametri 0,5-0,8 mkm.
Aktinomitsetlarning mitseliylari differentsiallashgandir: bir qismi substratda joylashgan bo`lib, unga substrat