3.2. Sharsimon bakteriyalar Sharsimon bakteriyalar kokklar (coccus - yunoncha so`z bo`lib, don yoki sharcha degani). Kokklarning diametrlari
0,5-1 mkm atrofida bo`ladi. Hujayralarning bo`linish tekisligini qandayligiga qarab va bo`lingandan so`ng
hujayralarning bir - biri bilan bog`liqligini saqlanishi va natijada hujayralarning joylanishiga ko`ra quyidagi
morfologik guruhlarga ajratiladi (4 - rasm).
Mikrokokklar hujayralari sferasimon bo`lib, 0,5-3,5 mkm diametrga ega. Ular bo`linganda bir necha tekislikda
bo`linish xususiyatiga ega. Bittadan o`chraydi yoki to`p-to`p bo`lib har xil to`plamlar hosil qiladi. Ular havoda, suvda,
tuproqda, oziq-ovqatlarda va boshqa substratlarda yashaydi. Ularning oralarida ko`pincha rangli, pigmentlilari topiladi.
Diplokokklar (diplos - lotincha ikkilik degani) hujayralari bir tekislikda bo`linadi so`ngra tarqalmaydi, natijada
ikkitadan birlashgan hujayralar hosil bo`ladi. Ular orasida kasal qo`zg`atuvchilari bor: pnevmoniya, gonoreya,
meningit kabi kasalliklar.
Tetrakokklar (tetra - lotincha to`rt so`zidan) to`rt hujayradan tashkil topgan. Bu esa hujayralarning ikki bir-biriga
perpendikular bo`lgan tekislikda bo`linishidan hosil bo`ladi. Tetrakokklarning hamma ma'lum vakillari saprofitlardir.
Streptokokklar (streptus - yunoncha zanjir degani) hujayralarning bir tekislikda bo`linishidan hosil bo`lgan
hujayralar zanjiridir. Hujayralar dumaloq yoki sal cho`zilgan shaklga ega bo`lib, diametri 2 mkm chadir.
Streptokokklar ichida ham saprofitlari, ham kasal qo`zg`atuvchilari (odam va hayvonlarda yiringli yara hosil
qiluvchilari bordir.
Sartsinalar (sarcina - lotincha birlashtiraman degani) 8 va undan ko`p hujayradan kubsimon joylashgan paketlar
hosil qiladi. Uning har bir tomonida 4 tadan hujayra bo`ladi. Bu shakl hujayraning uchta bir-biriga perpendikular
tekislikda bo`linishidan hosil bo`ladi. Hujayralar shakllari sharsimon bo`lib, diametrlari 1,8-3,0 mkm bo`ladi.
Sartsinalarning har xil turlari havoda keng tarqalgandir. Ularning hammasi saprofitlar, patogenlari hali uchratilmagan.